9 fevral kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Buyuk Britaniyaning “Global sheriklik boshqaruvi jamg'armasi” (GPGF) nodavlat tashkiloti tomonidan Inson huquqlari sohasida O'zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlariga rioya etilishi bo'yicha Parlament komissiyasi a'zolari uchun uchinchi onlayn tajriba almashish treningi bo'lib o'tdi. Bu haqda parliament.gov.uz sayti xabar berdi.
Videokonferentsiya formatida o'tkazilgan treningning asosiy maqsadi – inson huquqlari va erkinliklariga hurmat munosabatini shakllantirish, mamlakatning halqaro maydondagi obro'sini yanada mustahkamlash, inson huquqlarini himoya qilish bo'yicha halqaro standartlarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish, milliy qonunchilikni inson huquqlari sohasidagi halqaro-huquqiy standartlar bilan uyg'unlashtirish, shuningdek inson huquqlari hamda manfaatlarini ta'minlashga qaratilgan siyosatni amalga oshirishda milliy va xalqaro tajriba almashishdan iborat.
O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari, Inson huquqlari sohasida O'zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlariga rioya etilishi bo'yicha Parlament komissiyasi raisi Akmal Saidov, GPGF nodavlat tashkiloti eksperti Baronessa Elison Satti va GPGF direktori o'rinbosari Riannon Xollis tadbir ishtirokchilarini samimiy qutladilar.
Anjuman davomida GPGF eksperti Nik Uolker, BMT Inson huquqlari bo'yicha qo'mitasining sobiq raisi va Gruziya parlamentining Yuridik qo'mitasi raisi Eka Besilia, GPGF Loyihalar boshqarmasi xodimlari Isilay Aktas va Elizabett Yashneva davlatlarning inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlari va bu majburiyatlarni bajarishning eng yaxshi amaliyotlari bo'yicha ma'ruzalar qildi.
Muloqotlar davomida pandemiya davrida parlamentlarning faoliyati mavzusida ham fikr yuritildi. Xorijiy mutaxassislarning ta'kidlashicha, koronavirus tufayli joriy etilgan karantin davrida ayrim mamlakatlar parlamentlari o'z faoliyatini butunlay to'xtatgan bo'lsa, ayrimlari masofadan ishlash tizimiga o'tgan.
Ekspertlar O'zbekiston parlamenti, xususan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi o'z faoliyatini bir kun ham to'xtatmaganini e'tirof etdilar. Buning uchun yaratilgan imkoniyat va qulayliklar bilan qiziqdilar.
Shu bilar birga, trening davomida inson huquqlari sohasida xalqaro tizimlashtirish va xalqaro majburiyatlarni bajarish, inson huquqlari sohasida monitoring olib borishda gender tenglik nuqtai nazardan yondashish, inson huquqlari sohasida parlament nazoratini amalga oshirish bilan bog'liq dolzarb masalalar ham muhokama qilindi.
Ma'lumot uchun: O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 22 iyunda qabul qilingan “Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini tasdiqlash to'g'risida”gi farmonida Oliy Majlis palatalariga inson huquqlari sohasida xalqaro majburiyatlarga rioya etilishi bo'yicha parlament komissiyasini tuzish tavsiya etilgandi.
Davlat rahbarining ushbu tavsiyasiga muvofiq, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Kengashi va Senati Kengashi 2020 yil 25 sentyabrda muhim ahamiyat kasb etadigan qo'shma qaror qabul qildi. Qo'shma qarorga asosan, Inson huquqlari sohasida O'zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlariga rioya etilishi bo'yicha Parlament komissiyasi tuzildi.
Parlament komissiyasining asosiy maqsadi – inson huquqlari sohasida mamlakatimizning xalqaro majburiyatlariga rioya etilishiga hamda Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasini amalga oshirishga ko'maklashishdir.
Parlament komissiyasi zimmasiga aniq va ravshan vazifalar yuklangan. Xususan, u inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta'minlash bo'yicha davlat siyosatini amalga oshirishda ishtirok etadi.
Parlament komissiyasi faoliyatini tashkiliy va axborot-tahliliy jihatdan ta'minlashni O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti amalga oshiradi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 10.02.2021
- Ko'rishlar: 4492
- Chop etish