Inson huquqlari sohasini barqaror rivojlantirish sari

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo'yicha kengashi 2006 yilda tuzilgan. Kengash butun dunyoda dolzarb bo'lgan inson huquqlari himoyasini ta'minlashga qaratilgan BMT tizimidagi eng nufuzli hukumatlararo organlardan biri hisoblanadi. 

Bugungi kunda Inson huquqlari bo'yicha kengashiga 47 ta davlat a'zodir. O'tgan yil oxirida O'zbekiston 2021-2023 yillar davriga ushbu tuzilma a'zosi etib ilk bor saylandi.

Davlatimiz rahbari ta'biri bilan aytganda, mamlakatimiz o'z tarixida ilk marotaba Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo'yicha kengashiga a'zo etib saylangani hamda AQSH Davlat departamenti tomonidan O'zbekiston diniy erkinlik sohasidagi “maxsus kuzatuvdagi davlatlar” ro'yxatidan chiqarilgani keng ko'lamli demokratik islohotlarimizning e'tirofidir.  

Eng muhimi, O'zbekistonning global va mintaqaviy tashabbuslari dunyo hamjamiyati tomonidan katta qiziqish bilan qabul qilinayotgani Prezidentimiz siyosatining oqilona tarzda olib borilayotganidan dalolat beradi.

Butun dunyodagi koronavirus pandemiyasi munosabati bilan Jeneva shahrida Inson huquqlari bo'yicha kengashning navbatdagi yig'ilishi videoanjuman shaklida o'tkazildi. O'zbekiston Prezidenti forumning birinchi kunida nutq so'zladi.

E'tiborli jixati shundaki, Yurtboshimiz Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari bo'yicha kengashining 46-sessiyasi qatnashchilariga o'zbek tilida murojaat qildi.

Davlatimiz rahbari o'z nutqida mamlakatda demokratik yangilanishlarni chuqurlashtirishning ustuvor yo'nalishlari hamda Inson huquqlari bo'yicha kengash doirasidagi ishlarning asosiy vazifalariga batafsil to'xtaldi. Shu bilan bir qatorda, bugungi kunda yurtimizda inson xuquqlari bo'yicha amalga oshirilayotgan yangilanishlar haqida so'z yuritdi. Jumladan,

2030 yilgacha mo'ljallangan BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari mamlakatimizda har bir insonning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta'minlashni ko'zda tutadigan «hech kimni e'tibordan chetda qoldirmaslik» tamoyili asosida amalga oshirilishi, o'z navbatida, bu boradagi ishlar Inson huquqlari bo'yicha oliy komissar Boshqarmasi ekspertlarining faol ishtirokida ishlab chiqilgan Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi doirasida amalga oshirilishi;

gender siyosati masalalari borasida, jamiyatimiz hayotining barcha sohalarida ayollarning rolini tubdan oshirishga qaratilgan ishlarni qat'iy davom ettirgan holda, 2021 yilda O'zbekistonda Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollarining muloqoti va xotin-qizlarning mintaqaviy biznes-forumini o'tkazish rejalashtirilayotgani;

alohida ehtiyojga ega bo'lgan shaxslarning huquqlarini ta'minlashga jiddiy e'tibor qaratilayotgani va nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlari to'g'risidagi yangi qonun kuchga kirgani, endilikda O'zbekiston parlamenti Nogironlar huquqlari to'g'risidagi konventsiyani ratifikatsiya qilishi kutilayotgani;

Xalqaro mehnat tashkiloti va Jahon banki bilan hamkorlikda majburiy mehnat va bolalar mehnatiga barham berish bo'yicha ulkan ishlar amalga oshirilgani, 2021 yil - Bolalar mehnatiga barham berish xalqaro yilida O'zbekistonda Bolalar ombudsmani to'g'risidagi qonun qabul qilinishi;

yoshlar huquqlarini himoya qilish doimo e'tiborimiz markazida ekani haqida alohida ta'kidlandi.

Shu bilan birga, davlatimiz rahbari bir qator amaliy takliflar va global tashabbuslarni ilgari surdi. Xususan:

imkoniyati cheklangan shaxslarning o'z qobiliyatini to'la ro'yobga chiqarish masalalari bo'yicha Mintaqaviy kengash tuzish;

Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida Yoshlar huquqlari bo'yicha butunjahon konferentsiyasini o'tkazish;

BMT Iqtisodiy va ijtimoiy kengashining o'ninchi forumida Yoshlar huquqlari to'g'risidagi konventsiya loyihasini taqdim etish;

Inson huquqlari sohasida ta'lim deklaratsiyasining 10 yilligiga bag'ishlab Oliy komissar Boshqarmasi bilan birgalikda global forum o'tkazish;

Yoshlar huquqlari bo'yicha maxsus ma'ruzachi institutini ta'sis etish.

Bundan tashqari, O'zbekiston Prezidenti fuqaroligi bo'lmagan shaxslar sonini kamaytirish bo'yicha qat'iy choralar ko'rish, qiynoqlarning oldini olish, fuqarolik jamiyati institutlarini yanada rivojlantirish, Sud`yalar kengashlari faoliyatining universal printsiplarini ishlab chiqish masalalariga ham to'xtaldi.

Shunday qilib, Yurtboshimiz ta'kidlaganidek, biz inson huquqlari borasida hali ulkan yo'lning boshida turganimizni anglagan holda,  xalqaro hamkorlarimizning qo'llab-quvvatlashiga umid qilamiz.

O'zbekiston Inson huquqlari bo'yicha kengash a'zosi sifatida xalqaro huquqning inson huquqlariga oid umum e'tirof etilgan printsip va normalarini hamisha qat'iy himoya qiladi va faol ilgari suradi.

Dilnoza Rahimova,
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazi xodimi

Powered by GSpeech