Demografik barqarorlik har qanday mamlakat iqtisodiyotining mustahkam va uzluksiz rivojlanishi uchun asosiy omillardan biri hisoblanadi. Aholi tarkibi va uning o‘sish dinamikasining barqarorligi mehnat resurslarini to‘g‘ri rejalashtirish, ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimlarini samarali tashkil etish, ijtimoiy himoya va pensiya tizimlarini barqaror yuritishga zamin yaratadi.
Shu ma’noda, demografik barqarorlikni ta’minlash nafaqat aholi farovonligini yuksaltirish, balki uzoq muddatli iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlashda ham hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
Bugun Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda BMT Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA) hamkorligida o‘tkazilgan davra suhbatida shu haqda so‘z yuritildi.
Soha mutaxassislari, vazirlik va idoralar vakillari, mahalliy va xorijiy ekspertlar ishtirok etgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi Demografiya, bandlik va turmush darajasini prognoz qilish bo‘limi boshlig‘i Sobir Hayitmuradov, UNFPAning Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha Demografik barqarorlik va siyosat bo‘yicha mintaqaviy maslahatchisi Fabio Losa, UNFPAning O‘zbekistondagi vakolatxona rahbarining o‘rinbosari Matluba Umurzoqova va boshqalar mamlakatimizda demografik barqarorlikni ta’minlash, demografik savodxonlikni oshirish va demografik dividenddan samarali foydalanish uchun strategik yondashuvlarni ishlab chiqish muhim omil ekanini qayd etdi.
Ularning fikriga ko‘ra, demografik o‘zgarishlar va ularning ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarini tahlil qilish, ma’lumotlarga asoslangan siyosat yuritishda statistik salohiyatni kuchaytirish, xalqaro va mintaqaviy ilg‘or tajribalardan foydalanish hamda O‘zbekistonda milliy Demografik barqarorlik strategiyasi loyihasini ishlab chiqish bo‘yicha amaliy ishlarni kuchaytirish asosiy vazifalar hisoblanadi.
Shu sababli, davra suhbatida ishtirokchilar yurtimizda demografik dividend imkoniyatidan foydalanish uchun uzoq muddatli barqaror strategiyani rivojlantirish, statistik axborot va ilmiy tadqiqotlarga tayangan holda qaror qabul qilish mexanizmlarini mustahkamlash, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni kengaytirish orqali texnik yordam va ekspertizani kengroq jalb etish masalalariga alohida to‘xtalib o‘tdi.
UNFPAning Aholishunoslik va rivojlanish bo‘yicha dastur tahlilchisi A’zam Toshpo‘latov ma’ruzasida qayd etilganidek, O‘zbekiston aholisi soni joriy kunda 37,8 million nafarga yetgan bo‘lsa, 2030 yilga kelib 41 millionga, 2050 yilga borib esa 51 milliongacha ortishi kutilmoqda. Ayni paytda aholi ko‘payish sur’ati 2,2 foizni tashkil etib, bu ko‘rsatkich jahon o‘rtachasidan ikki barobar yuqori. Eng jadal o‘sish Surxondaryo, Qashqadaryo, Samarqand, Jizzax viloyatlari hamda Toshkent shahrida ro‘y berishi prognoz qilinmoqda. Shuningdek, Farg‘ona vodiysida aholi soni tez sur’atda oshishi davom etishi kutilyapti. Eng sekin o‘sish esa Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent va Buxoro viloyatlarida kuzatilishi mumkin.
– Har qanday jamiyatning asosiy boyligi - bu inson resursidir. Barcha dasturlar va strategiyalar, avvalo, inson manfaatlari uchun ishlab chiqiladi. Har qanday davlatning mustahkamligi va barqarorligi, dastavval, uning aholisi soni va salohiyati bilan belgilanadi. Shu nuqtai nazardan kelib chiqib aytish mumkinki, bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi aholisi soni qariyb 38 million kishiga yetdi. Bu ko‘rsatkich bilan mamlakatimiz dunyodagi 234 ta davlat orasida 43-o‘rinni egallamoqda. Xalqaro tahlillarga ko‘ra, hozirgi kunda 52 ta mamlakatda aholi soni o‘sish tendensiyasini namoyon etmoqda, 58 ta davlatda esa aksincha kamayish qayd etilmoqda.
Shu paytgacha dunyoda aholi soni bo‘yicha yetakchi o‘rinni Xitoy egallab kelgan bo‘lsa, hozirgi kunda bu o‘rin Hindistonga o‘tdi. Bunga sabablardan biri sifatida 1980 yillarda Xitoy tomonidan joriy etilgan "bir oila - bir farzand" siyosati aytiladi. Bu strategiya demografik o‘sishni cheklashga qaratilgan bo‘lib, ayni paytda aholi sonining kamayishiga olib kelgan. Aholi sonidagi o‘sish yoki kamayish har qanday jamiyat uchun o‘ziga xos xatarlar va imkoniyatlarni keltirib chiqaradi. Lekin aholining o‘sishi mamlakat iqtisodiyoti o‘sishiga xizmat qilishi mumkin. Masalan, hozirgi kunda O‘zbekistonda yalpi ichki mahsulot (YAIM) o‘sishi 5-6 foizni tashkil etmoqda. Shu bilan birga, aholi soni yillik 2 foiz atrofida ko‘paymoqda.
Agar bu jarayonni Yaponiya misolida taqqoslaydigan bo‘lsak, mazkur mamlakatda aholi soni kamayishi natijasida iqtisodiy o‘sish deyarli to‘xtab qolgan. Xususan, ularda YAIM o‘sishi 0,1 foiz atrofida. Shuning uchun ham biz aholi sonidagi o‘sishdan samarali foydalanib, uni ijobiy natijalarga aylantirishimiz mumkin. “O‘zbekiston - 2030” strategiyasida ana shunday masalalarga keng o‘rin berilgan va bu yo‘nalishdagi ishlar ko‘lamini yanada kengaytirish maqsad qilingan, – dedi Sobir Hayitmuradov.
UNFPAning Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha Demografik barqarorlik va siyosat bo‘yicha mintaqaviy maslahatchisi Fabio Losa qayd etganidek, O‘zbekiston bu yo‘nalishda katta imkoniyatlarga ega mamlakat hisoblanadi. Chunki aholining yosh tarkibi mehnat bozoriga kirib kelayotgan yoshlar sonining ortishiga olib kelmoqda.
– Bu holat "demografik dividend" deb ataladigan muhim imkoniyatni yaratadi. Agar mamlakat yosh avlodni tayyorlab, ularni zarur ko‘nikma va malakalar bilan ta’minlay olsa, shuningdek, ular uchun ish o‘rinlari yaratilsa, iqtisodiy o‘sish jadallashadi va bu barcha aholi qatlamlari uchun foyda keltiradi. Ba’zi mamlakatlar qarish va qishloq aholisining kamayishiga duch kelayotgan bir paytda, O‘zbekistondagi bugungi vaziyat demografik dividenddan foydalanish uchun qulay sharoit yaratmoqda. Bu demografik o‘zgarishlar global tendensiya sifatida ko‘plab sohalarga ta’sir ko‘rsatadi.
Shuning uchun biz bugun barcha vazirliklar vakillari bilan birga yig‘ildik. Negaki, bu faqat demografiyaga oid masala emas, balki iqtisodiy siyosat, ijtimoiy xizmatlar, infratuzilma va boshqa ko‘plab sohalarni qamrab oladigan murakkab masaladir. Yangi demografik barqarorlik strategiyasi barcha vazirlik va idoralarning hamkorligida amalga oshirilishi lozim, chunki aynan mana shunday yondashuv orqali demografik o‘zgarishlarga munosib javob berish va demografik dividenddan samarali foydalanish mumkin bo‘ladi. Bu esa mamlakatning bugungi va kelajak avlodlari farovonligi uchun xizmat qiladi, – dedi Fabio Losa.
Davra suhbati davomida mutaxassislar mavzu yuzasidan kelgusi hamkorlikni yanada mustahkamlashga kelishib oldi.
Nasiba Ziyodullayeva, Oybek Pardayev (surat), O‘zA
- Qo'shildi: 06.08.2025
- Ko'rishlar: 146
- Chop etish