Guterrish: Falastinliklarning azob-uqubati soyada qolib ketmasligi kerak

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish kuni kecha Nyu-Yorkda jurnalistlarga intervyu berdi. Mulozimning fikricha, Isroil – Eron mojarosi nashrlarda asosiy mavzuga aylangan bir payt falastinliklar chekayotgan azob-uqubat ikkinchi darajaga tushib qolmasligi kerak.

– O‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi barchamizga umid beradi va bu hozir har qachongidan ham kerak, – dedi u. – Isroil harbiy amaliyoti dahshatli miqyosdagi gumanitar inqirozni keltirib chiqardi. Falokatli vaziyat uzoq va shafqatsiz mojaroning eng yuqori nuqtasiga yetdi. Falastinlik oilalar ko‘p bor uyini tashlab chiqishga majbur bo‘lgan va hozir mahalliy aholi G‘azo sektorining beshdan bir qismidan ham kam joyda jamlangan. Hatto, kichik yer maydonlari ham xavf ostida. Bomba chodirlar, oilalar, boshqa boradigan joyi yo‘qlar ustiga tushmoqda. Odamlar o‘zi va yaqinlari uchun oziq-ovqat topishga harakat qilib halok bo‘lyapti. Inson oziq-ovqat topish uchun o‘limga mahkum bo‘lmasligi kerak. Men aniq aytmoqchiman: Isroilda bosqinchi davlat sifatida insonparvarlik yordamini muvofiqlashtirish va yetkazib berishni ta’minlash majburiyati bor. Uch oydan oshdiki, G‘azoga boshpana qurish uchun material va asosiy xizmat faoliyati uchun zarur yonilg‘i kiritilmayapti. Shifokorlar imkonsiz tanlovga majbur – dorining oxirgi miqdorini, so‘nggi ventilyatorni kim oladi? Gumanitar xizmatchilarning o‘zlari ham ochlikdan aziyat chekmoqda. Bu odatiy holga aylanishi mumkin emas. Yordam olish uchun tinch aholini harbiylashtirilgan hududlarga olib chiqish sa’y-harakati halokatli. G‘azoda tezroq o‘t ochishni to‘xtatish vaqti keldi. Barcha garovga olinganlar zudlik bilan va so‘zsiz ozod qilinishi, to‘liq, xavfsiz va barqaror gumanitar yordam olishi kerak.

BMT rahbari insonparvarlik yordami muammosini mavjud yechimlar orqali hal qilish lozimligini ta’kidladi:

– G‘ildirakni qayta ixtiro qilish va xavfli jadvalga murojaat qilishning hojati yo‘q. Yechim bor – insonparvarlik, xolislik, betaraflik va mustaqillik kabi insonparvarlik tamoyillariga asoslangan batafsil reja tuzilgan. Bizda zaxira va tajriba ham mavjud. Rejamiz odamlar ishonchi, xayriya tashkiloti a’zolari ehtiyojiga qaratilgan. Hukumatlarga aytaman: amaliyot xalqaro gumanitar huquq asosida olib borilishini ta’minlang. Ta’sir kuchi egalari, bu imkoniyatingizdan foydalaning. Barcha a’zo davlatlar jamoamizning 80 yilligi munosabati bilan yaqindagina o‘zlari yana bir bor qabul qilgan BMT Nizomini hurmat qilishi shart.

Guterrish so‘zi oxirida xulosa sifatida dunyo yetakchilariga shunday murojaat qildi:

– Keling, hayotni saqlab qoladigan vositalarni olib chiqaylik. Har bir inson qayerda bo‘lsa, ularga yetib boraylik. Va bu muammoning yakuniy yechimi siyosiy ekanligini tan olaylik. Umidni tiklashning yagona barqaror yo‘li ikki davlatli yechimdir. Diplomatiya va inson qadr-qimmati hamma uchun ustun bo‘lishi kerak.

S.Rahimov,O‘zA

Powered by GSpeech