Farzandimga o‘zbekchada tayinli ertak topolmaganimda, “Mutolaa”ning g‘oyasi tug‘ilgan

Motivatsiya!

Respublika yosh ijodkorlar Kengashi hamda Yoshlar ishlari agentligining “Mutolaa” loyihasi menejeri Sirojiddin Olimov “El-yurt umidi” jamg‘armasi granti asosida xorijda tahsil olgan yoshlardan. U dunyoda TOP 20 talikka, Buyuk Britaniyada TOP 4 talikka kiradigan nufuzli Edinburg universitetida “Qiyosiy ta’lim va xalqaro rivojlanish” dasturida magistratura bosqichida o‘qidi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev shu yil 14 fevral kuni yoshlar bilan muloqot qilganida 25 yil ichida davlat hisobidan 800 nafar yigit-qiz xorijga o‘qishga ketgan bo‘lsa, so‘nggi 7 yilda birgina “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali 2 ming 300 nafar vatandoshimiz shunday imkoniyatga ega bo‘lganini qayd etdi. Ular orasida Sirojiddin ham bor. Sirojiddin Olimov Buyuk Britaniyada tahsil olgan va o‘z sohasida yuksak yutuqlarga erishgan bitiruvchilarni e’tirof etish maqsadida ta’sis etilgan “UK Study Alumni Award”mukofotiga munosib ko‘rilgan. Xalqaro miqyosda nufuzli e’tiroflardan biri hisoblangan ushbu sovrin jamiyat taraqqiyotiga katta hissa qo‘shayotgan ilg‘or yetakchilarni aniqlash va rag‘batlantirishga qaratilgan.

Yoshlar bilan bo‘lgan videoselektor yig‘ilishida ishtirok etgan Sirojiddin davlat rahbarining tashabbuslaridan, yoshlarni qo‘llab-quvvatlashidan yanada katta kuch va motivatsiya olganini aytadi.

Sirojiddin jamiyatda ma’naviy-ma’rifiy, yuksak ijtimoiy-ma’naviy muhitni shakllantirish, yoshlarni kitobxonlikka jalb etishga qaratilgan qator loyihalarni amalga oshirishda faollik ko‘rsatib kelmoqda. Jumladan, 2021 yil “O‘zbekiston Respublikasining beshta tashabbusi" loyiha ofisi raisi lavozimidagi faoliyati davomida beshta muhim tashabbuslar doirasida “O‘zbekiston uchun 100 g‘oya” loyihasini amalga oshirdi.

2023 yilda o‘qishni muvaffaqiyatli tamomlab, O‘zbekistonga qaytgach, o‘z faoliyatini Yoshlar ishlari agentiligining “Ibrat farzandlari” loyihasida loyiha menejeri sifatida davom ettirdi. Ushbu loyihadagi faoliyati davomida u o‘zining mutaxassisligi bo‘lgan ta’lim yo‘nalishida yoshlarga foydali bo‘ladigan loyihalar ustida ish olib bordi. Xususan, iqtidorli yoshlarni bir maqsad sari yo‘naltiradigan “Ibrat tillar oromgohi”, “TOP universitetlar va xorijiy tillar marafoni” singari loyihalarda loyiha rahbari bo‘lib ishladi.

2023 yilning aprel oyida Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tgan BMT yoshlar forumida O‘zbekiston delegatsiyasi a’zosi sifatida munosib ishtirok etib, O‘zbekiston yoshlari nomidan xalqaro darajada hamkorliklarni yo‘lga qo‘yishga o‘z hissasini qo‘shdi.

Sirojiddin “Mutolaa” loyihasining tashabbuskorlaridan. Loyihaning maqsadi – O‘zbekistonda kitobxonlik madaniyatini yanada rivojlantirish, kitob o‘qish va uning targ‘ibotini zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda yangi bosqichga olib chiqish, shuningdek, o‘zbek va jahon adabiyotining eng sara namunalarini jamlab, aholi, jumladan, yoshlar uchun elektron, audio va video variantlarda bepul foydalanish imkoniyatini yaratishdan iborat.

– Elektron, audio va video kitoblar loyihasi – “Mutolaa”ning g‘oyasi xorijda o‘qib yurgan kezlarimda, farzandimga internetdan o‘zbek tilida ertaklar topib o‘qib berish uchun tayinli biror narsa topolmagan vaqtlarimda paydo bo‘lgan, – deydi biz bilan suhbatda Sirojiddin Olimov. – O‘zbekistonga qaytgach, Yoshlar ishlari agentiligi bilan birgalikda elektron, audio va video kitoblarni o‘quvchilarga taqdim etish bo‘yicha “Mutolaa” loyihasini ishlab chiqdik. Ushbu loyiha doirasida 3000 dan ortiq kitob – badiiy asar, hikoya, ertak va ilmiy ommabop asarlarning audio va elektron variantlari tayyorlanib, mobil ilovaga joylashtirildi. 2024 yilda ishga tushgan mazkur ilova aholi, ayniqsa, yoshlar orasida ommalashib, bugungi kunga qadar 1,6 milliondan ortiq kitobxon undan foydalanmoqda. O‘qilayotgan kitoblar soni 5 milliondan oshdi. Shu kunga qadar audio formatda 1 ming 667 ta, elektron formatda 1 ming 950 ta kitob yaratildi hamda “Mutolaa” mobil ilovasiga joylandi.

Loyiha doirasida o‘zbek adabiyotining sara namunalarini xorijiy tillarga tarjima qilish va jahon bo‘ylab keng targ‘ib etish maqsadida Abdulla Qahhorning “O‘tmishdan ertaklar”, Odil Yoqubovning “Ulug‘bek xazinasi”, Pirimqul Qodirovning “Yulduzli tunlar”, Javlon Jovliyevning “Qo‘rqma”, Sa’dullo Quronovning “Galaktikada bir kun” asarlari tarjima qilinmoqda.

Bolalar adabiyoti loyihamizning muhim yo‘nalishi. Loyiha qoshida yosh ijodkorlar maktabi tashkil etilgan bo‘lib, ular tomonidan “Ildiz” to‘plami yaratildi. To‘plamdan ulug‘ ajdodlarimizning bolalik siymolari aks etgan 10 ta rasmli kitob joy olgan.

Loyihadagi audiokitoblar, elektron kitoblar, bolalar adabiyoti, kitob-kino va tarjima asarlar yo‘nalishlarida AT dasturchilar, sun’iy intellekt mutaxassislari, illyustratorlar, media vakillari kabi 150 ga yaqin mutaxassis ishlab kelmoqda. Alohida jamoa kitoblarga chizilgan suratlar asosida sun’iy intellekt yordamida animatsion multfilm yaratmoqda. Jamoamiz 2025 yilda yana 10 ta to‘plam yaratishni maqsad qilgan.

Loyiha doirasida yangi – “Kitob-kino” janri yaratildi. Kinoning bunday turida muayyan kitob asosida hujjatli film yaratiladi. Uni ko‘rgan tomoshabinda shu kitobni o‘qishga qiziqish paydo bo‘ladi. Hozirgacha “Qo‘rqma”, “Unsin”, “Kichkina shahzoda”, “Chol va dengiz”, “Puankare” filmlari yaratildi va YouTube platformasiga joylashtirildi.

Shuningdek, “Mutolaa” loyihasi doirasida shu kunga qadar 740 ta asar ilk bor sifatli formatda ovozlashtirildi. Bunday ko‘rsatkich va natijadorlik hozirgacha audiokitoblar sohasida kuzatilmagan. Audiokitoblar 30 dan ortiq professional dublyaj aktyorlari, xalq artistlari tomonidan eng zamonaviy studiyalarda yaratilgan.

“Mutolaa” loyihasining yana bir muhim maqsadi yurtimizda noshirlik faoliyatini rivojlantirish, mualliflarning nufuzini oshirish, huquqlarini ta’minlashdir. “Mutolaa premium” shu maqsadda ishga tushirildi. U noshirlar va mualliflarga o‘z kitoblarini sotish, moddiy daromad ko‘rish imkonini yaratadi, – deydi qahramonimiz.

Endi 30 yoshdan oshgan Sirojiddin bugun yoshlarga berilayotgan keng imkoniyatlardan o‘z tengqurlari va yosh avlodga yangi imkoniyatlar eshigini ochish yo‘lida samarali foydalanmoqda. U yosh avlodning ma’naviy-intellektual salohiyati, ongu tafakkuri va dunyoqarashini yuksaltirishda, barkamol shaxsni tarbiyalashda kitobxonlikning o‘rni muhimligini ta’kidlaydi va bu borada tinimsiz izlanishda.

– Prezidentimiz bilan bo‘lgan uchrashuvda yoshlarga katta imkoniyatlar berildi. Bu imkoniyatlardan biz yoshlar qanchalik foydalanyapmiz, Prezidentimiz ishonchini oqlayapmizmi, degan savollar ichimda g‘alayon ko‘taradi. Qars ikki qo‘ldan chiqadi, deyishganidek, biz bu imkoniyatlarga “labbay” deb javob berishimiz, undan unumli foydalanib, yurtimiz kelajagi uchun o‘z hissamizni qo‘shishimiz kerak, – deydi Sirojiddin.

Darhaqiqat, bugun zamonaviy axborot texnologiyalaridan to‘g‘ri va maqsadli foydalanib, nafaqat o‘zi, balki butun jamiyat va yoshlar uchun keng qulaylik yarata olgan Sirojiddinning maqsadlari ulkan. U mamlakatimizda yaratilayotgan imkoniyatlardan samarali foydalanib, yangi tashabbuslarni hayotga tatbiq etar ekan, o‘zi yosh bo‘la turib yosh avlod kamolotiga beminnat xizmat qilayotgani e’tirofga munosib.

Muhtarama Komilova, O‘zA

Powered by GSpeech