EZGULIKKA YO'G'RILGAN KITOB

Yaqinda xalqimiz taniqli jamoat arbobi, akademik Akmal Saidov muallifligida nashrdan chiqqan “G'alaba bog'i falsafasi” nomli asar bilan tanishish imkoniyatiga ega bo'ldi. Nomidan ham ko'rinib turibdiki, ushbu kitob Ikkinchi jahon urushida erishilgan buyuk G'alabaga o'zbek xalqi va uning jasur jangchi farzandlarining qo'shgan ulkan hissasini bugungi kun ruhi va talabi asosida yoritishga mo'ljallangan.

Ma'lumki, insoniyat o'z tarixida ko'plab dahshatli urushlarni boshidan kechirgan, lekin ular ichida eng dahshatlisi Ikkinchi jahon urushidir. Chunki bunday qirg'inbarot urush tugaganiga yarim asrdan ortiq vaqt o'tgan bo'lsa-da, uning odamlar qalbiga solgan jarohati, qiyinchiligu -jabru sitamlari, azob-uqubatlari hali-hanuz unutilgani yo'q.

Shu ma'noda mamlakatimizda G'alaba bog'ining tashkil qilinishi o'ziga xos tarix falsafasiga ega ekanligini mazkur asar orqali yana bir bor chuqur anglash mumkin.     

Avvalo shuni aytish kerakki, biz munosabat bildirayotgan tarixiy asarda muallif yurtimizda “G'alaba bog'i”ni tashkil qilish g'oyasining nafaqat tashabbuskori, balki ushbu majmua yodgorligini mazmun-mohiyatan, xalqimiz va yosh avlodni Vatanga muhabbat, bugungi dorilomon kunlarning qadriga yetish ruhida tarbiyalovchi maskanga aylantirishda muhtaram Prezdentimiz rahnamo ekanliklarini adolatli tarzda ko'rsatib bergan.

Jumladan, A.Saidov “Toshkent shahrida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan bunyod etilgan “G'alaba bog'i” yodgorlik majmuasi ana shu o'zbekona falsafa, ta'bir joiz bo'lsa, xalqona siyosatning amaldagi yorqin ifodasidir. Bunday bunyodkorona yondashuv Yangi O'zbekistonning shiddatli islohotlariga xos muhim xususiyat hamdir”, - deb adolatli fikr bildirgan.

Kitobda o'rinli ta'kidlanganidek, G'alaba bog'i faoliyatini tashkil etish haqida 2020 yilda qabul qilingan Prezident qarorlari asosida bu borada katta ishlar amalga oshirilgani misollar, dalillar bilan aniq ko'rsatilgan. Shuningdek, me'moriy jihatdan ham MDH mamlakatlarida o'xshashi yo'q noyob yodgorlik majmuasini tashkil etish tarixi, mazmun- mohiyati va ahamiyati haqida hikoya qilingan.

Muallifning fikr-mulohazalari aniq dalil va raqamlar, tarixiy hujjatlar, rasmlar, tasviriy san'at asarlaridan namunalar bilan asosli ifodalangan.

Shu o'rinda bir holatni eslashni lozim deb bilaman. Muhtaram Prezidentimiz SH.M.Mirziyoev 2018 yil Namanganga tashrif buyurib, 2 may kuni Norinda viloyat faollari bilan uchrashuvda buyuk allomalar merosini, shuningdek yurtimizdan yetishib chiqqan sarkardalar ibratli hayot yo'llarini o'rganish, xususan, o'zbek farzandi - general Sobir Rahimov jasorati haqida yoshlarga tushuncha berish muhimligi, uning unutilayozgan nomini xalqimizga qaytarish tarixiy adolatni tiklash bo'lur edi, deb fikr bildirgan edilar.

Prezidentimizning tashabbuslari bilan Ikkinchi jahon urushining jasoratli qahramoni, o'zbek o'g'loni - general Sobir Rahimov nomi xalqimizga qaytarilgani, bu bilan tarixiy adolat qaror topgani, yodgorlik majmuasida “Mangu jasorat” monumenti qad rostlagani kitobda yorqin ko'rsatilgan.

Kitobda, shuningdek Yangi O'zbekistonda bunyod etilgan G'alaba bog'i, “Shon-sharaf” muzeyi mazmun-mohiyatini ochishdan ko'zlangan maqsadlar bilan o'sha suronli yillar manzarasi tahliliga xizmat qiluvchi holat va jarayonlar har bir fuqaro ko'z o'ngida ishonchli gavdalantirilgan. Ayniqsa, “Matonat madhiyasi” deb atalgan me'moriy obida ona-Vatan ramzi sifatida qad rostlagani g'oyat ta'sirli ko'rsatilgan.

Bir so'z bilan aytganda, “G'alaba bog'i” tarixiy-badiiy yodgorlik majmuasi – qahramon ajdodlarimizning munosib nomlarini qayta tiklash va ularni abadiylashtirish, shular misolida yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashning muhim badiiy ko'rgazmali vositasi, shuningdek urush jasoratlarini hech qachon unutmaslikka chorlovchi da'vatdir.    

Umuman, kitob haqidagi dastlabki fikrlar bilan o'rtoqlashar ekanman, uning muallifi taniqli olim va siyosatchi Akmal Saidovning mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy va ma'naviy hayotidagi ishtiroki bilan bog'liq faoliyati haqida ham bir-ikki og'iz mulohazalar aytish fursati, deb hisoblayman.

Birinchidan, Akmal Xolmatovichni qariyb 30 yilga yaqin davr mobaynida bilgan, ayrim vaqtlarda parlamentda va universitetda birgalikdagi deputatlik hamda pedagogik faoliyatimiz asosida aytamanki, Akmal Xolmatovich o'zining butun ongli hayotini faqat ezgulikka bag'ishlagan, yoshlarda ma'naviy dunyoqarash, ular ma'naviy saviyasini oshirish yo'lida tinim bilmay faoliyat ko'rsatayotgan ma'naviyat va ma'rifat targ'ibotchisidir.

Akmal Saidovning xoh parlamentdagi, xoh yoshlar davrasidagi chiqishlari va ma'ruzalarida bo'lsin, mana shu oliyjanob fazilati yorqin aks etib turadi. Buni muallifning xalqimiz oldidagi olimlik va ziyolilik burchini chuqur his qilganligidan deb bilaman.

Ikkinchidan, men muallif faoliyati haqida fikr yuritar ekanman, u kishi uchun xos bo'lgan faollik mamlakatimiz ijtimoiy hayotidagi, xususan, O'zbekistonning yangi taraqqiyot bosqichida yuz berayotgan har bir yangilik va o'zgarishlarga hozirjavoblik bilan munosabatda bo'layotganini ta'kidlash o'rinli, deb hisoblayman.

Davlatimiz rahbari doimo bir bosh g'oyani, ya'ni “Tarixni tiklaylik, adolatni qaror toptiraylik” degan g'oyani ilgari suradilar. Ushbu g'oyani amalga oshirishda G'alaba bog'ining tashkil qilinishi, u haqda kitoblar yaratilishi alohida tarixiy ahamiyatga ega hodisa.

Shu ma'noda, Prezidentimizning “Tarixchi olimlarimiz, ijodkor ziyolilarimiz, kinochi va rassomlarimiz G'alaba bog'idagi har bir majmua haqida yangi ilmiy tadqiqotlar, badiiy asarlar yaratib, xalqimizga taqdim etsa, nur ustiga nur bo'lardi”, - degan da'vatlariga Akmal Xolmatovich tomonidan qisqa vaqtda “G'alaba bog'i falsafasi” nomi bilan ataluvchi kitob ommaviy tilda yozilib, xalqimiz e'tiboriga havola qilinishi ibratona hozirjavoblikdir, deb o'ylayman.   

Muxtasar aytganda, ushbu asar Ikkinchi jahon urushida beqiyos mardlik va jasorat ko'rsatgan o'zbekistonlik jangchilar, front ortida matonat va buyuk insonparvarlik fazilatlarini namoyon qilgan ko'p millatli O'zbekiston xalqining fashizm ustidan qozonilgan buyuk G'alabani ta'minlashga qo'shgan munosib hissasini chuqur o'rganish va keng miqyosda targ'ib qilishga  xizmat qiladi.

O'ylaymanki, mazkur kitobda bildirilgan fikr-mulohazalar, bilim va ma'rifat yurtimiz ta'lim muassasalari “Ma'naviyat soatlari”da talabalar, o'quvchi yoshlar tomonidan o'rganilishi maqsadga muvofiqdir.

Tursunboy Fayzullaev,
Namangan davlat universiteti professori,
siyosiy fanlar doktori, “El-yurt hurmati” ordeni sohibi

Powered by GSpeech