GENDER TENGLIKNI TA’MINLASH VA BARQAROR RIVOJLANISH

 

20 oktyabr kuni Toshkent shahrida shu mavzuda xalqaro davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Oflayn va onlayn shakldagi ushbu tadbir Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Barqaror rivojlanish markazi,O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Davlat va huquq instituti tomonidan  YuNESKO bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Xalqaro davra suhbatida O‘zbekiston Respublikasi Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiyasi, Oila va mahallani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, siyosiy partiyalar hamda mamlakatimizning akademik hamjamiyati va tahliliy markazlari, nodavlat notijorat tashkilotlari bilan bir qatorda xalqaro ekspertlar va mamlakatimizda akkreditatsiyadan o‘tgan chet el diplomatik korpus vakillari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov va YuNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Aleksandros Makarigakis tadbir ishtirokchilarini qutladi.

Anjumanda Barqaror rivojlanishning beshinchi maqsadi, ya’ni gender tenglikni ta’minlash va barcha xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirishga erishish masalalari keng muhokama qilindi. Bu boradagi intellektual salohiyatni shakllantirishda O‘zbekistonning gender tenligini ta’minlash tajribasini tahlil qilish orqali jamiyatimizdagi gender muammolarini hal qilishga oid taklif va amaliy tavsiyalar ishlab chiqishga alohida e’tibor qaratildi.

Barqaror rivojlanish markazi matbuot xizmati ma’lumotida qayd etilganidek, xalqaro davra suhbatining asosiy vazifalari:

O‘zbekistonda gender  tenglikni ta’minlash va xotin-qizlar mavqeini oshirish uchun yaratilgan qulay siyosiy-huquqiy, institutsional va tashkiliy shart-sharoitlar haqida keng jamoatchilikni xabardor qilish;

davlat boshqaruvining barcha bosqichlarida – shahar, viloyat, respublika ko‘lamida gender tenglikni ta’minlash sohasidagi milliy qonunchilik va  xalqaro standartlarni tahlil qilish;

xalqaro standartlarga muvofiq O‘zbekistonning gender tenglikka erishish va xotin-qizlarning fundamental huquqlarini ta’minlash siyosatini ishlab chiqish va uni samarali amalga oshirish jarayonida jamiyat va davlat boshqaruvining barcha sohalaridagi ayollarga tegishli asosiy vazifalarni, huquqiy me’yorlar va belgilangan tartiblarni aniqlash;

mamlakatni modernizatsiyalashning barcha jabhalaridagi keng ko‘lamli islohotlarida ayollar ishtirokining joriy holati, xususan, BMT Barqaror rivojlanish maqsadlarining “Gender tenglikni ta’minlash va barcha xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish” deb nomlanuvchi beshinchi maqsadini amalga oshirish nuqtai nazaridan erishilgan yutuqlar va amaldagi muammolarni o‘rganish;

ushbu sohadagi umume’tirof etilgan xalqaro standartlarga muvofiq O‘zbekistondagi davlat boshqaruvining barcha bosqichlarida  gender tenglikka erishish va ayollar huquqlarini to‘laqonli ta’minlash bo‘yicha muhim loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirishga e’tibor qaratishdan iborat bo‘ldi.

Xalqaro va milliy ekspertlarning “Gender tenglikni ta’minlash va xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish – davlat siyosatining muhim yo‘nalishi”, “O‘zbekistonning milliy gender strategiyasi: amalga oshirish mexanizmlari va istiqbollari”, “Xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish va ta’minlash bo‘yicha O‘zbekistonning xalqaro hamkorligi” kabi mavzulardagi ma’ruzalari tinglanadi.

Shu bilan birga, xalqaro standartlarga muvofiq O‘zbekistonning gender tenglikka erishish va xotin-qizlarning fundamental huquqlarini ta’minlash siyosatini ishlab chiqish va uni samarali amalga oshirish jarayonida jamiyat va davlat boshqaruvining barcha sohalaridagi ayollarga tegishli asosiy vazifalarni, huquqiy normalar va belgilangan tartiblarni aniqlash, ayollarning huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy huquqlarini himoya qilishda erishilgan yutuqlar va  dolzarb muammolar  yuzasidan atroflicha fikr almashiladi.

Tadbir so‘ngida yakuniy hujjat qabul qilindi. Unda Yangi O‘zbekistonni modernizatsiyalashning barcha jabhalarida har tomonlama samarali taraqqiyotning dolzarb masalalarini hal etish bo‘yicha xotin-qizlarning roli va o‘rnini oshirish hamda to‘laqonli gender tenglikni ta’minlashga qaratilgan, shuningdek ushbu sohaning xalqaro standartlariga mos ravishda samarali xorijiy normativ-huquqiy  va tashkiliy-intitutsional tajribaga tayanilgan bir qator amaliy taklif-tavsiyalar o‘z aksini topgan.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech