Islom hamkorlik tashkiloti axborot agentliklari ittifoqi UNA-OIC xabar berishicha, Qatar poytaxti Doha shahrida Xalqaro Islom fiqhi akademiyasi (IIFA) konferensiyasining 26-sessiyasi ish boshladi. Besh kun davom etadigan tadbirni Vaqflar va islom ishlari vaziri G‘anim bin Shahin bin G‘anim Al-G‘anim ochib berdi.
IHT Bosh kotibi Husayn Ibrohim Toha akademiyaning jamoaviy ijtihodni mustahkamlashdagi alohida o‘rnini ta’kidlab, jamiyatdagi muammolarni hal qilishda fiqhiy hamkorlik ham muhimligiga urg‘u berdi.
Akademiya Bosh kotibi professor Qutb Mustafo Sano sessiyalar uchun tanlangan mavzularga to‘xtaldi. Voqelikka, inson va jamiyat hayotiga chuqur ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan sun’iy intellekt, elektron o‘yinlar bo‘yicha hukm va nazorat, shariatda psixologik va ruhiy kasalliklarning huquq layoqatiga ta’siri, islom moliya institutlarida shariat boshqaruvi kabi dolzarb masalalar muhokama etilib, munozaralar kechishi ta’kidlandi.

Konferensiyada dunyoning 60 davlatidan kelgan 230 ga yaqin olim va ekspert o‘z tadqiqot ishlari bilan qatnashmoqda.
Shuningdek, sessiya davomida IHTga a’zo davlatlar va butun dunyo musulmonlarini qiziqtirgan zamonaviy huquqshunoslikka oid, intellektual, tibbiy, ijtimoiy va iqtisodiy mavzular ham ko‘tariladi. Xususan, bola parvarishida yuzaga kelayotgan muammolar, sun’iy intellektdan foydalanish tartib-qoidasi, etikasi, uchinchi shaxsdan olingan qarzning ko‘payishi va to‘lanishi bo‘yicha Islom hukmi, kafillik xati va hujjatli akkreditiv uchun haq olish hukmi singari ko‘pchilikni qiziqtiradigan mavzular mutaxassislar diqqati markazida bo‘ladi.
Xalqaro islom fiqhi akademiyasi kengashi qaror qabul qiluvchilar, yetakchilar va mutafakkirlarga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatishga ko‘maklashadigan tavsiyalar ishlab chiqadi. Asliyat va innovatsiyani mujassamlashtirgan intizomli ilmiy yondashuv doirasida zamonaviy muammolarni hal qilish bo‘yicha jamoaviy institutsional ijtihod ahamiyatini ta’kidlaydi.
Muharrama Pirmatova, O‘zA
- Qo'shildi: 06.05.2025
- Ko'rishlar: 72
- Chop etish