O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 35-moddasida har bir shaxs bevosita o‘zi va boshqalar bilan birgalikda vakolatli davlat organlariga, muassasalariga yoki xalq vakillariga ariza, taklif va shikoyatlar bilan murojaat qilish huquqiga ega ekanligi, arizalar, takliflar va shikoyatlar qonunda belgilangan tartibda va muddatlarda ko‘rib chiqilishi shartligi kafolatlangan.
Bu haqdagi huquqiy norma “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonunda ham mustahkamlab qo‘yilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 10 dekabrda qabul qilingan “Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan “Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi to‘g‘risida”gi Nizomga asosan Markazda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash bo‘limiga yuklatilgan.
Bo‘lim tomonidan Markazga 2021 yilning 9 oyi davomida kelib tushgan jami 1047 ta murojaat ko‘rib chiqildi. Shundan 1003 tasi yoki 95,8 foiz murojaatlar bo‘yicha ularda ko‘tarilgan masalani mazmunan hal qilish vakolatiga kiruvchi tegishli tashkilot va idoralarga tavsiya va xulosalar kiritilgan.
Ko‘rib chiqilgan murojaatlarning 136 tasi ijobiy hal etilgan, 168 tasiga huquqiy tushuntirish va maslahatlar berilgan.
Markazda tashkil etilgan jismoniy shaxslar va yuridik shaxslarning qabuli jarayonida 1100 nafardan ortiq fuqaro qabul qilingan Ularning 290 nafaridan yozma murojaatlar qabul qilingan bo‘lsa, qolgan murojaatchilarga tegishli huquqiy maslahat va tushuntirishlar berilgan.
Bundan tashqari, bo‘lim mas’ul xodimlari tomonidan joriy yilning 9 oyi mobaynida 2000 nafardan ortiq fuqaroga telefon orqali huquqiy maslahatlar berildi.
Markazga kelib tushgan murojaatlarning asosiy qismi, ya’ni 519 tasi sud-huquq masalalariga oid. Qolgan qismini ijtimoiy-iqtisodiy sohaga oid murojaatlarni tashkil qiladi.
Bu toifadagi murojaatlarni o‘rganish chog‘ida davlat hokimiyati va boshqaruvi hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarida belgilab qo‘yilgan huquq va erkinliklariga rioya qilinganlik holatlariga asosiy e’tibor beriladi. Inson huquq va erkinliklari buzilishi holatlariga yo‘l qo‘yilganligi aniqlangan taqdirda, vakolatli idoralarga yoki sudga qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish borasida tegishli tavsiya va xulosalar kiritiladi.
Markaz tomonidan fuqaro N.A.ning murojaatini o‘rganish jarayonida uning turmush o‘rtog‘i Z.A kasallik varaqasida bo‘lgan davrida egallab turgan lavozimidan noqonuniy ravishda bo‘shatilganligi va mehnat to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablari buzilganligi aniqlanib, ishni ko‘rayotgan fuqarolik sudiga ushbu holatlarni e’tiborga olish yuzasidan xulosa kiritilgan edi.
Sudning hal qiluv qarori bilan Z.A o‘z vazifasiga tiklandi va unga yetkazilgan moddiy zarar ish beruvchi tomonidan qoplab berilishi yuklatildi.
Shuningdek, Qashqadaryo viloyatida yashovchi fuqaro E.X.ning farzandi N.X. dastlabki tergov organi va sudning noqonuniy hukmi bilan asossiz jinoiy javobgarlikka tortilib, uzoq muddatga ozodlikdan mahrum qilinganligi to‘g‘risidagi murojaati o‘rganib chiqildi. Shu asosda N.X.ga oid jinoyat ishi yuqori sud bosqichlarida ko‘rilishida Markaz vakili ishtiroki ta’minlandi va sud qarorlari protsessual qonunchilik talablari buzilganligi yuzasidan tegishli xulosa kiritildi. Natijada sudning N.X. manfaatini ko‘zlab o‘zgartirilgan qarori qabul qilinishiga erishildi.
Apellyatsiya instansiyasi sudining tegishli ajrimi bilan N.X. sud zalidan ozod qilindi. Unga nisbatan tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo ozodlikni cheklash bilan almashtirildi.
Fuqarolarning ijtimoiy-iqtisodiy masalada yo‘llagan murojaatlari asosan aliment, nafaqa, pensiya, moddiy yordamning boshqa turlari, uy-joy ajratish, ta’mirlash bilan bog‘liq va mehnat huquqlariga oid murojaatlardir.
Qashqadaryo viloyatida yashovchi fuqaro A.A ning 1 nafar nevarasiga qarzdor B.A dan aliment pullari undirilishida amaliy yordam so‘rab yozgan murojaati bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosiga tavsiya xati kiritilib, qarzdor B.A dan undiruvchi D.K foydasiga 3,8 mln. so‘m undirib berilishi ta’minlandi.
Milliy markaz tomonidan yetim bolalar va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi, ularning ijtimoiy hayotga moslashuvi uchun yaratilgan imkoniyatlardan foydalanishi, uy-joy bilan ta’minlanishi hamda moddiy to‘lovlar berilishi bilan bog‘liq qonun hujjatlarining ijrosi ham doimiy nazoratga olingan. Bu borada joylarda yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklarni bartaraf etish borasida tegishli tavsiyalar berilmoqda.
Toshkent viloyatida joylashgan maktab-internat sobiq tarbiyalanuvchilari A.S va D.I.ning kommunal to‘lovlar bo‘yicha noqonuniy qarzdorlik xisoblanganidan norozi bo‘lib yozgan murojaatlari o‘rganib chiqilib, prokurorlik nazorati o‘rnatish va tekshirish o‘tkazish to‘g‘risida viloyat prokurori nomiga tavsiya xati kiritildi.
Prokuraturaning nazorat tadbirlari natijasida, murojaatda ko‘rsatilgan holatlar o‘z tasdig‘ini topgan va A.S hamda D.I.ga asossiz qo‘yilgan kommunal to‘lovlar uchun qarzdorlik summasi bartaraf etilgan. Shuningdek, prokuratura organlari tashabbusi bilan ularning har biriga gaz plitasi olib berilishi hamda xonadonlari gaz tarmog‘i va elektr energiyasiga ulab berilishi ta’minlangan.
Otabek Norboev,
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazi
bo‘lim boshlig‘i
- Qo'shildi: 06.10.2021
- Ko'rishlar: 3437
- Chop etish