O‘zbekistonda Ombudsman instituti tashkil topganiga 30 yil bo‘ldi. Mamlakatimiz mustaqillikka erishgan dastlabki yillarda inson huquqlarini ta’minlashga katta ahamiyat qaratilib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili – Ombudsman instituti tashkil etildi.
1997 yil 24 aprelda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining sakkizinchi sessiyasida “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni qabul qilindi. Mazkur qonun 20 ta moddadan iborat bo‘lgan.
Ombudsman institutining davlat organi sifatida tashkil etilishi davlatning fuqarolar huquq, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishdagi muhim vazifasi ekanligidan dalolat berdi. O‘ttiz yillik davr mobaynida Vakil institutining vakolatlari, uning ish uslublari, fuqarolar huquq va erkinliklarini himoya qilish milliy tizimidagi o‘rni va roli takomillashib bordi.
Oxirgi yillarda O‘zbekistonda davlat va jamiyat qurilishining barcha sohalarida tub islohotlarning amalga oshirilishi Vakil institutiga ham katta mas’uliyat yuklamoqda. Mazkur islohotlarga hamohang tarzda Ombudsman institutining faoliyat yo‘nalishlari ham takomillashib borayotir.
2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi Ombudsman institutini rivojlantirishning muhim bosqichi bo‘ldi.
2019 yil 14 martda “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilib, Vakil institutining vakolatlari, xususan jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan shaxslarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakolatlari yanada kengaytirildi. Shuningdek, qiynoqlar va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala va jazo turlarining oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar tizimi (milliy preventiv mexanizmi) joriy etildi.
Bundan tashqari, ushbu qonunga muvofiq Vakilga O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi ko‘rib chiqishi uchun masalalar kiritish huquqi berildi. Fuqarolarning manfaatlarini ko‘zlab davlat boji to‘lamagan holda ariza va da’volar bilan sudlarga murojaat qilish, shuningdek, davlat organlari va boshqa tashkilotlar rahbarlariga inson huquqlari, erkinliklari sohasidagi qonun hujjatlarining aniqlangan buzilishlarini, ularga imkon beruvchi sabablar hamda qonunchilik tashabbusi huquqini bartaraf etish yuzasidan takliflar kiritish huquqi berildi.
Prezidentimizning 2021 yil 26 iyundagi “Qiynoqlar holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi farmonida Vakilga qiynoqlarning barvaqt oldini olishning samarali huquqiy mexanizmlarini yaratish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab berildi. Murojaatlarni tezkor va xolisona ko‘rib chiqish, harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga muntazam monitoring tashriflarini amalga oshirish vazifalari belgilandi.
Davlatimiz rahbarining 2021 yil 10 sentyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq 2022 yildan buyon Vakilning viloyatlarda mintaqaviy vakillari doimiy asosda faoliyat yuritib kelmoqda.
Inson huquqlari sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish Vakil faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Ushbu faoliyat BMT hamda Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti xalqaro shartnomalarining bajarilishi to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasining hisobotlarini tayyorlashda ishtirok etishni, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarga a’zolikni, xorijiy Ombudsmanlar bilan ko‘p tomonlama munosabatlarni rivojlantirishni, xalqaro forumlarda ishtirok etishni, xalqaro tashkilotlar va xorijiy hamkorlar delegatsiyalarini qabul qilishni o‘z ichiga oldi.
Ayniqsa, Vakil Xalqaro Ombudsman instituti, Yevropa Ombudsman instituti, Osiyo Ombudsman Assotsiatsiyasi kabi ko‘plab nufuzli xalqaro tashkilotlarning a’zosi ekanligini alohida ta’kidlash lozim.
2020 yilda Milliy inson huquqlarini himoya qilish muassasalarining Global alyansi tomonidan Oliy Majlisning Inson huquqlari buyicha vakili (ombudsman) faoliyatining Parij prinsiplariga muvofiqligi bo‘yicha akkreditatsiyadan o‘tkazilib, unga “V” maqomi berildi. Bu esa Vakil institutining inson huquqlari bo‘yicha milliy institut sifatidagi faoliyatining ishonchliligi, mustaqilligi va samaradorligi bo‘yicha xalqaro standartlar paketiga sodiqligini tasdiqladi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 98-moddasiga muvofiq Ombudsman qonunchilik tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga qonunchilik takliflari kiritish huquqiga egaligi belgilandi.
2024 yil 15 noyabrda “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida”gi yangi Qonun qabul qilindi. Qonun bilan Ombudsmanning vakolatlari kengaytirilib, vazifalari belgilandi.
Qonunga ko‘ra, Ombudsman O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Oliy Majlis palatalari va Vazirlar Mahkamasiga fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan huquqiy, tashkiliy, ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan maxsus ma’ruzalar taqdim etish huquqiga ega. O‘zbekiston Respublikasining inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarining bajarilishi yuzasidan muqobil ma’ruza tayyorlashi va tegishli xalqaro tashkilotlarga taqdim etishi belgilandi.
Jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan mahkumlar Ombudsmanga u yerlarda o‘rnatilgan “Ombudsman qutisi” orqali murojaat qilish imkoniyati yaratildi.
Ombudsman davlat organlari va idoralariga fuqarolarning huquqlari buzilganligi yuzasidan ogohlantirish, taqdimnoma, iltimosnoma va talabnoma kiritishi belgilab qo‘yildi.
2022 yildan buyon Ombudsman o‘z tashabbusi bilan aholining qabul qilingan qonunlar, farmonlar va boshqa qonunchilik hujjatlaridan xabardorligini oshirish maqsadida mamlakatimizning shahar va tumanlarida, ayniqsa uning chekka hududlarida “Ombudsman maktabi” loyihasi doirasida tadbirlar o‘tkazib kelmoqda.
Kelgusida Oliy Majlis Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) instituti parlament nazorati instituti sifatida inson huquq va erkinliklarini ta’minlashda barcha vakolat va imkoniyatlarini ishga soladi.
O‘tkir JO‘RAEV,
O‘zbekiston Respublikasi Oliy
Majlisining Inson huquqlari
bo‘yicha vakilining (ombudsmanning)
Jizzax viloyatidagi mintaqaviy vakili
O‘zA
- Qo'shildi: 24.02.2025
- Ko'rishlar: 851
- Chop etish