Sayt xaritasi 00:00:00
Maslahat telefoni+998 71 239 13 58
Bizning manzilIslom Karimov ko'chasi 15 uy
Yangiliklar

Dunyo parlamentariylari: sun’iy intellekt bolalar huquqlariga xizmat qilishi kerak

Tanzaniyaning Arusha shahrida Parlamentlararo ittifoqning 153-assambleyasi doirasidagi tadbirlar davom etmoqda.

Nufuzli anjumanda O‘zbekiston delegatsiyasi inson huquqlarini himoya qilish, ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlash, yangi texnologiyalardan mas’uliyat bilan foydalanish hamda iqlim o‘zgarishiga bardoshli oziq-ovqat siyosatini rivojlantirish kabi muhim yo‘nalishlardagi muhokamalarda ishtirok etdi.

Assambleya doirasida o‘tkazilgan «Bolalar huquqlariga xizmat qiluvchi sun’iy intellektni rivojlantirish» mavzusidagi seminarda raqamli texnologiyalarning bolalar hayotiga ta’siri, ularning huquqlari va xavfsizligini ta’minlash masalalari muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, sun’iy intellekt bolalar uchun yangi imkoniyatlar yaratish bilan birga, shaxsiy ma’lumotlar daxlsizligi, zararli kontent, raqamli kuzatuv va soxta tasvirlar tarqalishi kabi xavflarni ham yuzaga keltirmoqda.

Seminarda ma’ruza bilan ishtirok etgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Abdulhakim Eshmurodov UNICEF ma’lumotlariga ko‘ra, bolalar sun’iy intellekt texnologiyalarini kattalarga nisbatan uch baravar tez o‘zlashtirayotganini qayd etdi.

U sun’iy intellekt davrida bolalar huquqlarini himoya qilish dunyo parlamentlari oldidagi muhim vazifalardan biri ekanini ta’kidlab, «Biz bolalarni sun’iy intellektdan foydalanishga tayyorlayapmizmi yoki sun’iy intellektni bolalar huquqlariga xizmat qilishga tayyorlayapmizmi?» degan savolni o‘rtaga tashladi.

Ma’ruzada O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida sun’iy intellektni rivojlantirishning huquqiy asoslari shakllantirilayotgani, 2024-yilda tegishli strategiya qabul qilinib, 2026-yildan sun’iy intellektga oid axloqiy qoidalar kuchga kirgani qayd etildi.

Bolalar uchun mo‘ljallangan sun’iy intellekt tizimlari ularning tili, madaniy muhiti va yosh xususiyatlarini hisobga olishi, shaxsiy ma’lumotlari va raqamli izlari ishonchli himoya qilinishi zarurligi ta’kidlandi.

A.Eshmurodov bolalar huquqlarini ta’minlash bo‘yicha uchta muhim yo‘nalishni ilgari surdi. Xususan, sun’iy intellekt tizimlarini joriy etishdan oldin ularning bolalar xavfsizligiga ta’sirini baholash, shaxsiy ma’lumotlardan foydalanishning huquqiy kafolatlarini mustahkamlash hamda sun’iy intellekt yordamida yaratilgan zararli kontent va soxta tasvirlarni tezkor aniqlash va bartaraf etish mexanizmlarini kuchaytirish taklif qilindi.

Seminarda texnologik kompaniyalarga nisbatan bolalar uchun ehtimoliy xavflarni oldindan aniqlash va bartaraf etishga qaratilgan «raqamli g‘amxo‘rlik burchi» (digital duty of care) talabini joriy etish masalasi ham ko‘rib chiqildi.

Ijtimoiy tarmoqlarning bolalar ruhiy salomatligiga ta’siri, kiberbulling, raqamli qaramlik xavfi, ta’limda sun’iy intellektdan foydalanishning afzalliklari va ehtimoliy salbiy oqibatlari muhokama qilinib, sun’iy intellekt savodxonligini ta’lim dasturlariga kiritish tavsiya etildi.

Tadbir ishtirokchilari sun’iy intellektni rivojlantirishda bola huquqlari va manfaatlari ustuvor bo‘lishi, texnologiyalar esa ularning xavfsizligi, bilim olishi va imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilishi lozimligini qat’iy ta’kidladi va bu yo‘nalishda amaliy ishlar sari qadam qo‘yilishi bildirildi.

                                                   Norgul Abduraimova, O‘zA

Nashr sanasi 09.10.2026 Ko'rishlar 304
Ulashish