Senatda Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi mablag‘larini boshqarish bo‘yicha Parlament komissiyasi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Ta’kidlash joiz, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi, 2021 - 2025 yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 26 avgustdagi farmoni bilan Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi qayta tashkil etildi.

Farmon bilan Jamoat fondi mablag‘larini boshqarish bo‘yicha Parlament komissiyasi va Jamoat fondi oldiga fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan yangi tizimda qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan muhim vazifalar belgilab berilgan.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlar uchun 2024 yilning oktyabrida bo‘lib o‘tgan saylovdan keyin deputatlar va Senat a’zolaridan shakllantirilgan yangi tarkibdagi Parlament komissiyasining dastlabki yig‘ilishida fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning shaffof va sog‘lom raqobat tamoyiliga asoslangan yangi tizimi yaratilgani ta’kidlandi.

Xususan, davlat va jamiyat hayotida fuqarolik jamiyati institutlari faolligini yanada oshirish, joylardagi dolzarb muammolarni hal etishga qaratilgan tashabbuslarni ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashish, davlat organlari bilan ijtimoiy sheriklikni rivojlantirish, jamiyat hayotining barcha sohalarida ta’sirchan jamoatchilik nazorati olib borishni rag‘batlantirish kabilar fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning asosiy yo‘nalishlari etib belgilangan.
Yig‘ilishda Jamoat fondining 2024 yildagi faoliyati tahlil etilib, 2025 yildagi faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi. Aytilganidek, joriy yilda fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning yangi tizimi joriy etilmoqda.
Masalan, Parlament komissiyasi a’zolari va Jamoat fondi vakillaridan iborat ishchi guruhi hududlarga borib, aholi bilan muloqotlar tashkil etgan holda uning ehtiyojlarini, ijtimoiy soha va mahallalar tizimlaridagi aniq muammolarni o‘rganishi va ularning yechimlari yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqishi belgilangan. Tahlillar natijasiga ko‘ra, har bir hududga mo‘ljallangan, muammolarning manzilli va samarali yechimiga qaratilgan tanlovlarni e’lon qilish rejalashtirilmoqda.
Tanlovlarning ochiqligi va jarayonlarning tezkorligini ta’minlash maqsadida esa davlat ijtimoiy buyurtmasi va grantlarini ajratish bilan bog‘liq barcha jarayonlar ngo.gov.uz yagona elektron platformasida amalga oshiriladi. Endilikda ushbu platforma orqali nomzod tashkilotning loyihani topshirishi, Parlament komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqish va baholash jarayonlarini kuzatib borish, muhokamalarda esa bevosita ishtirok etish imkoniyati ham mavjud.
Yig‘ilish yakunida Parlament komissiyasi tomonidan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi, 2021 - 2025 yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi, “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” davlat dasturida ko‘zda tutilgan vazifalarni amalga oshirish hamda fuqarolik jamiyati institutlarining atrof-muhitni muhofaza qilish, aholi sog‘lig‘ini saqlash, bandligini ta’minlash, ta’lim va boshqa sohalardagi muhim tashabbus va loyihalarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan 2025 yil uchun qator dasturlar qabul qilindi.
N.Abduraimova,
O‘zA
- Qo'shildi: 28.02.2025
- Ko'rishlar: 764
- Chop etish