Ijtimoiy hayot – taraqqiyot sari yana bir qadam

Jamiyatning har bir bo‘g‘inida minglab o‘zgarishlar, muhimi, yangilanishlar kuzatilyapti. Quvonarlisi shuki, qaysi bir sohani qaramang, imkoniyatlar yaratilmoqda. Aholining har bir qatlami uchun o‘zgarishlar, sharoitlar berilmoqda. Bu ham bo‘lsa mamlkatimiz fuqarolariga qaratilgan e’tiborning yuksak namunasi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.

Darhaqiqat, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yangi O‘zbekiston strategiyasi” kitobida olib borilgan strategik harakatlar, ularning inson hayotida o‘rni va roli, shubhasiz, yanada rivojlantirishda inson omilining ishtiroki xususida batafsil ta’kidlangan. Jumladan, “Adolatli ijtimoiy siyosat” bandida kuchli ijtimoiy siyosat, uning ahamiyati, sog‘liqni saqlash tizimidagi muammo va yechimlar, sog‘lom turmush tarzi madaniyati, sportga bo‘lgan qiziqish, ta’lim, tarbiya, yangi imkoniyatlar, ilm-fan, innovatsion rivojlanish, ayolning jamiyatdagi o‘rni, uning jamiyatdagi rolini oshirish, shuningdek, yoshlarning kelajakdagi vazifalari, imkoniyatlari xususida aytib o‘tilgan.

Mamlakat rahbari o‘z kitobida quyidagi fikrlarni keltirib o‘tgan: “Yangi O‘zbekistonni o‘z hayotidan rozi, baxtli insonlar mamlakatiga, har tomonlama rivojlangan ijtimoiy makonga aylantirish ushbu yo‘nalishdagi islohotlarimizning asosiy maqsadidir”. Darhaqiqat, bu qanday yo‘nalish edi, bu aslida insonlarni rozi qiluvchi, mavjud muammolarni vaqtida hal etgan holda ularga ko‘mak berish, kuchli ijtimoiy, siyosiy yo‘nalishlardan edi. Biz bugun ayni mana shu yo‘nalishda qator tizimli ishlar olib borilayotganligining guvohi bo‘lib kelyapmiz. Bu esa shubhasiz, odamlarning mehnatini qadrlashga, ularning ish unumdorligini oshirishga xizmat qilishi tabiiy. Ta’kidlash lozim, mamlakatimizda ishsizlikni bartaraf etish maqsadida salmoqli ishlar olib borilmoqda. Muhimi, monomarkazlar, turli ishlab chiqarish ob’ektlari ochilib, bandlik ta’minlanmoqda. Kitobda bevosita “Bitta ishsiz odam – o‘nta muammo degani” deb aytilgan fikrning mohiyatida ayni haqiqat jamlangan. Shuning uchun mamlakat rahbari tomonidan bu borada qator amaliy ishlar bajarildi. Yoshlarning bandligini ta’minlash masalalari ham vaqtida hal etilyapti.

Albatta, kitobda ijtimoiy soha islohotlarning yuqori samaradorligiga erishish, mavjud muammolarni bartaraf etishda aniq vazifalar belgilab qo‘yilgan. Bu esa fuqarolarning tizimli faoliyati uchun muhim asos hisoblanadi. Muhimi, xoh u yosh bo‘ladimi, xoh nuroniymi, barchasi uchun bugungi kunda aniq amaliy ishlar qilinishi, ular uchun sharoitlar yaratilishi lozimligi alohida tilga olingan.

Jamiyatimizning ba’zi bir sohalarida og‘riqli nuqtalar bor. Xususan, tibbiyot tizimida. Mamlakat rahbari tomonidan sohaning rivojlanishi uchun, undagi turli muammolarning oldini olish, fuqarolarga sharoitlar yaratish, imkoniyatlarni kengaytirish, soha xodimlarining bilim darajasini oshirish maqsadida qator tizimli ishlar yo‘lga qo‘yildi. Joylarda tibbiyot markazlari tashkil etildi, xodimlar malakasi oshirildi. Bugun transplatatsiya ishlari tashkil etilmoqda, ishonch telefonlari orqali minglab murojaatlar hal etilmoqda. Bu esa tibbiyotda ozmuncha bo‘lsa ham muammolarning kamayganligi hamda sohada rivojlanishning sezilarli ravishda amalga oshirilayotganligining muhim bo‘g‘ini hisoblanadi.

Kitobda soha rivoji uchun aniq takliflar, fikrlar keltirilgan. Muhimi, maqsadli vazifalar belgilab o‘tilgan. “Barcha uchun sifatli va professional tibbiyotni yaratish – biz taqdim etayotgan strategiyaning muhim yo‘nalishidir”, degan jumlalar, bugun olib borilayotgan strategik qarashlarning asosiy bo‘g‘ini hisoblanadi. Albatta, ta’kidlanganidek, 2021 yildan boshlab 15 yoshgacha bo‘lgan bolalar va homilador ayollarga 7 turdagi vitaminlar, bolalar uchun parazitar kasalliklarga qarshi dori vositalari bepul tarqatilmoqda. Bu jarayon bilan 2021 yilda 11 million, 2022 yilda 17 million nafar aholining qamrab olinishi aytib o‘tilgan. Bu fuqarolar uchun, ularning salomatligini mustahkamlash uchun qo‘yilgan muhim qadamlardan hisoblanadi.

Qayd etish lozim, viloyatlarning chekka , olis hududlarida tibbiyotga bo‘lgan e’tibor pasaygan. Ammo mamlakat rahbari bu masalaga ham e’tiborni kuchaytirib, qishloq, mahallalarda tibbiy xizmat sifati oshirildi. Bu kabi rivojlanish fuqarolarning salomatligini mustahkamlash barobarida, ularning yashash sharoitini yaxshilashga, turli kasalliklarning oldini olishga xizmat qiladi.

Sog‘lom turmush tarzida albatta sportning o‘rni beqiyos. Bu borada kitobda alohida fikrlar keltirilgan. Ayniqsa, sport maktablarini rivojlantirish, uzoq hududlarda sport komplekslarini qurish, to‘garaklarni tashkil etish masalalari ham dolzarbligicha qolayotgan bir davrda mamlakat rahbari tomonidan vazifalar belgilab o‘tilgan. Ta’kidlanganidek, “Jismoniy tarbiya va sportni yanada ommalashtirish – aholi salomatligini ta’minlashda muhim omildir” degan fikrlar qilinayotgan ishlarda o‘z tasdig‘ini ko‘rsatib turadi. Albatta, sohada bir qator muammolarning oldini olish uchun ham aniq vazifalar belgilab qo‘yilgan, xususan, aholini sport bilan shug‘ullanishga jalb etish, sport musobaqalarini tashkil etish, velosiped va piyodalar uchun maxsus yo‘laklarni barpo etish, yoshlar o‘rtasida turmush tarzini targ‘ib etish borasidagi vazifalar har bir fuqaroning sog‘lom hayoti va jamiyatdagi o‘rni, rolini oshirishga xizmat qiladi.

Bugun yoshlar va ayollar masalasi ham e’tibor markazida ekan, joylarda ularning faolligini oshirish, bandligini ta’minlash, salomatligini mustahkamlash masalalari ham muhim ahamiyatga egadir. Kitobda bevosita ayni mana shu jihat alohida ta’kidlangan. Ayniqsa, ta’lim-tarbiya va yangi imkoniyatlar xususida ham vazifalaring berilganligi yurt ravnaqi va kelajagi uchun, yoshlarning ko‘proq bilim olishlari, muhimi, taraqqiyot uchun e’tiborlidir. Albatta, ta’limda ham sezilarli ravishda o‘zgarishlar kuzatildi. Maktab degan buyuk dargohdan boshlab oliy ta’lim tizimigacha o‘zgarishlar bo‘ldi. Yoshlar uchun keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Muhimi, jamiyat qatlami rivojlandi.

Albatta, kitobda bu borada olib borilgan ishlar hamda qilinishi kerak bo‘lgan aniq vazifalar berilgan. Quvonarlisi, strategik taraqqiyot bo‘lishi bilan bir qatorda barcha sohalar tizimida o‘zgarishlar kuzatildi va rivojlanish davom etmoqda. Muhimi, qilingan ishlarning samaradorligini oshirishda o‘z hissamizni qo‘shishimiz hamda yurt ravnaqa uchun munosib shaxs bo‘lib shakllanishimizdir.  

Ishmuratova Sevara

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazi

Umumiy bo‘lim boshlig‘i

Powered by GSpeech