O‘zbekiston Prezidentining 2020 yil 22 iyundagi Farmoni bilan tasdiqlangan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasini hayotga tatbiq etish bo‘yicha tadbirlar izchillik bilan amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston milliy davlatchiligimiz tarixida ilk bor BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi a’zoligiga uch yil muddatga – 2021-2023 yillarga saylandi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev 2021 yil 22 fevral kuni BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi 46-sessiyasi oliy darajadagi Segmenti ishida ishtirok etib, mamlakatda demokratik yangilanishlarni chuqurlashtirish hamda inson huquqlari himoyasini ta’minlash bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlar to‘g‘risida nutq so‘zladi.
Inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish ishlari samarali amalga oshirilmoqda. Bolalar, ayollar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, migrantlar, odam savdosi jabrdiydalari, ozodlikdan mahrum qilish joylarida saqlanayotganlar huquqlarini ta’minlash bo‘yicha qonunchilik bazasi kengaydi.
Milliy strategiyani amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” inson huquqlarni ta’minlashning barcha jihatlarini o‘zida mujassamlashtirgan beshta yo‘nalishga birlashtirilgan 78 ta band doirasidagi tadbirlarni qamrab oldi. Bugungi kunga qadar shundan 40 ta bandi bo‘yicha vazifalar bajarib bo‘lindi. Qolgan 38 ta band doirasidagi vazifalarni amalga oshirish ishlari davom etmoqda.
Milliy strategiya bilan jami 12 ta kodeks va 33 ta qonun hujjatlarini qabul qilish nazarda tutilgan bo‘lib, ulardan 5 tasi yangi kodekslar, 20 tasi yangi qonun hujjatlari, 7 tasi yangi tahrirdagi kodekslar va 9 tasi yangi tahrirdagi qonunlardir. Milliy strategiyada belgilangan ushbu qonun loyihalari bo‘yicha bandlarning 14 tasi ijro qilingan, 19 tasi ijro qilinmoqda.
Shuningdek, Milliy strategiya tadbirlari doirasida 8 ta xalqaro shartnomani ratifikatsiya qilish belgilangan. Ayni vaqtgacha shundan 2 tasi ratifikatsiya qilingan.
Bugungi kunga qadar “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun, “Ta’lim to‘g‘risida”gi, “Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi, “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunlarning yangi tahrirlari, “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi, “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasida chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquqiy maqomi to‘g‘risida”gi yangi qonunlar qabul qilindi.
“Favqulodda holat to‘g‘risida”gi, “Sudyalar hamjamiyati organlari to‘g‘risida”gi, “Xususiylashtirish to‘g‘risida”gi, “Bepul yuridik yordam to‘g‘risida”gi, “Ijtimoiy tadbirkorlik to‘g‘risida”gi, “Majburiy tibbiy sug‘urta to‘g‘risida”gi, “Teng muomala qilish va kamsitmaslik to‘g‘risida”gi, «Advokatura va advokatlik faoliyati to‘g‘risida»gi, «Mehnat migratsiyasi to‘g‘risida»gi, “O‘zbekiston Respublikasida ommaviy tadbirlar to‘g‘risida»gi va boshqa qonun loyihalari ishlab chiqilgan va ularni qabul qilish jarayoni amalga oshmoqda.
Shuningdek, 3 ta yangi kodeks: Sog‘liqni saqlash kodeksi, Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risidagi kodeks, Ekologiya kodeksi, amaldagi 7 ta kodeksning yangi tahriri: Fuqarolik kodeksi, Mehnat kodeksi, Jinoyat kodeksi, Jinoyat-ijroiya kodeksi, Jinoyat protsessual kodeksi, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks, Uy-joy kodeksi loyihalari tayyorlanib, ularni qabul qilish jarayoni amalga oshirilmoqda. Bundan tashqari, 2 ta yangi kodeks: Axborot kodeksi, Tadbirkorlik kodeksi loyihalarini ishlab chiqishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
O‘zbekiston respublikasi Prezidentining 7 ta farmon va qarori, Vazirlar Mahkamasining 5 ta qarori qabul qilinib, amalga oshirilmoqda.
O‘zbekistonda inson huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning tashkiliy mexanizmlari takomillashtirildi. Mamlakatda inson huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha samarali parlament va jamoatchilik nazorati o‘rnatildi.
Ushbu jarayonda senatorlar, deputatlar, jurnalistlar va blogerlar faol ishtirok etmoqda. Bu sohada faoliyat olib borayotgan davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatini muvofiqlashtirish ishlari yangi sifat bosqichiga ko‘tarildi. Jumladan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Kengashi va Senati Kengashining Qo‘shma qarori bilan O‘zbekiston Respublikasining inson huquqlari sohasida xalqaro majburiyatlarga rioya etilishi bo‘yicha Parlament komissiyasi tuzildi.
Mamlakatda inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro standartlarni tatbiq etish, bu borada xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni kengaytirish ishlari tobora kengayib bormoqda. 2021 yilda inson huquqlari sohasidagi 3 ta xalqaro shartnomani ratifikatsiya qilish va ularning normalarini milliy qonunchilikka implementatsiya qilish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro konvensiya ratifikatsiya qilindi. BMT Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasining murojaat qilish jarayonlariga taalluqli Fakultativ protokoli, BMTning Qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llashga qarshi konvensiyasi Fakultativ protokoli”ga qo‘shilishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
2021 yil 12-13 avgust kunlari Toshkentda “Global harakatlarga yoshlarni jalb qilish” mavzuidagi Yoshlar huquqlari bo‘yicha butunjahon konferensiyasi o‘tkazildi. Konferensiya yakunida Toshkent Yoshlar deklaratsiyasi qabul qilindi. Konferensiya tafsilotlari 50 dan ortiq milliy va 30 dan ortiq xorijiy ommaviy axborot vositalarida yoritildi.
Aholining inson huquqlari sohasidagi huquqiy savodxonligini oshirish, jumladan bu borada samarali axborot va ma’rifat tarqatish, ta’lim berish faoliyatini tashkil qilish sohasida samarali tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 2021-2022 o‘quv yilidan boshlab “Inson huquqlariga oid xalqaro huquq” mutaxassisligi bo‘yicha magistr kadrlarni tayyorlash yo‘lga qo‘yildi.
O‘zbekistonda jahon mamlakatlari orasida birinchilar qatorida “Inson huquqlari (yuridik fanlar, sotsiologiya fanlari)” ilmiy ixtisosligi ta’sis etildi. Shuningdek, inson huquqlari sohasida ilmiy tadqiqotlarni kengaytirish uchun shart-sharoitlar yaratildi.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar, jumladan ichki ishlar organlari rahbar-xodimlarining inson huquqlari sohasidagi malakasini oshirish bo‘yicha 40 ta onlayn-trening o‘tkazilib, jami 400 nafardan ortiq rahbar-xodimlar o‘qitildi.
O‘quv jarayoniga 9 nafar yetakchi xalqaro mutaxassis jalb etildi. Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro majburiyatlarga rioya etish masalalariga bag‘ishlangan 30 ga yaqin amaliy qo‘llanma, sharh va uslubiy adabiyotlar nashr etildi va 50 dan ortiq davlat organlari, tashkilotlari, nodavlat notijorat tashkilotlariga tarqatildi.
Majburiy va bolalar mehnatiga barham berishning qonunchilik asoslari kuchaytirib borilmoqda. Jumladan, Jinoyat kodeksi va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilib, bolalar mehnatidan foydalanishga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risidagi talablarni buzish hamda mehnatga ma’muriy tarzda majburlash kabi xatti-harakatlar uchun ma’muriy va jinoyat javobgarliklari kuchaytirildi.
2021 yilda AQSh Davlat departamenti 2020 yil yakunlariga bag‘ishlangan navbatdagi hisobotini e’lon qildi. Hisobotda O‘zbekiston 2003 yildan buyon ilk marotaba dunyo bo‘ylab odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish bo‘yicha samarali sa’y-harakatlarni amalga oshirayotgan ikkinchi toifadagi (TIER 2) davlatlar darajasiga ko‘tarildi. Hisobotda COVID-19 pandemiyasi ta’siriga qaramasdan O‘zbekiston tomonidan odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish borasida olib borilgan ishlar ijobiy baholangan.
Bola huquqlarini himoya qilish tizimi yanada takomillashtirildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 9 avgustdagi “Bola huquqlarining kafolatlarini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi. Bolalar Ombudsmani to‘g‘risidagi qonunni ishlab chiqish va qabul qilish ishlari amalga oshirilmoqda.
Zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan xotin-qizlar huquqini tiklash, ularning reabilitatsiyasini ta’minlash, barcha sohalarda xotin-qizlar va erkaklar o‘rtasida tenglik tamoyilini tatbiq etishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi. Barcha uchun teng huquqli va sifatli ta’limni ta’minlash, qishloq joylarida qizlarning oliy ma’lumotga ega bo‘lishi, xotin-qizlar gender tengligiga erishish, zo‘ravonlikka yo‘l qo‘ymaslik, odam savdosining oldini olish kabi masalalar qamrab olindi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 19 maydagi “Zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan xotin-qizlarni reabilitatsiya qilishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining "2030 yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasi" tasdiqlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 22 fevral kuni BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi 46-sessiyasining oliy darajadagi Segmentida ilgari surgan tashabbuslari asosida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Qarorga asosan:
- qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish bo‘yicha jamoatchilik guruhlarini tashkil qilish, ularning vazifalarini aniq belgilash;
- monitoring tashriflarini muntazam ravishda amalga oshirish orqali ularda qiynoq holatlarining bartaraf etilishiga erishish;
- “Harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslarning yagona reestri” elektron tizimini yuritishni yo‘lga qo‘yish;
- O‘zbekiston Respublikasining BMT Qiynoqlarga qarshi konvensiyasi Fakultativ protokoliga qo‘shilish;
- qiynoqdan jabrlangan shaxslarga ijtimoiy, huquqiy, psixologik yordam ko‘rsatish belgilandi.
O‘zbekiston Respublikasi tomonidan Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro konvensiya ratifikatsiya qilindi, “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Bu hujjatlarning qabul qilinishi nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy himoya qilish milliy tizimini ilg‘or xalqaro standartlarga muvofiq rivojlantiradi. Mamlakatimizda birinchi marta O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi hamda ushbu qonun matni rasmiy nashrlari Brayl alifbosida chop etildi.
Shu kabi barcha izchil chora-tadbirlar samaralari, bir tomondan, Yangi O‘zbekiston qiyofasi hayotning barcha sohalarida tubdan o‘zgarayotganini ko‘rsatsa, ikkinchi tomondan, O‘zbekistonda Uchinchi Renessansning mustahkam poydevori qo‘yilayotganini amalda tasdiqlaydi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 28.10.2021
- Ko'rishlar: 3315
- Chop etish