Inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlar bajarilishi holati ko‘rib chiqildi

Oliy Majlis Senati yigirma birinchi yalpi majlisi avvalida senatorlar inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy markazi direktorining O‘zbekiston Respublikasining inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlari bajarilishi holati haqidagi axborotini tingladilar.

Majlisda o‘tgan ikki yil mobaynida O‘zbekiston inson huquq va manfaatlari himoyasini taʼminlash borasida salmoqli yutuqlarga erishgani taʼkidlandi. Jumladan, milliy qonunchilik va huquqiy amaliyotni inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlarga moslashtirish maqsadida xalqaro mehnat tashkilotining “Mehnat xavfsizligi va gigiyenasiga ko‘maklashuvchi asoslar to‘g‘risida”gi konvensiyasi va BMTning “Nogironlar huquqlari to‘g‘risida”gi konvensiya ratifikatsiya qilindi.

Bundan tashqari, senatorlar inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarni bajarishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilinganini taʼkidladilar.

Ushbu hujjatda qiynoqlarni aniqlash va oldini olish yuzasidan jamoat guruhlarini tashkil etish bo‘yicha bir qator normalar belgilangan. Ularning javobgarligi, qiynoqdan jabr ko‘rganlarga ijtimoiy, huquqiy, psixologik yordam ko‘rsatish kabilar shular jumlasidandir.

Bolalar huquqlarini himoya qilish tizimini yana-da takomillashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Bola huquqlarining kafolatlarini taʼminlash tizimini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi. Zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan xotin-qizlarning huquqlarini tiklash, barcha sohalarda xotin-qizlar va erkaklar tengligi tamoyilini tatbiq etishga alohida eʼtibor qaratildi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan xotin-qizlarni reabilitatsiya qilishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori qabul qilindi.

O‘z navbatida, Oliy Majlis Senati tomonidan “O‘zbekiston Respublikasida 2030 yilgacha gender tenglikka erishish strategiyasi” ishlab chiqildi va tasdiqlandi.

O‘zbekistonning inson huquqlarini targ‘ib qilish borasidagi saʼy-harakatlari eʼtirofi sifatida mamlakatimiz birinchi marta BMTning inson huquqlari bo‘yicha Kengashiga uch yillik muddatga (2021-2023) saylandi.

Shu bilan birga, senatorlar inson huquqlari sohasida xalqaro standartlarni qo‘llash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilishni taʼminlash borasida hali hal etilmagan masalalar mavjudligini taʼkidladilar. Xususan, aholini ijtimoiy muhofaza qilish tizimini tubdan isloh qilish, ijtimoiy himoya vositalari va mexanizmlarini xalqaro standartlar asosida qayta ko‘rib chiqish zarurligi qayd etildi.

Huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining inson huquqlari sohasidagi bilim va ko‘nikmalari hali yetarli darajada shakllanmagan, bu esa amaliyotga salbiy taʼsir ko‘rsatmoqda.

Inson huquqlari sohasidagi O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni kechiktirib bajarish yoki noto‘g‘ri ijro etish holatlari alohida tilga olindi. Misol uchun, 46 ta bandning 11 ta band bo‘yicha tadbirlar amalga oshirilmagan.

Bundan tashqari, senatorlar Oliy Majlis palatalari Kengashlari Qo‘shma qarori bilan maʼqullangan BMTning inson huquqlari sohasida taʼlim va o‘qitish to‘g‘risidagi deklaratsiyasi qoidalarini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” lozim darajada bajarilmayotganiga eʼtibor qaratdilar.

Senatning yalpi majlisida har tomonlama va ochiq muhokama yakunlari bo‘yicha tegishli vazirlik va idoralarga zarur ko‘rsatma va tavsiyalar berildi.

Ko‘rib chiqilgan masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining qarori qabul qilindi.

Manba: O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY MAJLISI SENATI

Powered by GSpeech