IHT Komissiyasining 17-sessiyasi imkoniyati cheklangan shaxslar huquqlariga bag'ishlandi

Avval xabar berilganidek, 2021 yil 30-31 mart kunlari Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasining onlayn shaklda o'tkazilgan 17-sessiyasi ishida Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi  direktorining o'rinbosari Dilnoza Muratova ishtirok etdi. Ushbu sessiya doirasida 30 mart kuni "Imkoniyati cheklangan shaxslar huquqlarini himoya qilish va rag'batlantirish" mavzuida tematik munozaralar tashkil etildi.

Sessiya ishida IHT Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasining a'zolari ishtirok etdi. Shuningdek, anjumanda IHTga a'zo va kuzatuvchi maqomiga ega davlatlar, ushbu davlatlarning inson huquqlarini himoya qilish bo'yicha milliy institutlari hamda inson huquqlari bo'yicha xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar vakillari qatnashdi.

IHT Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasi Raisi professor Said Al`gufli IHT Komissiyasining 17-sessiyasida muhokama etiladigan tematik munozaralar mavzulari haqida so'z yuritar ekan, ijtimoiy adolat va birdamlik bilan bog'liq islom dini qadriyatlariga tayangan holda, Islom hamkorlik tashkiloti inklyuziv va uyg'un jamiyatlar barpo etishda imkoniyati cheklangan shaxslar huquqlari muhim o'ringa ega egaligini e'tirof etishini ta'kidladi.

IHTning imkoniyati cheklangan shaxslar huquqlariga taalluqli Harakatlar rejasini qo'llab-quvvatlagan holda, IHT Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasi mazkur Reja BMTning Nogironlar huquqlari to'g'risidagi konventsiyasiga mos kelishini ta'minlash va uning milliy darajalarda implementatsiya etilishiga erishish borasida o'z tajribasini baham ko'rishga tayyorligini ma'lum qildi.

IHTga a'zo davlatlarga BMTning Nogironlar huquqlari to'g'risidagi konventsiyasida belgilangan majburiyatlarni bajarish va bu borada maqsadli tadbirlarni amalga oshirish uchun milliy strategiyalarni ishlab chiqish uchun fuqarolik jamiyati faollari, diniy rahnamolar, ommaviy axborot vositalari va xususiy sektor vakillari ishtirokida tegishli chora-tadbirlarni tasdiqlash tavsiya etildi.

IHT Bosh kotibi Yusef Al-Usaymin janoblari IHT Komissiyasining 17-sessiyasi ishtirokchilariga yo'llagan videomurojaatida ushbu Komissiyaning zimmasiga yuklatilgan vazifalarni ado etish borasidagi faoliyatini yuqori baholadi. Shuningdek, u uzoq davom etayotgan Covid-19 pandemiyasi oqibatida imkoniyati cheklangan shaxslar bilan bog'liq tizimli tengsizlik va zaiflik holatlari yanada yaqqol ko'zga tashlanib qolgan bugungi sharoitda ayni shu dolzarb mavzuda tematik munozaralar tashkil etilganini ma'qulladi.

Yusef Al-Usaymin IHTga a'zo davlatlarning aksariyati BMTning Nogironlar huquqlari to'g'risidagi konventsiyasini imzolagani va ratifikatsiya qilganini qayd etdi. Bundan tashqari, bu boradagi sa'y-harakatlarni BMT Barqaror rivojlanish maqsadlariga, ayniqsa, uning imkoniyati cheklangan shaxslarga taalluqli qismlariga integratsiyalashtirish uchun IHT tomonidan Harakatlar rejasi ishlab chiqilganiga e'tibor qaratildi. IHT Bosh kotibi Tashkilotga a'zo davlatlarni imkoniyati cheklangan shaxslarga boshqalar bilan teng huquqlarni kafolatlash yo'lidagi ruhiy-ma'naviy, ijtimoiy, madaniy va ekologik to'siqlarga barham berishga qaratilgan milliy qonunchilik asoslarini mustahkamlashga chaqirdi.

IHT Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasining a'zolari, sessiya ishtirokchilari hamda IHTga a'zo davlatlar va ushbu davlatlarning inson huquqlarini himoya qilish bo'yicha milliy institutlari vakillari ham tematik munozaralar mavzusiga to'xtalib, o'zlarining bu boradagi muammolari, tajribalari, turli darajalardagi ilg'or amaliyotlari haqida so'zladilar.

Sessiyaning "Imkoniyati cheklangan shaxslar huquqlarini himoya qilish va rag'batlantirish" mavzuidagi tematik munozaralarining kontseptual hujjati loyihasi yuzasidan Ozarbayjon, Bangladesh, Bahrayn, Yaman, Kipr, Quvayt, Falastin va Togo vakillari so'zga chiqib, o'zlari mansub mamlakatlarda nogironligi bo'lgan shaxslar huquqlarini ta'minlash borasida ko'rilayotgan choralar haqida ma'lumot berdilar.

O'zbekiston Respublikasi vakili D.Muratova IHT Komissiyasining 17-sessiyasi ishtirokchilariga nogironligi bo'lgan shaxslar huquqlarini ta'minlash bo'yicha mamlakatimizda amalga oshirilayotgan davlat siyosatining asosiy yo'nalishlari haqida atroflicha axborot taqdim etdi. Ayniqsa, nogironligi bo'lgan shaxslarning shaxsiy, siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy huquqlariga rioya etish va ushbu huquqlarni
himoya qilish bilan bog'liq qonunchilik asoslari hamda institutsional mexanizmlar to'g'risida batafsil so'z yuritildi.

Prezident Shavkat Mirziyoev BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashi 46-sessiyasida O'zbekiston BMT Nogironlar huquqlari to'g'risidagi konventsiyasini ratifikatsiya qilishiga doir tashabbus bilan chiqqani IHTga a'zo va kuzatuvchi maqomiga ega davlatlar tomonidan yuksak baholandi.

Sessiya ishtirokchilari O'zbekistonda “Nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlari to'g'risida”gi qonun qabul qilingani, mamlakat hukumati tomonidan bozor iqtisodiyoti sharoitida nogironligi bo'lgan shaxslarni ish bilan ta'minlaydigan korxonalarning barqaror faoliyat yuritishini rag'batlantirish bo'yicha qo'shimcha choralar ko'rilayotgani, shuningdek inklyuziv ta'limni tatbiq etish borasida kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilayotganiga ijobiy baho berdilar.

O'zbekiston tomoni IHT Komissiyasi 17-sessiyasining "Imkoniyati cheklangan shaxslar huquqlarini himoya qilish va rag'batlantirish" mavzuidagi tematik munozaralariga doir kontseptual hujjat loyihasi yuzasidan ham taklif va mulohazalarini bildirdi.

Komissiya a'zolari, munozara ishtirokchilari va IHTga a'zo davlatlar vakillari tomonidan nihoyatda muhim va samarali munozaralar tashkil etilgani ta'kidlandi. Imkoniyati cheklangan shaxslar huquqlarini himoya qilish va rag'batlantirish borasidagi zarur boshqaruv barchaga kuch-g'ayrat bag'ishlashi e'tirof etildi.

Keng ko'lamli muhokamalar nihoyasida IHT Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasining "Imkoniyati cheklangan shaxslar huquqlarini himoya qilish va rag'batlantirish" mavzuidagi tematik munozaralariga doir yakuniy hujjat qabul qilindi.

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech