Inson huquqlarining konstitutsiyaviy kafolatlari kuchaytirilmoqda

Konstitutsiyamizda e'tirof etilganidek, inson huquqlari – oliy qadriyatdir. O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yunalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan ustuvor yo'nalishlar va eng muhim vazifalar ijrosi doirasida mamlakatimiz hayotining turli sohalarida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu shiddatli islohotlar zamirida yurtimizda istiqomat qiluvchi barcha insonlarning huquq va erkinliklarini to'liq ta'minlash, ularga munosib turmush tarzi yaratib berish, konstitutsiyaviy huquqlarini himoya qilish maqsadlari mujassamdir.

Inson huquqlari va erkinliklarining konstitutsiyaviy kafolatlari Konstitutsiyamizning 10-bobida belgilab qo'yilgan. Ushbu bobdagi moddalarda davlat fuqarolarning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlangan huquqlari va erkinliklarini ta'minlashi, har bir shaxsga o'z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalarining g'ayriqonuniy xatti-harakatlari ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlanganligi, voyaga yetmaganlar, mehnatga layoqatsizlar va yolg'iz keksalarning huquqlari davlat himoyasiga olinganligi, xotin-qizlar va erkaklar teng huquqli ekanligi ta'kidlangan.

Bu haqda so'z borganda, o'zbek, rus, ingliz tillarida chop etilayotgan “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnalining Mustaqilligimizning 30 yilligiga bag'ishlangan bayram sonida O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi raisi, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan yurist Mirzo-Ulug'bek Abdusalomovning  “Inson huquqlarining konstitutsiyaviy kafolatlari kuchaytirilmoqda” sarlavhali maqolasi chop etilganini ta'kidlash lozim.

Maqolada 2021 yil 27 aprelda yangi tahrirda qabul qilingan “O'zbekiston Respublikasining Konstitutsiya­viy sudi to'g'risida”gi  Konstitutsiyaviy qonunning mazmun-mohiyati va ahamiyati yoritib berilgan. Konstitutsiyaviy sud faoliyatini tartibga soluvchi ushbu yangi qonun 101 ta moddani o'z ichiga olgan.

Qonunni tayyorlashda Armaniston, Bel`giya, Vengriya, Germaniya, Gruziya, Janubiy Koreya, Ispaniya, Rossiya, Tojikiston, Turkiya, Ukraina, Qirg'iziston kabi mamlakatlarning tajribasidan foydalanilgan. Maqola muallifining fikricha, bu boradagi qiyosiy- tahliliy o'rganishlar turli mamlakatlarning Konstitutsiyaviy sudlari tomonidan fuqarolar huquqini himoya qilish funktsiyalariga tobora ko'proq e'tibor qaratilayotganini ko'rsatmoqda.

O'z navbatida, “O'zbekiston Respublikasining Konstitutsiya­viy sudi to'g'risida”gi Konstitutsiyaviy qonunning qabul qilinishi natijasida fuqarolar va yuridik shaxslarga Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish huquqining berilishi Konstitutsiyaviy sud ish hajmining oshishiga olib keladi va Kons­titutsiyaviy sud devoni tuzilmasini takomillashtirish, shtatlarini qayta ko'rib chiqish, unda yuridik, xalqaro aloqalar, fuqarolar va yuridik shaxslar murojaatlari bilan ishlash, zamon talabi asosida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, matbuot xizmati kabi bo'linmalarni nazarda tutishni taqozo etadi”, - deb yozadi muallif.

Maqolani o'rganish asnosida, yangi tahrirda qabul qilingan “O'zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to'g'risida”gi Kons­titutsiyaviy qonun fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini yanada keng va to'la kafolatlash, mamlakatimizda konstitutsiyaviy qonuniylikni mustahkamlash, Konstitutsiya va qonun ustuvorligini ta'minlashga xizmat qilishiga yana bir bor amin bo'ldik.

Shu ma'noda, mazkur maqola bilan nafaqat sud-huquq tizimi xodimlari, balki har bir yurtdoshimiz tanishib chiqishlari kerak. Zero, huquqiy ongi yuksak, o'z huquq va erkinliklarini yaxshi biladigan va himoya qila oladigan fuqarolar kuchli demokratik huquqiy davlat va adolatli fuqarolik jamiyati barpo etishda eng muhim omil bo'lib xizmat qiladi.

Go'zal FAXRIDDINOVA,
«Demokratlashtirish va inson huquqlari»
jurnali tahririyatining bosh mutaxassisi

Powered by GSpeech