Barqaror rivojlanish sari gender yo'naltirilgan siyosat va yoshlar parlamentarizmini rivojlantirish

2021 yil 24 iyun kuni “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda global parlamentlararo hamkorlik” Xalqaro forumi doirasida “Barqaror rivojlanish sari gender yo'naltirilgan siyosat va yoshlar parlamentarizmini rivojlantirish” sessiyasi bo'lib o'tdi.

Barqaror rivojlanish maqsadlari odamlar hayotini, turmush sharoitlarini yaxshilash va farovonligini oshirishga qaratilganligi ta'kidlandi.

O'zbekistonda gender tenglikni ta'minlash bo'yicha keng ko'lamli ishlar olib borilmoqda. Yaqinda O'zbekistonda 2030 yilga qadar gender tenglikka erishish strategiyasi tasdiqlandi, uning maqsad va vazifalari ko'p jihatdan BMTning 2030 yilgacha bo'lgan Barqaror rivojlanish maqsadlariga mos keladi.

PIning “Parlamentdagi ayollar” yillik ma'ruzasiga va “BMT-Xotin-qizlar” tashkilotining ma'lumotlariga ko'ra O'zbekiston tarixida birinchi marta 2021 yil yanvar` oyiga kelib parlamentda ayollarning ulushi 25,5 foizni tashkil etdi. 2019 yil oxiridagi parlament saylovlari natijalariga ko'ra xotin-qizlar Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining 32 foizini, Senat a'zolarining 25 foizini tashkil etdi. Ushbu ko'rsatkich bo'yicha O'zbekiston deyarli barcha Sobiq Ittifoq davlatlaridan o'zib ketib 37-o'rinni egalladi (190 ta mamlakat orasida) va eng yaxshi 50 ta mamlakat safiga kirdi.

Xususan, Jahon bankining “Ayollar, biznes va huquq” indeksida O'zbekiston 2020 yilda xotin-qizlar huquqlari va gender tenglik sohasida muhim islohotlarni amalga oshirgan 27 ta mamlakat qatoridan joy oldi, 5 pog'onaga ko'tarilib, 190 ta mamlakat orasida 134-o'rinni egalladi (2019 yilda – 139-o'rin).

Shuningdek, Prezidentning 25 dan ortiq farmoni va qarorlari, hukumat qarorlari qabul qilindi. Xotin-qizlarga nisbatan zo'ravonlik va oilada zo'ravonlikning oldini olish, eskirgan urf-odatlarga qarshi kurashish bo'yicha ishlarni kuchaytirishga qaratilgan qator o'zgartirish va qo'shimchalar kiritildi.

O'zbekistonda ushbu sohadagi qonunchilik va huquqni qo'llash amaliyotini takomillashtirishda parlament rolini oshirishga qaratilgan izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda, masalan, Gender tenglikni ta'minlash masalalari bo'yicha komissiya tuzildi, parlamentning yuqori palatasida Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo'mitasi tashkil etildi.

O'zbekistonda yoshlar parlamentarizmini rivojlantirish bo'yicha ham muhim ishlar amalga oshirilayotgani ta'kidlandi.

Beshta ustuvor vazifa bo'yicha Harakatlar strategiyasi doirasida O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining tegishli Qarori bilan yuqori palata huzurida Yoshlar parlamenti tashkil etildi. Uning a'zolari qonun loyihalarini muhokama qilishda qatnashadi. Yoshlar parlamentining vazifalari yoshlarning manfaatlarini himoya qilish, ularning muammolarini parlament muhokamasi darajasiga ko'tarish, bo'lajak siyosatchilarni tayyorlash, muhim maqsadlarga erishishga va aniq loyihalarni amalga oshirishga intilayotgan yoshlarni rag'batlantirishdan iborat.

Mamlakatda yoshlarning qonuniy huquqlari va manfaatlarini himoya qilishga, yoshlar uchun munosib mehnat sharoitlarini yaratishga, ularning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirishga, tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishga doir normativ-huquqiy bazani takomillashtirishga qaratilgan O'zbekiston Respublikasining yoshlarga oid davlat siyosatini 2025 yilga rivojlantirish kontseptsiyasi tasdiqlandi.

Sessiya davomida afg'on ayollarining gender tengligiga, jamoat hayotida ishtirok etishiga va ijtimoiy faoliyat ko'rsatishiga erishish uchun Osiyo-Tinch okeani mintaqasi parlamentlari bilan xalqaro muloqot va global hamkorlikni ta'minlash masalalari, Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida, Turkiyada yoshlar parlamentarizmini rivojlantirish masalalari va boshqa mavzular ko'rib chiqildi.

Manba: senat.uz

Powered by GSpeech