Inson huquqlari bo'yicha markaz Konstitutsiyaviy sudga masalalar kiritish huquqiga ega sub'ekt hisoblanadi

24 iyul kuni O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi majlislar zalida bo'lib o'tgan matbuot anjumanida, jumladan, shu haqda so'z bordi. Tadbir "O'zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to'g'risidagi" Konstitutsiyaviy qonunning mazmun-mohiyatiga bag'ishlandi.

2021 yil 27 aprelda qabul qilingan mazkur Konstitutsiyaviy qonun inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishga qaratilgandir. Unda bir qator printsipial yangiliklar kiritilgan.

Konstitutsiyaviy sud raisi o'rinbosari A.G'afurovning aytishicha, yangi Qonundagi ana shu muhim yangiliklar konstitutsiyaviy odil sudlovning yangi davrini boshlab berdi. Xususan, Qonun bilan Konstitutsiyaviy sudga masalalar kiritish huquqiga ega bo'lgan sub'ektlar doirasi kengaytirildi.

Mazkur sub'ektlarga – O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo'yicha vakili (ombudsman) o'rinbosari – Bola huquqlari bo'yicha vakil, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub'ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo'yicha vakil hamda fuqarolar va yuridik shaxslar kiradi.

Qonunning muhim jihatlaridan biri – fuqarolar va yuridik shaxslarga Konstitutsiyaviy sudga masala kiritish huquqining berilishi bo'ldi.

Fuqarolar muayyan ishda qo'llangan qonun bilan ularning konstitutsiyaviy huquqlari buzilganligi yuzasidan shikoyat bilan Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish huquqiga ega. Bunda agar qonun fuqarolar va yuridik shaxslarning fikricha, ularning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklarini buzayotgan bo'lsa, O'zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq kelmasa hamda sudda ko'rilishi tugallangan muayyan ishda qo'llanilgan bo'lsa va sudda himoya qilishning barcha boshqa vositalaridan foydalanib bo'lingan bo'lsa, ular qonunning Konstitutsiyaga muvofiqligini tekshirish to'g'risidagi shikoyat bilan Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilishi mumkin.

Ushbu mexanizmni joriy etish Konstitutsiyaning 44-moddasida mustahkamlangan har bir shaxsga o'z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish huquqini ishonchli kafolatlashga xizmat qiladi. 

Matbuot anjumanida sud`ya S.Koshaeva Konstitutsiyaviy sud faoliyatini tartibga soluvchi qonunchilik asoslarini takomillashtirishning ahamiyati, uning inson huquq va erkinliklarini kafolatlashdagi roli, protsessual jihatlari haqida tushuntirishlar berdi.    

Matbuot anjumani davomida Konstitutsiyaviy sudning fuqarolar murojaatlarini ko'rib chiqish hamda Konstitutsiyaviy sud majlisida ko'rib chiqish masalalariga oid savol-javoblar va munozaralar bo'lib o'tdi.

Tadbir yakunida zamonaviy demokratik davlatlarda konstitutsiyaviy odil sudlov inson huquq va erkinliklarini ta'minlashi, O'zbekistonda konstitutsiyaviy odil sudlovning joriy etilishi fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini yanada keng himoya qilishga xizmat qilishi ta'kidlandi.  

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech