EHTIROM, E'TIROF VA OGOHLIK RAMZI 9 may kuni poytaxtimizda G'alaba bog'i ochilganiga 1 yil to'ladi

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 2019 yil 23 oktyabrda qabul qilingan "Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g'alabaning 75 yilligini munosib nishonlash to'g'risida"gi qaroriga muvofiq, mamlakatimiz poytaxti – Toshkentda yangi tarixiy ma'lumotlar va har jihatdan puxta ishlangan loyihalar asosida "G'alaba bog'i" yodgorlik majmuasi bunyod etilganiga bir yil to'lmoqda.

Davlatimiz rahbari 2020 yil 9 may – Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g'alabaning 75 yilligi munosabati bilan G'alaba bog'ining tantanali ochilish marosimida ta'kidlaganidek, "Bu betakror majmua qahramon xalqimizga munosib bo'lib, ham me'moriy jihatdan, ham tarixiy-ma'naviy jihatdan g'oyat noyob va mahobatli obida bo'lib qad rostladi".

"G'alaba bog'i" yodgorlik majmuasi – Prezidentimiz tashabbusi va g'oyasi asosida bunyod etilgan muhtasham bog' aynan shunday nomlangani bejiz emas. Binobarin, majmua “Matonat madhiyasi”, “Mangu jasorat”, "Ko'z yoshi" monumentlari hamda “Shon-sharaf” davlat muzeyi kabi muhim yodgorlik ob'ektlarini o'zida qamragan.

Xususan, majmua yodgorliklari tarkibidagi "Ko'z yoshi" monumenti tubsiz girdob shaklida ishlangan. Bunda dahshatli urush qanchadan-qancha insonlarni – millati, dini va jinsidan qat'i nazar – abadul-abad o'z domiga tortib ketgani tasvirlangan.

Musulmon, nasroniy, yahudo kabi turli dinlarga mansub insonlar xotirasiga o'rnatilgan qabrtoshlar urushda halok bo'lgan va yo'qsizlik sari yo'l olgan saf-saf askarlarga o'xshaydi. Girdobning har bir qatida 1941-1945 yillarda halok bo'lgan jangchilarning soni yilma-yil alohida qayd etilgan.

Eng oldingi qatlamda urushgacha yashagan va urush davrini ko'rgan insonlarning tabassumli chehralari aks etgan fotosuratlar joylashtirilgan. Ularning beg'ubor nigohlaridan bir dunyo orzu-havasi va hayotga bo'lgan cheksiz muhabbatini shundoqqina uqib olish mumkin. Yodgorlik ostonasidagi suv sathi esa qayg'u va anduh ko'z yoshlaridan hosil bo'lgan ko'lni anglatadi.

«Ko'z yoshi» majmuasi – davlatimiz rahbari tashabbusining me'moriy-falsafiy jihatdan nodir yechimini topgan yana bir g'aroyib samarasidir. E'tibor qilsangiz: u insonning ko'zi shaklida yaratilganini ko'rasiz. Ulkan ko'z gavharidagi yuzlab qabrtoshlar turli millat va dinga mansub kishilarga o'rnatilgan.

Bu ham urushning din, millat tanlamasligini, har qanday yovuz g'oyalarga butun insoniyat bir musht bo'lib birlashib kurashishi zarurligini uqtirib turibdi. Mazkur g'oyaviy-badiiy majmuada urushning nechog'lik mudhishligi, millati va dinidan qat'i nazar, barcha odamlarning tengligi va o'zaro hamdardligi o'z ifodasini topgan.

«Ko'z yoshi» majmuasining mazmun-mohiyatini yanada chuqurroq anglash juda muhim. Buning uchun Millat Sardori g'oyalari asosida G'alaba bog'i falsafasiga singdirilgan 12 halqali tuyg'ular silsilasini birma-bir talqin qilish kifoyadir.

Birinchi halqa – ZIYORAT TARADDUDI. Har qanday tashrifu ziyorat, eng avvalo, ostonadan boshlanadi. Ostona hatlab tashqariga chiqish insonga qanchalik majburiyat yuklasa, ostona hatlab ichkariga kirishning ham shunchalik mas'uliyati, ta'bir joiz bo'lsa, o'ziga yarasha talablari bor.

G'alaba bog'iga tashrif buyuradigan har bir inson muayyan darajada taraddud ko'rgan bo'lishi, ya'ni ham jisman, ham qalban, ham ruhan poklanib olishi taqozo etiladi.

Ikkinchi halqa – VATAN TUYG'USI. G'alaba bog'i ziyoratchilari Markaziy xiyobonga qadam qo'yishi bilan janggohlarda qahramonlik ko'rsatib, front ortida mashaqqatli mehnat qilgan jasoratli va matonatli, bag'rikeng va oqibatli o'zbek xalqining aziz bir go'shasida – mo''jaz O'zbekiston bag'rida ekanini yaqqol his etadilar. 

Uchinchi halqa – URUSH DAHSHATI. Markaziy xiyobonning o'ng va so'l taraflarida o'rnatilgan badiiy barel`eflarda, ya'ni devorga ishlangan bo'rtma naqshlarda Ikkinchi jahon urushining butun dahshati va fojealari haqqoniy ochib berilgan.

Fashizmning insoniyatga nisbatan yovuz jinoyatlari va misli ko'rilmagan shafqatsizliklari har qanday insonning qalbini o'rtab, nafratu g'azabini yanada oshiradi. Barchamizni hushyor va ogoh bo'lishga, tinchlik uchun kurashish va osoyishta hayotning qadriga yetishga, ona-Vatanni ko'z qorachig'iday asrab-avaylashga undaydi.

To'rtinchi halqa – DAXLDORLIK. O'zbek xalqi qariyb 2 million nafar farzandini janggohlarga yo'llab, urush qanday natija bilan yakun topishini befarq va beparvo kuzatib turolmasdi.

G'alaba bog'idagi maxsus kompozitsiyalarda xalqimizning front ortidagi mashaqqatli va zahmatli mehnati hamda metin irodasi, so'nmas qadri, yuksak bag'rikengligi va insonparvarligi orqali olamshumul g'alabaga qo'shgan ulkan hissasi  ochib berilgan.

Beshinchi halqa – MOTAM va ANDUH. Bu hazin nolali tuyg'ular bevosita «Ko'z yoshi» majmuasining tub mohiyatini belgilaydi. Bu ajib majmuadan joy olgan monument va kompozitsiyalar Ikkinchi jahon urushi davrida mardlarcha halok bo'lgan, janggohlardan o'z uyiga nogiron holda qaytgan, dushman kontslagerlarida azoblangan vatandoshlarimizning iztirob va musibatlaridan so'zlaydi, go'yo.

«Ko'z yoshi» majmuasi farzandidan judo bo'lgan qanchadan-qancha mushtipar va xokisor onalar, ishongan tog'i, suyangan bekidan ayrilib beva qolgan navnihol bekalar, oriyat va g'urur himoyachilari
bo'lmish otalari, aka-ukalaridan bevaqt mahrum bo'lgan mushfiq opa-singillar va bevaqt yetim qolgan farzandlarning motamzada, anduhli va mungli ko'z yoshlarini o'zida mujassam etgandek.

Oltinchi halqa – SHOD-XURRAMLIK. Xalqimizning «Oyning o'n beshi qorong'i bo'lsa, o'n beshi yorug'» degan maqoli urush yillarida ayniqsa dolzarblik kasb etdi. Fashizmga qarshi kurashgan boshqa xalqlar qatori o'zbek xalqi ham uzoq kutilgan shonli G'alaba nashidasiga nihoyat yetishdi.

G'alaba shukuhi har bir inson va har bir xonadonga sevinch ulashdi. G'alaba quvonchi yurtimizdagi barcha shahar va qishloqlarda shodu xurramlik tantanalarini boshlab berdi. Bu shodiyonalar endilikda yangi bosqichda namoyon bo'lib, yanada yuksak pardalarda tarannum etilmoqda.

Yettinchi halqa – SHUKRONALIK ODOBI. Yaxshiliklar va bunyodkorliklarning bardavom bo'lishi shukronaligimizga bog'liqdir. Ne'matlarning ziyoda bo'lishini xohlagan kishi uning shukrini ado etishi kerakligi muqaddas Qur'oni karimda quyidagicha izohlanadi: “Qasamki, agar (bergan ne'matlarimga) shukr qilsangiz, albatta, (ularni yanada) ziyoda qilurman. Bordi-yu noshukrchilik qilsangiz, albatta, azobim (ham) juda qattiqdir” (Ibrohim surasi, 7-oyat).

Urush kasofati tufayli yurt vayronaga aylandi, xalq juda qashshoqlashdi. Lekin el-yurtning ozodligi va hurligi o'zida, xalqimiz qalbida qoldi. Urushdan keyingi yillarda xalqimiz belini yanada mahkam boylab, shukronalik tuyg'usini qalbi va ruhiga joylab yorug' istiqbolni, yaxshi kunlarni bunyod etishga kirishdi. G'alaba bog'idagi navqiron avlodlarimiz uchun o'ljallangan turli intellektual maydonchalar va zamonaviy o'yingohlar tinchlik hamda mustaqillik zamonida yurtdoshlarimizga xos shukronalik va minnatdorlik tuyg'ularining yorqin timsollariga o'xshaydi.

Sakkizinchi halqa – SHON-SHARAF. O'zbekiston xalqining Ikkinchi jahon urushi janggohlarida ko'rsatgan beqiyos qahramonliklarini har qancha sharaflasak, ardoqlasak ham ozdir. Xalqimizning front ortidagi sermashaqqat, ammo halol va shonli mehnati  tahsinu olqishlarga munosibdir. Xalqimizning dushman istilo etgan hududlardan yurtimizga evakuatsiya qilingan turli millat vakillari va norasida bolalarni quchoq ochib kutib olgani, ularga mehribonlik va hamdardlik, shafqat va muruvvat ko'rsatgani tom ma'noda shon-sharaf timsolidir.

To'qqizinchi halqa – FAXR-IFTIXOR. Yovuzlik ustidan ezgulikning albatta g'alaba qilishi abadiyat qonunidir. Shu ma'noda, Ikkinchi jahon urushida qozonilgan tarixiy g'alabada millatdoshlarimiz, o'zbek farzandlari ko'rsatgan tengsiz jasorat, qonli janggohlarda ona Vatan uchun jon olib, jon bergan o'g'lonlarimizning shonli yurishlari, shubhasiz, bugun har birimizning ko'ksimizni faxr-iftixorga to'ldiradi. Bu tuyg'u bizga tinchlik uchun kurashmoq kerakligini anglatib, shunga da'vat etib turadi.

O'ninchi halqa – G'ALABA SURURI. O'z davrida buyuk Sohibqiron bobomiz Amir Temur hazratlari janglarda erishgan g'alabalari sururini xalq bilan baham ko'rgan. Ya'ni, har bir zafarli yurishdan keyin to'y-tantanalar qilingan, elga osh berilgan, to'kin ziyofatlar uyushtirilgan, qahramonlar munosib taqdirlangan, aybdorlar esa gunohining yukiga qarab afv etilgan.

Shu nuqtai nazardan, G'alaba bog'ida 700 kishiga mo'ljallab mahobatli amfiteatr qurilgani har tomonlama maqsadga muvofiqdir. Bu yerda endilikda 9 may – Xotira va qadrlash kuni hamda G'alaba kuni, 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni bayramlari nishonlanadi. Ikkinchi jahon urushiga oid turli uchrashuvlar, ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar muntazam o'tkaziladi. Amfiteatrda oliy harbiy ta'lim muassasalari kursantlarining qasamyod qabul qilish marosimlari va boshqa madaniy tadbirlarni o'tkazish uchun ham barcha sharoitlar muhayyo etilgan.

O'n birinchi halqa – KUCH-QUDRAT. G'alaba nafaqat unga bo'lgan qat'iy xohish-iroda, balki mustahkam kuch-qudratning ham hosilidir. G'alaba bog'idagi maydonchalardan o'rin olgan artilleriya, zenit qurilmalari urush jarayonida tub burilish yasalishida alohida o'rin tutgan.

O'z davrida afsonaviy «Katyusha»lar, yengilmas T-34 tanklari, Yak-2, Yak-8, Il-2, LA-5, I-16 qiruvchi va Pe-2, Tu-2 bombardimonchi samolyotlari dushmanni zir titratgan, yovga vahshat solgan. Bu texnikalar va Toshkentda ishlab chiqarilgan LI-2 transport samolyoti, turli avtotransport vositalarining asl nusxalarini tomosha qilib, G'alaba bog'i ziyoratchilari ota-bobolarimiz jang qilgan davrning harbiy texnikasi haqida to'liq tasavvurga ega bo'lishlari tayin.

O'n ikkinchi halqa – AZMU SHIJOAT. Urushda g'alabani faqat jang maydonlaridagi jasorat bilangina ta'minlab bo'lmaydi, buning uchun front ortidagi cheksiz matonat ham talab etiladi. Xalqimizning urush davridagi matonatli mehnati G'alaba bog'ida O'zbekiston temir yo'lchilarining azmu shijoati misolida, ayniqsa, yaqqol ifodalab berilgan.

Po'lat izlar orqali urush hududlaridan qanchadan-qancha aholi, sanoat korxonalari, yarador askarlar mamlakat ichkarisiga tashib kelingan. O'z navbatida, mamlakatdan frontga millionlab jangchilar, jangovar texnika, o'q-dori va oziq-ovqatlar yetkazib berilgan.

Shuningdek, temir yo'l va sanoat korxonalari qurilishi bilan bog'liq ishlarga 150 ming nafar yurtdoshimiz yalpi safarbar etilgan. Ularning 15 ming 131 nafari – Sverdlovsk viloyatiga,  7 ming 427 nafari – Chelyabinsk viloyatiga,  2 ming 212 nafari – Perm` viloyatiga,  2 ming 523 nafari – Orenburg viloyatiga, 2 ming 357 nafari – Boshqirdiston va 2 ming 980 nafari – Udmurtistonda mehnat qilgan.

Bundan tashqari,  1943-1944  yillarda dushmandan ozod qilingan yerlarga 13 ming nafardan ziyod o'zbek temir yo'l mutaxassislari yuborilgan. Yurtimizdagi kasb-hunar bilim yurtlaridan yuborilgan yosh mutaxassislar soni esa 15 ming nafardan ortiqdir.

Shu mavzuga bog'liq yana ikkita raqam: birinchidan, urush yillari O'zbekistonda 15 ta elektr stantsiyasi qurilgan; ikkinchidan, 1945 yilga kelib yurtimizda qazib olingan ko'mir miqdori 105 ming tonnadan ziyodni tashkil etgan.

Bu dalillarning barchasi urush davrida xalqimiz front ortida ham beqiyos fidoyilik namunalarini ko'rsatganligini ro'y-rost tasdiqlaydi.

Shunday qilib, «Ko'z yoshi» majmuasining g'oyasi juda teran va falsafiy qamrovi nihoyatda kengdir. Bu g'oya va falsafaga asos qilib olingan ko'z yoshi – xalqimizga xos ko'ngli yumshoqlik, mehribonlik, dardkashlik, musaffolik va poklik belgisi. Zero, o'rni kelganda yig'lay bilish bandaga berilgan ilohiy ne'matdir.

Ko'z yoshi bandaning Parvardigor rahmatiga bo'lgan umidvorlik hissi, ixlos va yolvorishning yuqori cho'qqisidir. U hammada ham kuzatilavermaydi. Tosh qotgan qalb egalaridan ko'p ham ko'z yosh chiqavermasligining sababi shunda.

Yig'i – Xudoga yaqinlik hissini oshirib, Yaratganning ajru rahmatiga sazovor bo'lishning muhim omili. Ba'zan to'yib yig'lasangiz – dardingiz yengillashib, g'ussadan forig' bo'lasiz.

Mumtoz adabiyotimiz namoyandalari o'z asarlarida ko'z yoshi haqida ko'p hikmatlarni yozib qoldirganlar. Misol uchun, she'riyat mulkining sultoni Alisher Navoiy hazratlari: «Ilohi ko'nglimni dardu shavqing bilan ovut va ko'zimni nadomat ashki selobi ila ravshan tut», – deb Yaratganga yolvorib munojot qilganlar.

Chaqaloq ham  bu yorug' olamga yig'lab keladi. Agar uning yig'i ovozi chiqmasa, kattalar hatto tashvishga tushib, sarosimada qoladi. U yig'lasagina g'am-anduhlar arib, dillarga surur va sokinlik kiradi.

Allomalarimiz ta'biri bilan aytganda, ko'z yoshi rahmat bo'lsa kerakki, biror a'zongiz og'risa, og'ir musibatda qolsangiz, yaqin insoningizdan ayrilsangiz, tanishlaringizdan biri og'ir bemor bo'lsa yoxud adolatsizlikka duch kelsangiz noiloj yig'laysiz. Duoga qo'l ochib, ko'zingiz yoshga to'lib, iltijo qilasiz.

Kimdir hech kimga sezdirmay pinhona yig'laydi. Yana kimdir qattiq xursandligidan, muvaffaqiyat qozonganidan, orzulari amalga oshganidan o'zini to'xtatolmay oshkora quvonch ko'z yoshlarini to'kadi. Shu ma'noda, «Ko'z yoshi» majmuasida shunday ezgu va pok niyat dillardan tillarga ko'chishi tabiiy: «Ilohim, rahmat bulog'ining mevasi sanalmish xursandchilik yoshlaridan hech kimni ayirmasin».

Muxtasar aytganda, Ikkinchi jahon urushi millionlab begunoh odamlarning bevaqt o'limiga, mislsiz yo'qotishlar va talafotlarga sababchi bo'lgan dunyodagi eng dahshatli, qonli qirg'inlardan biri sifatida insoniyat tarixida muhrlanib qoldi. Ko'pmillatli O'zbekiston xalqi ham haqiqiy jasorat va fidoyilik ko'rsatib, fashizm ustidan qozonilgan g'alabaga ulkan hissa qo'shdi.

Xususan, 2 millionga yaqin yurtdoshimiz janglarda ishtirok etib, ularning 500 mingdan ortig'i qahramonlarcha halok bo'ldi. Shu bilan birga, urush davrida respublikamiz front uchun zarur bo'lgan oziq-ovqat, kiyim-kechak, qurol-aslaha va boshqa vositalarni yetkazib beradigan muhim ta'minot markazlaridan biriga aylandi. Ayniqsa, yurtdoshlarimiz janglar davom etayotgan hududlardan O'zbekistonga ko'chirilgan 1,5 milliondan ortiq keksalar, ayollar va yosh go'daklarni bag'riga olib, og'ir damlarda ularga beqiyos g'amxo'rlik ko'rsatdi.

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 20 aprelda qabul qilingan “Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko'rish va uni o'tkazish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarorida ta'kidlanganidek, "xalqimizning tarix sahifalariga o'chmas harflar bilan bitilgan bunday mardlik va matonati, olijanobligi, mehr-muruvvati va yuksak ma'naviyati barchamizning qalblarimizga cheksiz g'urur-iftixor bag'ishlab, farzandlarimizni vatanparvarlik va ajdodlar jasoratiga sadoqat ruhida tarbiyalashda ilhomlantirib kelmoqda".

Shuning uchun bosqinchi va yovuz kuchlarga qarshi mashaqqatli kurashlarda bukilmas iroda va mardlik namoyon etib, bugungi tinchva osoyishta kunlarimiz uchun jonini fido qilgan jasur yurtdoshlarimizning muqaddas xotirasini e'zozlash va faxriylarimizning hurmatini joyiga qo'yish yurtimizda ezgu an'anaga aylangan.

Akmal Saidov,
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazi direktori

Powered by GSpeech