2021 yil 30-31 mart kunlari Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasining "Nogironlar huquqlarini himoya qilish va rag'batlantirish" mavzuida onlayn shaklda o'tkazilgan 17-sessiyasi ishida Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining o'rinbosari Dilnoza Muratova ishtirok etdi.
Mazkur sessiya 28 mart kuni boshlanib, 31 martga qadar uning yettita majlisi o'tkazildi. Bu majlislarning beshtasi yopiq tarzda tashkil etilib, ularda faqat IHT Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasining a'zolari qatnashdi.
Belgilangan tartib-taomilga ko'ra, IHT Komissiyasining majlislari yopiq shaklda, shuningdek IHTga a'zo davlatlar, kuzatuvchi maqomiga ega davlatlar va boshqa tashkilotlar vakillari ishtirokida ochiq tarzda ham o'tkaziladi. O'zbekiston vakilining IHT Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasiga a'zolik muddati 2021 yil mart oyida tugadi.
IHT Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasining navbatdagi sessiyasida:
- Falastin va boshqa bosib olingan arab hududlarida inson huquqlari sohasidagi ahvol;
- IHTga a'zo davlatlardagi fuqaroviy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar: xotin-qizlar huquqlari, bola huquqlari, rivojlanish huquqi, inson huquqlari sohasidagi ta'lim;
- inson huquqlari sohasidagi holat va IHT joriy sessiyasi kun tartibidagi masalalar, IHT Tashqi ishlar vazirlari kengashining bu boradagi mandati: islomofobiyaga hamda nafrat uyg'otish va zo'ravonlikka gijgijlashga qarshi kurashish; IHTga a'zo davlatlardagi ahvol; IHTga a'zo bo'lmagan davlatlar, shu jumladan M`yanma, Markaziy Afrika Respublikasi, AQSH, Yevropa davlatlari kabi mamlakatlarda musulmon ozchilikka mansub aholi va jamoatlarning inson huquqlari sohasidagi ahvoli; Jammu va Kashmir hududlarida inson huquqlari sohasidagi holatni doimiy monitoring qilish mexanizmi masalalari muhokama qilindi.
IHT Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasi Raisi professor Said Algufli o'z kirish so'zida mazkur Komissiyaning turli tadbirlarini muntazam qo'llab-quvvatlab va rag'batlantirib kelayotganlari uchun IHTga a'zo barcha davlatlarga minnatdorchilik bildirdi. Shuningdek, u Komissiyaning yangi saylangan a'zolarini qutladi.
Rais IHT Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasining faoliyati haqida to'xtalar ekan, IHT Tashqi ishlar vazirlari kengashi turli mandatlarining amalga oshirilishi holati va keyingi bir necha oy ichida Komissiya tomonidan bajarilgan ishlar yuzasidan sessiya ishtirokchilariga axborot berdi. Said Algufli qayd etganidek, Covid-19 pandemiyasi munosabati bilan joriy etilgan keskin cheklovlarga qaramay, IHT Komissiyasi dunyoning turli hududlarida musulmon ozchilikka mansub aholi duch kelayotgan va IHT e'tiborini jalb etgan muammolarni, inson huquqlarining barcha jihatlari bilan bog'liq holatlarni diqqat bilan kuzatib va bu boradagi fikrlarini doimiy ravishda bildirib kelmoqda.
IHT Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasi Raisi Komissiya a'zolarini IHT Tashqi ishlar vazirlari kengashi 47-majlisida IHTning Inson huquqlari bo'yicha Qohira deklaratsiyasi qabul qilingani bilan tabrikladi. Ushbu Deklaratsiyada, hozirgi jadal globallashayotgan dunyoda o'zgaruvchan demografik, ijtimoiy va madaniy voqeliklarga muvofiq hamda islom ta'limoti va qadriyatlariga ziyon yetkazmagan holda, islom qadriyatlari bilan universal inson huquqlarining o'zaro uyg'unligi ta'kidlangan.
Sessiyada IHTga a'zo davlatlar o'zlarining inson huquqlari sohasidagi majburiyatlarini bajarishda puxta ko'rib chiqilgan ushbu vositadan to'la foydalanishlari qat'iy tavsiya etildi. Shu o'rinda O'zbekiston 2018-2019 yillarda IHTning Inson huquqlari bo'yicha Qohira deklaratsiyasini ishlab chiqishda faol qatnashganini qayd etish lozim.
Bundan tashqari, Said Algufli IHT Tashqi ishlar vazirlari kengashining IHT Bola huquqlari to'g'risidagi pakti loyihasini yana bir bor muhokama qilish va mukammallashtirishga oid da'vatini qo'llab-quvvatladi. U mazkur hujjatni ishlab chiqish g'oyasi IHT Komissiyasi tomonidan taklif etilganiga e'tibor qaratar ekan, Komissiya a'zolari loyihani to'liq qo'llab-quvvatlashi va uning matnini takomillashtirishda yaqindan hamkorlik qilishiga ishonch bildirdi.
IHT Komissiyasi sessiyasi davomida butun dunyoda islomofobiyaning yoyilishi bilan bog'liq oxirgi tendentsiyalar muhokama qilindi, shuningdek islomofobiya tobora kuchayib borayotgani jahondagi aksariyat mamlakatlar hukumatlarining siyosati o'sha hududlarda yashaydigan musulmon jamoatlar taqdiriga jiddiy ta'sir ko'rsatayotganiga bevosita daxldor ekanidan tashvish bildirildi. Shu munosabat bilan IHT Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasi barcha insonlar, shu jumladan musulmonlar uchun diniy ibodat erkinligini cheklaydigan har qanday kamsituvchi qonunlar va xatti-harakatlarni qat'iy qoraladi.
Keyingi davrda turli mamlakatlarda masjidlarning buzib tashlangani va tahqirlangani, Frantsiyada separatizm to'g'risidagi qonun qabul qilingani, yaqinda Hindiston, Shveytsariya va Shri-Lankada musulmonlarni diniy mansubligiga qarab erkini cheklaydigan va kamsitadigan choralar joriy etilgani ana shunday nojoiz xatti-harakatlar qatoriga kiradi. IHT Komissiyasi Shinjon uyg'ur musulmonlari ahvolidan ham tashvishda ekanini bildirdi va IHT Bosh kotibiyatini ushbu hududdagi musulmon ozchilikka mansub aholining inson huquqlarini rag'batlantirish va himoya qilish uchun Xitoy hukumati bilan o'zaro amaliy aloqalarni davom ettirishga chaqirdi.
Islomofobiya – irqchilikning zamonaviy bir ko'rinishi bo'lib, u musulmonlarga qarshi targ'ibot qilish va nafratni gijgijlash orqali yanada kuchaytirilmoqda. Shu ma'noda, IHT Komissiyasi xalqaro hamjamiyatni mazkur xatarning xavfli oqibatlariga qarshi kurashishda IHT mamlakatlari va muassasalari bilan hamkorlik qilishga chorladi.
IHT Tashqi ishlar vazirlari kengashining 15 martni – "Islomofobiya bilan kurashish xalqaro kuni" deb e'lon qilish to'g'risidagi qarorini qo'llab-quvvatlar ekan, IHT Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasi BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashini Islomofobiya bilan kurashish bo'yicha maxsus ma'ruzachi mandatini tasdiqlashga chaqirdi.
Bundan tashqari, IHT Komissiyasi nafratni qo'zg'aydigan barcha shakllardagi chiqishlar, shu jumladan islomofobiya uchun jazo choralarini ko'zda tutadigan qonunlarni, Fuqarolik va siyosiy huquqlar to'g'risidagi xalqaro paktning 19 va 20-moddalari hamda BMT Inson huquqlari qo'mitasining 16/18-Rezolyutsiyasiga muvofiq holda, qabul qilish muhimligi ta'kidlandi.
Sessiya kun tartibidagi rivojlanish huquqi masalasini ko'rib chiqish asnosida, IHT Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasi BMT Hukumatlararo ishchi guruhining rivojlanish huquqi to'g'risida majburiy yuridik kuchga ega xalqaro hujjat ishlab chiqish va qabul qilishga doir qarorini ma'qullashini ma'lum qildi. Binobarin, bunday hujjat rivojlanish huquqini yalpi, ya'ni butun jahon miqyosida amalga oshirishda qo'l keladi.
Elchi CH.T.Tiam tomonidan taqdim etilgan "Rivojlanish huquqi bo'yicha ikkinchi mavzuli tadqiqot" loyihasi ham atroflicha muhokama qilindi. Loyihada rivojlanish huquqining Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishga oid nazariy jihatlari bayon etilganiga e'tibor qaratildi. Tadqiqot loyihasini maromiga yetkazish va IHT Komissiyasining navbatdagi 18-sessiyasida qabul qilish uchun muhokamaga qo'yishga kelishib olindi.
Sessiya kun tartibidagi xotin-qizlar va bolalar huquqlari masalalarini ko'rib chiqish jarayonida IHT Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasi Xotin-qizlar taraqqiyoti bo'yicha tashkilot Nizomining ratifikatsiya qilinishini hamda ushbu Tashkilot Vazirlar kengashining ilk virtual sessiyasi o'tkazilishini ma'qulladi. IHT Komissiyasi bo'lajak Tashkilotni to'la qo'llab- quvvatlashini hamda unga ayollarning huquqlari va imkoniyatlarini kengaytirish maqsadiga erishish borasida huquqni himoya qilish sohasi uchun ekspertlik xizmatlarini taqdim etishga tayyorligini bildirdi.
IHT Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasi IHTning Oilaviy bank (OIC Family Bank) kontseptsiyasini kambag'allikka qarshi kurashish yo'lidagi muhim vosita sifatida yuqori baholadi va oila farovonligini asrashda huquqni himoya qilish jihatidan juda mos keladigan ushbu g'oyani ma'qullashini qayd etdi. IHT Komissiyasi IHTning manfaatdor mamlakatlari va tegishli muassasalari bilan o'zaro hamkorlikda oila qadriyatlarini rag'batlantirish hamda himoya qilishning muhimligini yanada tasdiqlaydigan turli tadbirlar o'tkazishni rejalashtirmoqda.
Sessiya ishi doirasida IHT Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasi quyidagi uchta tematik tadqiqotni:
a) terrorizmga qarshi kurash sharoitida inson huquqlarini rag'batlantirish va himoya qilish;
b) migrantlar huquqlariga islom dini va inson huquqlari nuqtai nazaridan yondashuv;
c) inson huquqlarini rag'batlantirish va himoya qilishda sud hokimiyatining roli mavzularidagi tadqiqotlarni muhokama qildi va tasdiqladi. IHT Komissiyasi nogironlar huquqlariga islom dini va inson huquqlari nuqtai nazaridan yondashuv mavzuidagi tadqiqotni amalga oshirishga qaror qildi.
Bundan tashqari, inson huquqlarini himoya qilish milliy institutlari bilan munosabatlarni mustahkamlash borasidagi o'z majburiyatlariga rioya etgan holda, IHT Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasi o'zaro texnik hamkorlik bo'yicha anglashuv memorandumi namunasini tasdiqladi. Memorandum IHTga a'zo davlatlar va kuzatuvchi maqomiga ega davlatlarning manfaatdor har qanday inson huquqlarini himoya qilish milliy instituti bilan imzolanishi mumkin.
IHT Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasining to'rt kunlik sessiyasi davomida kun tartibidagi har bitta masala chuqur va atroflicha muhokama qilindi. Xususan, Isroil tomoni Falastin hududida inson huquqlarini buzishda davom etayotgani, Jammu va Kashmirda, Myanma hamda Markaziy Afrika Respublikasida yashaydigan musulmon ozchilikka mansub aholining inson huquqlari bilan bog'liq muammolari shular jumlasidandir.
Shu bilan birga, IHT Komissiyasi Covid-19 pandemiyasi oqibatlariga e'tibor qaratdi. Mamlakatlarning IHT Komissiyasi vakolatlari doirasidagi hamkorlik faoliyatida inson huquqlarini rag'batlantirish va himoya qilishga qaratilgan mavzuli tadqiqotlar va amaliy tadbirlarni bajarishda ana shu omilni hisobga olishlari zarurligi alohida ta'kidlandi.
Ma'lumot uchun: IHT Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasi Islom hamkorlik tashkilotiga a'zo davlatlar Tashqi ishlar vazirlari kengashining 2011 yil iyun` oyidagi 38-sessiyasi qarori bilan maslahatlashuv organi sifatida tuzilgan. IHT Komissiyasi Islom hamkorlik tashkiloti Nizomi va deklaratsiyalarida, shuningdek inson huquqlari to'g'risidagi universal hujjatlarda islom qadriyatlariga mos holda belgilangan fuqaroviy, siyosiy, iqtisodiy va madaniy huquqlarni mustahkamlashga mas'ul hisoblanadi.
IHT Tashqi ishlar vazirlari kengashining 2017 yil 10-11 iyun kunlari Kot d’Ivuarda bo'lib o'tgan 44-majlisida Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov IHT Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasi tarkibiga Osiyo qit'asidan O'zbekiston vakili sifatida 2018-2020 yillar uchun a'zo bo'lgan. Bir yildan so'ng, ya'ni 2018 yil 1-6 dekabr` kunlari Jidda shahrida bo'lib o'tgan IHT Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasining 14-sessiyasida A.Saidov 2019 yilga IHT Komissiyasining raisi etib saylangan.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 05.04.2021
- Ko'rishlar: 4342
- Chop etish