Dunyoni go‘zallik qutqaradi

2021 yil 10 noyabr kuni Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida Fyodor Dostoevskiy tavalludining 200 yilligiga bag‘ishlangan “Dunyoni go‘zallik qutqaradi” nomli ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, ShHT – Xalq diplomatiyasi markazi hamda Toshkent shahridagi Rossiya fan va madaniyat markazi tomonidan tashkil etilgan adabiy anjumanda Dostoevskiy asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan tarjimonlar, adabiyotshunoslar, olimlar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Ma’rifiy anjumanni Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov olib bordi.

O‘zbekiston Qahramoni, taniqli tarjimon va adabiyotshunos olim Ibrohim G‘afurov, Toshkent shahridagi Rossiya fan va madaniyat markazi rahbari Mixail Vojdaev, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari, shoir G‘ayrat Majid, ShHT – Xalq diplomatiyasi markazi direktori Qobiljon Sobirov, “Yangi asr avlodi” nashriyot-matbaa markazi direktori, yozuvchi Erkin Abdurahmonov, shoir Shukur Qurbon va boshqalar so‘zga chiqdi.

So‘nggi yillarda xalqimizni rus adabiyotining bebaho adabiy xazinalaridan bahramand etish maqsadida salmoqli ishlar amalga oshirildi. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan 2019-2021 yillarda “Rus adabiyoti durdonalari” turkumida 100 jildli kitoblar nashr etildi. Ular orasida dunyo tan olgan buyuk adib Fyodor Dostoevskiyning “Jinoyat va jazo”, “Telba”, “Qimorboz”, “Iblislar”, “Aka-uka Karamazovlar” kabi nodir asarlari ham bor. Ushbu asarlar kitobxon dunyoqarashini oshirishi, uning ma’naviyatini yuksaltirishi bilan nihoyatda ahamiyatlidir.

Anjuman doirasida 2021 yilda “Yangi asr avlodi” nashriyotida chop etilgan “Hayotiy hikmatlar va tanbehlar” asarining taqdimot marosimi ham bo‘lib o‘tdi.

Akademik A.X.Saidov tomonidan nashrga tayyorlangan ushbu kitobda ulug‘ rus adibi va mutafakkiri Fyodor Dostoevskiy ijodidagi «Buyuk besh kitob» deya e’tirof etiladigan turkumga kiruvchi «Jinoyat va jazo», «Telba», «Qimorboz», «Iblislar», «Aka-uka Karamazovlar», shuningdek, yozuvchi qalamiga mansub yana qator asarlardan saralab olingan hayotiy hikmatlar va tanbehlar jamlangan.

Pand-nasihat va tanbeh, favqulodda o‘xshatish va noodatiy yondashuv ruhidagi ushbu hikmatlar zukko kitobxonni bee’tibor qoldirmaydi, dengizdan tomchi misol kitobxon qalbiga kirib borib, uni kelgusida adib asarlarini to‘liq holda mutolaa qilishga undaydi.

Kitobda jahon adabiyotining yorqin vakili Fyodor Dostoevskiy hayoti va ijodi to‘g‘risida ham batafsil ma’lumot berilgan.

Fyodor Dostoevskiy 1821 yil 30 oktyabrda Moskva shahrida dvoryan oilasida tavallud topgan. U adabiyot olamiga XIX asrning qirqinchi yillarida kirib kelgan. Ilk yirik asari “Kambag‘allar” romani 1846-yilda nashr etilgan. Roman katta shov-shuvlarga sabab bo‘lgan. Adabiyotshunoslar, “Rus adabiyotida yangi Gogol tug‘ildi!”, deya yozuvchiga ta’rif berishgan. Mashhur adabiy tanqidchi V.G.Belinskiy, “Ushbu roman rus hayotining shu paytgacha hech kimning hatto tushiga kirmagan sir-asrorlari, fe’l-atvori va tabiatini ochib berdi”, – deya asarni yuqori baholagan.

1850 yilgacha uning “Uy bekasi” (1847), “Ojiz yurak” (1848), “Oydin tunlar” (1848) qissalari, “Peterburg yilnomalari” (1847) ocherki, “To‘qqiz maktubdagi roman” (1847), “Janob Proxarchin” (1846), “Polzunkov” (1848), “Halol o‘g‘ri” (1848), “Archa va nikoh” (1848) kabi hikoyalari chop etilgan.

Shundan so‘ng uning     “Xo‘rlangan va haqoratlanganlar” (1861), “O‘lik uydan maktublar” (1860-1861 yillar) romanlari, “Yer ostidan bitiklar” (1864) qissasi, “Yozgi taassurotlar haqida qishki qaydlar” (1863) ocherki birin-ketin nashr etilgan.

1865 – 1881 yillar daho adib Fyodor Dostoevskiy ijodining kamolotga yetgan davri hisoblanadi. Bu davrda uning “Qimorboz” (1865), “Jinoyat va jazo” (1866), “Telba” (1868), “Iblislar” (1871-1872), “O‘spirin” (1875), “Aka-uka Karamazovlar” (1879-1880) romanlari yozilgan. Mazkur romanlar adib ijodining gultoji sanaladi va jahon adabiyotining durdonalari sifatida e’tirof etiladi.

Nodir iste’dod sohibi Fyodor Dostoevskiy asarlarining salmoqli qismi o‘zbek tiliga tarjima qilingan. Bu borada o‘zbek tarjima maktabining darg‘alaridan biri, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi Ibrohim G‘afurovning xizmatlari beqiyos. U Fyodor Dostoevskiyning “Buyuk besh kitob”i – “Jinoyat va jazo”, “Telba”, “Qimorboz”, “Iblislar” va “Aka-uka Karamazovlar” romanlarini salkam chorak asr davomida mahorat bilan o‘zbek tiliga o‘girgan. Tarjima – asar ruhiga kira olish va uni asliyatdan qolishmaydigan saviyada qayta yaratishdek mas’uliyatli jarayonligini, Fyodor Dostoevskiyning yozish uslubi nihoyatda murakkab ekanini inobatga olsak, Ibrohim G‘afurovning ushbu buyuk xizmatlari, shubhasiz, haqiqiy adabiy jasoratdir.

Shuningdek, Fyodor Dostoevskiyning o‘zbek tiliga tarjima qilingan ilk yirik asari “Xo‘rlangan va haqoratlanganlar” romanini Habiba Ziyoxonova, “Kambag‘allar” romanini Abdulla Xo‘jaxonov va Amir Fayzulla, “Oydin tunlar” qissasini Nurbek, “Ma’suma” hikoyasini Tohir Malik, “Kulgili odamning tushi” hikoyasini Mirzaahmad Olimov, “Maktublar” epistolyar asarini Abduhamid Pardaev o‘zbek tiliga maromiga yetkazib tarjima qilganlar. Olim Otaxonov “O‘lik uydan maktublar” romanining ayrim boblarini o‘zbek tiliga o‘girgan.

“Hayotiy hikmatlar va tanbehlar” kitobida Fyodor Dostoevskiyning hozirga qadar o‘zbek tiliga tarjima qilingan barcha asarlaridan olingan aforizmlar jamlangan. Har bir badiiy asar hamda uning tarjimoni to‘g‘risida muxtasar ma’lumot berilgan.

Tadbir mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalari talabalari va ijod maktablari o‘quvchilariga onlayn tarzda namoyish etildi. Rossiyaning F.M.Dostoevskiy nomidagi kutubxonasi va adib uy-muzeyi rahbariyati bilan onlayn-muloqotlar ham bo‘lib o‘tdi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

 

 

Powered by GSpeech