Yangi O‘zbekistondagi barcha yangilanish va o‘zgarishlar, avvalo, xalqimiz manfaatlari yo‘lida, fuqarolarimizning xohish-istaklarini inobatga olgan holda, uning istiqbolini ko‘zlab amalga oshirilmoqda.
Mamlakatimizda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan muqaddas islom dinining an’ana va qadriyatlarini asrab-avaylash, haqiqiy e’tiqod bilan soxta diniy qarashlar o‘rtasini aniq ajratish, yoshlarning yot g‘oyalar ta’siriga tushmasligi choralarini ko‘rish masalasiga alohida e’tibor qaratilib, bu borada oqilona islohotlar olib borilmoqda.
2024 yilning 2 dekabr kuni Buyuk Britaniyaning Kembrij universitetida O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlarga bag‘ishlab o‘tkazilgan taqdimotda dunyoning yetakchi olimlari O‘zbekiston Prezidenti tomonidan diniy bag‘rikenglikni ta’minlash sohasida amalga oshirilayotgan puxta siyosat tahsinga loyiq ekani, Markaziy Osiyodagi barqarorlikka katta ijobiy ta’sir ko‘rsatayotganini e’tirof etganlarini ham yuqoridagi fikrlarning dalili sifatida qayd etish mumkin.
Afsuski, dunyoning ayrim o‘lkalarida ijtimoiy, xususan, diniy sohada amalga oshirilgan no‘noq siyosat oqibatida xalq bilan hukumat o‘rtasida kelishmovchiliklar chiqishi, etnokonfessional ziddiyatlar kuchayishiga sabab bo‘lmoqda. Bu esa butun dunyodagi xavfsizlik va barqarorlikka jiddiy xavf tug‘diradigan omil bo‘lib, barchamizdan ogohlik va hushyorlikni yanada oshirish, jarayonlardan to‘g‘ri xulosa chiqarib ish ko‘rishni talab qiladi.
Yurtimizda“Inson qadri uchun” degan hayotiy tamoyilga asoslanib olib borilayotgan islohotlar ko‘p millatli xalqimizning faol qo‘lloviga erishmoqda. Bunday oqilona tadbirlarning ijobiy samarasini diniy sohada ayniqsa, yaqqol ko‘rish, his qilish mumkin. Yurtdoshlarimiz vijdon erkinligini ta’minlash, emin-erkin ibodat qilish uchun yaratilgan sharoitlardan rozi ekanliklarini har qadamda izhor etmoqdalar. Raqamlarga e’tibor qaratsak, o‘tgan yetti yilda 91 ta masjid davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan bo‘lsa, noislomiy jamoalarning 23 ta yangi diniy tashkiloti faoliyat boshladi.
Shu o‘rinda, Yangi O‘zbekistonda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish hamda diniy vaziyat barqarorligini ta’minlash borasida erishilayotgan muvaffaqiyatning asosiy omili nimada, degan savol ekspert va ilmiy doira vakillarini qiziqtirishi tabiiy.
O‘zbekistonda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan diniy-ma’rifiy islohotlarning amaliy jihatlarini quyidagilarda ko‘rish mumkin:
Vijdon erkinligining mustahkam huquqiy asosi
Yangi O‘zbekistonda fuqarolarning vijdon erkinligi huquqini ta’minlashning normativ-huquqiy asoslari to‘liq yangilandi. 2023 yilda yangi tahrirda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida mamlakat dunyoviy davlat ekani, inson huquqlari va erkinliklari, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiqligi e’lon qilindi. Shuningdek, 2021 yilda “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonun yangi tahrirda qabul qilinib, diniy tashkilotlarning emin-erkin faoliyat yuritishining qonuniy asoslari kafolatlandi. 2017 yildan shu vaqtga qadar diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tartibga solishga oid 3 ta qonun, Prezidentning 36 ta farmon, qaror va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining 19 ta qarori qabul qilindi.
Shu o‘rinda qayd etish kerakki, diniy-ma’rifiy soha o‘ta hassos va murakkab bo‘lib, ushbu yo‘nalishdagi har qanday qaror uzoqni o‘ylab, xalqimiz ta’biri bilan aytganda, yetti o‘lchab bir kesish tamoyili asosida qabul qilinmoqda. Ayni vaqtda, xalqning uzoq yillik tarixiy tajribasi, e’tiqodiy o‘ziga xosligi, istiqboldagi orzu-intilishlarini inobatga olmagan chora-tadbirlar hech qanday naf keltirmasligini o‘tgan yillar tajribasi ko‘p bora isbotlab bergan. Shu nuqtai nazardan, davlatimiz rahbarining diniy sohada qabul qilinadigan har qanday normativ-huquqiy hujjatni shoshma-shosharlikka berilmasdan, xalqimiz manfaatlaridan kelib chiqib qabul qilish bo‘yicha tashabbuslarini oqilona tadbir sifatida baholash mumkin.
Diniy sohada barqaror siyosatning tayyor modelini chetdan import qilib bo‘lmaydi. Albatta, bu borada xalqaro tajriba muhim ahamiyatga ega. Lekin har qanday tajriba milliy-diniy qadriyatlarimizni hurmat qiladigan, O‘zbekistonning ko‘p millatli va ko‘p konfessiyali sharoitini hisobga oladigan, eng asosiysi, milliy manfaatlarimizga mos bo‘lishi lozim.
Global xalqaro tashabbuslar dunyo e’tiborida
O‘zbekiston Prezidenti xalqaro maydonda islomning ezgulik, ilm-ma’rifat va bag‘rikenglikka asoslangan ta’limotini ochib berish, ekstremizm, terrorizm va islomofobiyaga qarshi kurashishga qaratilgan global g‘oya va tashabbuslarni ilgari surmoqda.
Jumladan, 2016 yilning 18 oktyabrida Toshkentda Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashi 43-sessiyasi yig‘ilishida davlatimiz rahbari tomonidan Samarqandda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziни tashkil etish taklifi bildirildi.
O‘zbekiston Prezidenti 2017 yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ishtirok etib, xalqaro maydonda islom diniga nisbatan kuzatilayotgan bir yoqlama salbiy munosabatga nisbatan o‘zining qat’iy pozitsiyasini muxtasar ifoda qilib, jumladan, shunday dedi: “Biz muqaddas dinimizni zo‘ravonlik va qon to‘kish bilan bir qatorga qo‘yadiganlarni qat’iy qoralaymiz va ular bilan hech qachon murosa qila olmaymiz. Islom dini bizni ezgulik va tinchlikka, asl insoniy fazilatlarni asrab-avaylashga da’vat etadi”.
Birlashgan Millatlar Tashkilotida O‘zbekiston rahbari jahon hamjamiyatiga O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziни tashkil etish loyihasi haqida so‘zladi. Darhaqiqat, Islom sivilizatsiyasi markazi o‘z g‘oyasi va ahamiyatiga ko‘ra betakror loyiha bo‘lib, islom dinining ilmiy-ma’naviy boyligi, bunyodkorlik salohiyatini namoyish etishga qaratilgan.
Shuningdek, O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi yalpi majlisida “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik to‘g‘risida”gi maxsus rezolyutsiya qabul qilindi. Rezolyutsiya bag‘rikenglik va o‘zaro hurmatni qaror toptirish, diniy erkinlikni ta’minlash, e’tiqod qiluvchilarning huquqlarini himoya qilishga qaratilgan. Ushbu tashabbus Birlashgan Millatlar Tashkilotiga a’zo 100 dan ortiq davlatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
Ta’limga asoslangan islohotning poydevori mustahkam bo‘ladi
Bugungi murakkab va tahlikali davrda zamonaviy tahdidlarga qarshi tura oladigan, chuqur bilim va keng dunyoqarashga ega mutaxassislarni tayyorlash vazifasi dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Ana shu maqsadda O‘zbekistonda diniy ta’lim muassasalari faoliyatini tubdan takomillashtirishga e’tibor qaratilmoqda. 2018 yilda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi ta’sis etildi. Akademiya islomshunoslik, dinshunoslik, manbashunoslik sohalarida kadrlar tayyorlovchi respublikadagi tayanch ta’lim muassasasi hisoblanadi.
Yana bir jihat, O‘zbekistonda imom-xatiblarning bilim va kasbiy malakasini oshirishga alohida e’tibor berilmoqda. Shu maqsadda, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining Malaka oshirish markazi va uning 4 ta hududiy filiali faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Unda har yili yuzlab imom-xatiblar bugungi voqelik talablaridan kelib chiqib, bilim va ko‘nikmalarini oshirmoqdalar.
Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Dorimiydek buyuk ajdodlarimiz asos solgan hadis maktablari faoliyatini qayta tiklash va rivojlantirish, ular qoldirgan boy ilmiy merosni o‘rganish maqsadida Samarqandda Hadis ilmi maktabi tashkil etildi.
Buxoro viloyatidagi mashhur diniy ta’lim muassasasining musulmon dunyosidagi o‘rni va nufuzi, diniy xodimlar tayyorlashdagi ahamiyatini e’tiborga olib, Mir Arab oliy madrasasi tashkil etildi. Qayd etish kerakki, Mir Arab madrasasi o‘z faoliyati davomida nafaqat mamlakatimiz, balki Markaziy Osiyo davlatlari uchun ham diniy va dunyoviy bilimlarni puxta o‘zlashtirgan kadrlarni yetishtirib bergan. Bugun Rossiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston kabi davlatlardagi nufuzli ulamolar, din arboblari aynan Mir Arab madrasasining bitiruvchilari hisoblanadi.
Shuningdek, qadimiy Termiz zaminida buyuk muhaddis Imom Termiziy nomi bilan ataladigan yangi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, institut va diniy ta’lim muassasasi faoliyat boshladi. Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan Imom Termiziy, Hakim Termiziy va boshqa Termiziy allomalarning 30 dan ziyod asari o‘zbek tiliga tarjima qilinib, chop etildi.
Musulmonlar e’tiqodini to‘g‘rilovchi, ularni hidoyatga boshlovchi degan ulug‘ sharafga muyassar bo‘lgan ajdodimiz, alloma Imom Moturidiy ilmiy merosining bugungi kundagi dolzarb ahamiyatini e’tiborga olib, 2020 yilda Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashkil qilindi. Hozirga qadar Markaz tomonidan buyuk ajdodimiz qalamiga mansub “Ta’vilot al-Qur’on”, “Kitob at-tavhid” asarlari o‘zbek tiliga tarjima qilindi.
Ta’kidlash kerakki, ushbu markazlar xalqimiz va musulmon ummatiga islom dinining asl ta’limotlarini yetkazishga xizmat qilmoqda. Yoshlarimizning yot oqimlar ta’siriga tushishining oldini olish, ularni ilm-fanga rag‘batlantirish, yuksak axloqiy qadriyatlar asosida tarbiyalashda “Jaholatga qarshi ma’rifat” ezgu g‘oyasi asosida faoliyat yurituvchi ushbu muassasalar muhim ahamiyatga ega.
Diniy sohaga yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlik namunasi
O‘zbekistonda diniy soha xodimlari, jumladan, imom-xatiblarning jamiyatda ahillik va barqarorlikni mustahkamlashdagi o‘rniga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ziyoratgohlar, masjidlar, diniy ta’lim muassasalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Vaqf” xayriya jamoat fondi tashkil etildi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan dinu diyonatimiz, ulug‘ allomalarimizga hurmat ramzi sifatida 500 dan ortiq masjid va madrasalar, tabarruk ziyoratgohlar ta’mirlandi. Xususan, Toshkent shahrida “Imom Termiziy”, “Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf”, “Suzuk ota”, Qarshi tumanida “Abu Muin Nasafiy” masjid-majmualari, Namanganda Sulton Uvays Qaraniy ziyoratgohi, Buxoroda Bahouddin Naqshband va yetti pir ziyoratgohlari kabi ko‘plab tabarruk manzillarda keng ko‘lamli qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirildi.
Xuddi shunday bunyodkorlik ishlari Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasida ham jadal davom etmoqda. Muhaddislar imomining qabri joylashgan ushbu go‘zal majmua 2025 yilda foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan. Hech shubhasiz, ushbu tabarruk makon dunyo musulmonlarining e’zozi, e’tibori va ehtiromidagi tashrif manziliga aylanadi.
Bunday bunyodkorlik ishlaridan ko‘zlangan asosiy maqsad buyuk o‘tmishni hozirgi kun bilan bog‘lash orqali xalqimizning ma’naviy salohiyatini oshirish hisoblanadi.
Buyuk tarix – ma’naviy taraqqiyot poydevori
Movarounnahr – hozirgi O‘zbekiston ilm-fan va madaniyatning tarixiy markazlaridan biri bo‘lgan. Muhammad Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Ahmad Farg‘oniy, Ibn Sino, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Mahmud Zamaxshariy, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy kabi allomalar, buyuk mutafakkirlar o‘z davrida Sharqda birinchi va ikkinchi renessans davrini boshlab bergan.
Ushbu sohadagi islohotlarning yana bir muhim maqsadi – O‘zbekistonning insoniyat sivilizatsiyasiga qo‘shgan buyuk hissasini targ‘ib qilish orqali yoshlarni ma’rifatga rag‘batlantirish, innovatsion rivojlanishning boy milliy merosga asoslangan yangi taraqqiyotiga yo‘l ochish hisoblanadi.
Ta’kidlash kerakki, bugungi kunda musulmon dunyosining o‘zaro hamkorligini kuchaytirish, oldimizda turgan muammolarga yechim topish va islom ummatining birdamligini mustahkamlashda musulmon mamlakatlarining imkoniyat va salohiyatini safarbar etish g‘oyat muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shu ma’noda, O‘zbekistondagi ilmiy-tadqiqot markazlari tomonidan dunyoning yetakchi islomshunoslik markazlari bilan hamkorlikda buyuk allomalarimizning ilmiy merosiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyalar o‘tkazilmoqda. O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan 2018 yilda Abduxoliq G‘ijduvoniy va Bahouddin Naqshband, 2020 yilda Imom Moturidiy, 2024 yilda Imom Termiziy ilmiy merosiga bag‘ishlangan xalqaro anjumanlarda jahonning 100 dan ziyod nufuzli ulamolari, ilmiy doira vakillari ishtirok etdi.
Shuningdek, O‘zbekiston Prezidenti tomonidan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida ilgari surilgan tashabbus doirasida 2024 yil Toshkent va Xiva shaharlarida “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusidagi xalqaro konferensiya o‘tkazildi. Dunyoning 22 ta mamlakatidan 70 dan ortiq din arboblari, muftiylar va taniqli ulamolar ishtirok etgan ushbu nufuzli anjumanda dunyoda tinchlik o‘rnatish, urush va mojarolarni tinch yo‘l bilan hal etish zarurati ta’kidlandi, diniy bag‘rikenglikni ta’minlash bo‘yicha O‘zbekiston tajribasi namuna sifatida ko‘rsatildi.
Dushman emas, do‘st tutish siyosati
Barchamizga ma’lumki, so‘nggi yillarda turli yot oqimlar ta’siriga berilib, qilgan ishidan pushaymon bo‘lgan fuqarolarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, hayotda o‘z o‘rnini topishiga yordam berilmoqda. Qilgan xatosini anglab yetgan va tuzalish yo‘liga kirgan shaxslarning oilasi bag‘riga, tinch hayotga qaytishiga imkoniyat yaratildi.
O‘zbekiston rahbarining kechirimlilik va yuksak insonparvarlik siyosatining amaldagi in’ikosini Suriya va Iroqdan yurtimizga qaytarilgan fuqarolarimiz misolida ham anglab yetish mumkin. “Mehr” nomli maxsus operatsiyalar amalga oshirilib, 500 nafarga yaqin ayollar hamda bolalar urush o‘choqlaridan O‘zbekistonga qaytarildi.
Amalga oshirilgan bu ishlar jamiyatda radikalizm va ekstremizmning oldini olish, xalqimiz, xususan, yoshlarimizning islomning bunyodkorlik, ilm-ma’rifat va asl insoniylikka yo‘g‘rilgan ta’limotini to‘g‘ri anglab, unga to‘g‘ri amal qilishiga erishishda g‘oyat muhim o‘rin egalladi.
Shu o‘rinda alohida ta’kidlash lozimki, odamlarning bilimi, dunyoqarashini oshirmay turib, barqaror ma’naviy muhitni ta’minlash amrimaholdir. Binobarin, ekstremistik va terrorchi tashkilotlarning faoliyat uslubiga e’tibor berilsa, ular asosan jamiyatning zaif ijtimoiy qatlamlari, bilim saviyasi past, tanqidiy fikrlash salohiyatiga ega bo‘lmagan toifadagi shaxslar bilan ishlashga diqqat qaratishi ayon bo‘ladi.
Shu bois, davlatimiz rahbari tomonidan ta’lim tizimiga katta e’tibor qaratilishi, ayniqsa, maktab ta’limini rivojlantirish, yoshlarni mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasb-hunarlarga o‘rgatish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar, mohiyat e’tiboriga ko‘ra, uzoqni ko‘zlagan, strategik ahamiyatga ega buyuk maqsadlardan biri ekanini ko‘rish mumkin. Bugungi kunda yurtimizda mazkur sohada erishilayotgan yutuq va muvaffaqiyatlar xalqaro miqyosda nufuzli ekspertlar tomonidan alohida e’tirof etilayotganini ham ta’kidlash o‘rinlidir.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, O‘zbekistonda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar fuqarolarning vijdon erkinligi huquqini ta’minlash, yoshlarni yot g‘oyalar ta’siridan himoya qilish, din asoslarini chuqur tushunadigan malakali kadrlar tayyorlashga zamin yaratib, jamiyatda tinchlik-osoyishtalikni ta’minlash, ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini saqlashga xizmat qilmoqda.
Shahzod Islomov,
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD).
O‘zA
- Qo'shildi: 25.02.2025
- Ko'rishlar: 976
- Chop etish