FUQAROLIK MAQOMI – INSON HUQUQLARI TO'LA TA'MINLANGANIDAN DALOLAT

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashining 46-sessiyasida so'zlagan nutqi inson huquqlarini himoya qilish va kafolatlashga oid yangi taklif va tashabbuslar ilgari surilgani, mamlakatimizning bu boradagi qat'iy pozitsiyasi aks etgani bilan nihoyatda ahamiyatlidir.

Davlatimiz rahbari O'zbekistonda demokratik o'zgarishlarni yanada chuqurlashtirishning va Kengash doirasidagi mamlakatimiz faoliyatining ustuvor yo'nalishlarini qayd etar ekan, jumladan, quyidagi fikrlarni ta'kidladi: “Bosh kotib Antoniu Guterrish Janobi Oliylarining fuqaroligi bo'lmagan shaxslar sonini kamaytirish bo'yicha qat'iy choralar ko'rish to'g'risidagi taklifini qo'llab-quvvatlaymiz. Birgina o'tgan yilning o'zida 50 ming nafar vatandoshimiz O'zbekiston fuqaroligiga qabul qilindi, bu yil yana 20 mingdan ziyod kishi fuqarolikka ega bo'ladi”.

Uzoq yillar davomida yurtimizda istiqomat qilsa ham, turli sabablarga ko'ra fuqarolik maqomini ololmagan minglab insonlarning huquqlari to'la tiklangani BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashi a'zolari tomonidan yuqori baholandi.

Fuqarolik maqomi shaxsning nafaqat iqtisodiy va ijtimoiy huquqlaridan, balki siyosiy huquqlaridan ham foydalanishiga imkoniyat yaratishi bilan muhim hisoblanadi.

Turli sabablarga ko'ra fuqarolik maqomiga ega bo'la olmayotgan vatandoshlarimizning huquqlarini tiklashda avvalo bu boradagi qonuniy asos mustahkamlandi.

Jumladan, 2020 yil 13 martda yangi tahrirda qabul qilingan «O'zbekiston Respublikasining fuqaroligi to'g'risida»gi qonunga asosan, 1995 yil 1 yanvarga qadar O'zbekiston Respublikasiga kirib kelgan va doimiy ro'yxatdan o'tgan, chet davlat fuqaroligini qabul qilmagan hamda ushbu qonun kuchga kirguniga qadar fuqaroligi bo'lmagan shaxsga, O'zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasi asosida yashab turgan shaxs istak bildirgan taqdirda, O'zbekiston Respublikasining fuqarosi deb tan olish tartibi kiritildi. 2020 yil 1 apreldan boshlab ushbu toifadagi shaxslardan hujjatlar qabul qilinmoqda.

Yangi tahrirdagi qonundagi o'zgarishlardan yana biri – O'zbekiston Respublikasining fuqaroligini qabul qilish istagini bildirgan shaxsdan o'zbek tilini muloqot darajasida bilishi lozimligi belgilandi.

Muxtasar aytganda, davlatimiz rahbarining BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashining 46-sessiyasidagi nutqida ta'kidlangan fuqaroligi bo'lmagan shaxslar sonini kamaytirish masalasi bo'yicha O'zbekiston tajribasi dunyoning ko'plab davlatlariga ibrat bo'la oladi.

Farhod NIZOMOV,
“Demokratlashtirish va inson huquqlari”
jurnali tahririyatining xodimi

Powered by GSpeech