INSONIYAT TAFAKKURI JAVOHIRLARI

Uchinchi Renessans poydevori

 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev yangi O'zbekistonni bunyod etish g'oyasini ilgari surar ekan, ushbu buyuk maqsadga erishish uchun, avvalo, ilm-fanni rivojlantirish, zamonaviy ilm-fan yutuqlarini puxta egallash, eng yangi texnika va texnologiyalarni o'zlashtirish, ijtimoiy-iqtisodiy hayotimizga axborot texnologiyalarini joriy qilish, dunyoda inson taraqqiyotini ta'minlashga xizmat qiladigan barcha ilg'or g'oyalarni o'zlashtirishdek pragmatik siyosatni amalga oshirish vazifasini kun tartibiga qo'ymoqda.

Davlatimiz rahbari O'zbekiston Respublikasi mustaqilligining yigirma to'qqiz yilligiga bag'ishlangan tantanali marosimdagi nutqida, Oliy Majlisga Murojaatnomasida hamda 2020 yil sentyabr` oyida O'qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan bo'lib o'tgan yig'ilishdagi ma'ruzasida mamlakatimizda Uchinchi Renessansga poydevor qo'yish tashabbusini ilgari surdi. Ma'ruzalarda donishmand xalqimiz tarixda ikki Renessansni boshidan o'tkazgani alohida tahlil qilinib, millatimizning jahondagi eng ilg'or, taraqqiy etgan xalqlar qatorida bo'lgani barchamizga ulkan g'urur va iftixor bag'ishlashi e'tirof etildi.

Prezidentimizning O'qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan bo'lib o'tgan yig'ilishdagi ma'ruzasida: “Bir o'ylab ko'raylik, ajdodlarimiz bunday yuksak cho'qqilarga qanday erishganlar? Ular, eng avvalo, jaholatga qarshi ma'rifat bayrog'ini baland ko'tarib, o'z aql-zakovati va salohiyatini bashariyat yaratgan ilm-fan yutuqlarini chuqur o'rganish va boyitishga bag'ishlaganlar... Buyuk ajdodlarimizning betakror va noyob ilmiy-ma'naviy merosi biz uchun doimiy harakatdagi hayotiy dasturga aylanishi kerak. Bu o'lmas meros hamisha yonimizda bo'lib, bizga doimo kuch-quvvat va ilhom bag'ishlashi lozim”, degan muhim vazifa qo'yildi.

Yuqoridagi hayotbaxsh g'oyalarda jahonshumul mazmun va mohiyat, tarixiy asos yotibdi. Negaki, xalqimiz o'z o'tmishida ikkita Renessans shukuhini vujudidan o'tkazgan. Birinchisi — Sharq Uyg'onish davri deb ataladigan va insoniyat sivilizatsiyasi rivojiga katta hissa qo'shgan IX-XII asrlar Renessansi, Ikkinchisi — Temuriylar Renessansi — XIV-XV asrlarda dunyo ilm-fani, san'ati, madaniyati, iqtisodiyot, davlatchilik taraqqiyotiga ulkan hissa qo'shgan buyuk o'zgarishlar davri. Bu ikki davrda daho ajdodlarimiz qadimgi tafakkur va ilm ta'sir doirasida bo'lgan jahon sivilizatsiyasini dadil qadamlar bilan oldinga boshladilar.

Shu bois, xalqimiz Uchinchi Renessans poydevorini qo'yish uchun da'vogar bo'lishga har tomonlama haqlidir.

Insoniyat tafakkuri tarixi to'lqinlanib yotgan cheksiz ummonga o'xshaydi. Uning tubi ham, poyoni ham ko'z ilg'amas manzillarga borib tutashadi. Tafakkur mahsuli bo'lgan va insoniyat tamaddunini ta'minlagan bilimlar, kashfiyotlar tarix qatlamlarida quyma oltindek qat-qat bo'lib, kurrai zaminning o'tmishini ham, kelajagini ham zebu ziynatga, ma'noyu mazmunga to'ldirib turibdi.

Ushbu bilimlarni chuqur o'zlashtirmay turib, ilm-fanning hali insoniyatga ma'lum bo'lmagan yangi bosqichiga qadam qo'yish mumkin emas. Bu maqsadga erishish uchun Vatanimizga minglab iqtidorlar, qilni qirq yoradigan zukko olimlar, muhandis-texnologlar kerak bo'ladi. Ularni tarbiyalab voyaga yetkazish uchun esa katta mehnat, moliyaviy quvvat zarur.

Xalqimiz azaldan Komil Inson rutbasiga, ilmu nujumga intilib kelgan. Donishmand millatimiz odamzod yaratgan bilimlarni katta ishtiyoq bilan o'rganibgina qolmay, uni rivojlantirishga beqiyos hissa qo'shib kelgan va bugungi kunda ham ushbu bilimlarga chanqoqlik susaygani yo'q. Davlatimiz rahbarining Prezident maktablari, iqtidorli yoshlar uchun alohida ixtisoslashgan maktab va litseylar barpo qilish borasidagi siyosati, qancha moliyaviy qiyinchiliklar bo'lmasin, amalga oshirilayotgan ishlar ana shu chanqoqlikni rag'batlantirish, yoshlar bilim va ilm cho'qqilarini keng va chuqur egallashi, iqtidorini namoyon qilishiga shart-sharoit yaratib berishga qaratilgani bilan nihoyatda qadrlidir.

Iqtidorli yoshlarimiz dunyoda raqobatga kirisha oladigan darajada bilim olishlari va undan ham o'zib ketishlari uchun zamonaviy binolar qurilib, ular eng ilg'or texnika va texnologiyalar bilan jihozlanmoqda. Ammo Prezidentimiz ushbu yo'nalishdagi suhbat va ma'ruzalarda har doim “Mana, zamonaviy binolarni qurdik, iqtidorli yoshlarimizni bu muassasalarga jalb qilyapmiz. Ammo uning mazmunini nima bilan to'ldiramiz”, degan haqli savolni o'rtaga qo'yadi.

Davlat rahbarining millat kelajagiga qaratilgan ushbu talabini bajarishga hissa qo'shish maqsadida bir guruh olimlar bilan hamkorlikda, Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlar va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo'llab-quvvatlash jamg'armasi moliyaviy ko'magida, Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi, Iste'dodli yoshlarni qo'llab-quvvatlash Ulug'bek jamg'armasi ishtirokida o'ziga xos tashabbus boshlandi. Unga asosan, jahon tarixida insoniyat yaratgan eng buyuk kashfiyotlar, fan yo'nalishidan qat'i nazar, ilm cho'qqilarini o'zida mujassam etgan nodir asarlarni yig'ish, ularni ingliz, rus, frantsuz, nemis, xitoy, fors, yapon, hind va boshqa tillardan o'zbek tiliga o'girib, xalqimizga, ayniqsa, o'sib kelayotgan, Uchinchi Renessansga poydevor qo'yadigan va kelajakda uni yaratadigan yoshlarimizga tortiq etishga qaror qilindi.

Bugungi taraqqiyot darajasiga yetgan insoniyat tafakkuri ming yillar davomida qadamma-qadam shakllangan. Bunda tarixning muayyan davrlarida hukm surgan sivilizatsiyalar va shu davrlarda
yashab, fan, texnika, din, falsafa, adabiyot va san'at sohasida ijod qilgan, inson tafakkurini boyitishda ulkan hissa bo'lib qo'shilgan kashfiyotlar mualliflarining o'rni beqiyosdir.

Ammo ularning yoshlarimiz tomonidan o'qib-o'rganilishi, o'zlashtirilishida ikkita to'siq bor. Birinchisi, bu asarlarni tanlash va topish, sohalar bo'yicha yaratilgan asarlarning eng buyuklari qaysilari ekanini adashmay belgilab olish. Ikkinchisi esa til, bayon va tafakkur tarzining yoshlar chuqur o'zlashtirib olishi uchun anchayin murakkabligi. Ana shu to'siqlarni bartaraf etishni olimlarimiz va yuqorida sanab o'tilgan tashkilotlar o'z zimmasiga oladi.

Bu xayrli ishlarni keng ko'lamda tashkil qilish uchun ilm-fanning turli sohalari bo'yicha alohida-alohida olimlar, tarjimonlar guruhlari tashkil qilindi. Ular tomonidan tanlab olingan asarlar nodir asarlar jamlanmasiga kiritiladi va o'zbek tiliga tarjima qilinib, nashr etiladi. Dunyo sivilizatsiyasi taraqqiyotiga katta hissa bo'lib qo'shilgan buyuk kashfiyotlar, nodir asarlarning bo'lajak turkum jamlanmasi “Insoniyat tafakkuri javohirlari” deb nomlandi.

Ushbu ko'p jildli jamlanmaning diqqatga sazovor jihati shundaki, insoniyat tarixida yer yuzining biror mintaqasida, na Yevropada, na Amerikada Xitoy, Hindiston va boshqa xalqlar tomonidan dunyoning eng yuksak bilimlarini o'zida jamlagan bunday nodir asarlar to'plami yig'ilib, nashr etilmagan. To'g'ri, dunyo kitobatchiligi tarixida jahon adabiyoti, har bir xalqning milliy klassik va zamonaviy adabiyoti ko'p jildlik asarlar to'plamlari nashr etilgan.

Biroq katta mamnuniyat bilan aytishga haqlimizki, O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Uchinchi Renessansga poydevor yaratish borasidagi tashabbusi doirasida dunyo ilm-fanining barcha sohalaridagi nodir asarlarni o'zida qamrab oladigan bunday ko'p jildlikni nashr qilishga jahonda birinchi bo'lib O'zbekistonda kirishildi.

Ushbu jamlanma inson sivilizatsiyasining eng qadimgi davrlaridan boshlab buyuk tafakkur mahsullarini o'z ichiga olayotgani bilan qadrlidir. Jumladan, qadimgi Shumer sivilizatsiyasi, Sharq, Misr, Yunon, Hind, Xitoy falsafalaridan tortib, keyingi eralarda yaratilgan eng nodir ilmiy va badiiy asarlar o'z davri, asriga qarab, xronologik tarzda jild-jild qilib shakllantiriladi.

Sharq falsafasi va aniq fanlarning buyuk namoyandalari — Forobiy, Beruniy, Xorazmiy, Ibn Sino, G'azzoliy va boshqalarning asarlari jamlanmaga kiritiladi. Qadimgi yunon falsafasi namoyandalari — Geraklit, Pifagor, Suqrot, Platon, Aristotel, Demokrit, Gegel, Aflotun, Epikur, Kant, Fixte, Shilling, Nitsshe, Feyerbax singari buyuk siymolarning asarlarini o'zbek tilida o'qish imkoniyati yaratiladi.

Adabiyot sohasidagi asarlar yer sharining mintaqalari kesimida qamrab. olinadi. Sharq adabiyoti — “Avesto”dan tortib, O'rxun-Yenisey yozuvlari, Sharq uyg'onish davri, ilk va o'rta asrlarning keyingi davri adabiyoti namoyandalari. Yevropa adabiyoti — Shekspir, Gyote, Bayron, Mopassan, Rollan, Mark Tven va boshqalar. Amerika adabiyoti — Jek London, Teodor Drayzer, Garsiya Markes va boshqalar. Rus adabiyoti — Pushkin, Lermontov, Tolstoy, Dostoevskiy, Yesenin va boshqalar. Qirg'iz adabiyotidan “Manas” va Chingiz Aytmatov. Qozoq (Abay), tojik (Rudakiy) va boshqa xalqlar adabiyoti vakillari. Shuningdek, Xitoy, Hindiston, Yaponiya, Arab davlatlari, Eron, Turkiya adabiyoti vakillari jamlangan.

Ilm-fan yo'nalishi bo'yicha: fizika, kimyo, astronomiya, matematika va boshqa fanlar sohasida yaratilgan eng buyuk kashfiyotlar, buyuk olimlar asarlarining originallari tarjima qilinib, nashr etiladi.

San'at sohasida — dunyodagi eng mashhur musiqa asarlari, musavvirlik polotnolari, kartinalar, haykallar, buyuk me'morlik namunalarining rasmlaridan iborat kitob-al`bomlar chop etiladi. Masalan, Bax, Betxoven, Motsart, Behzod, Leonardo da Vinchi, Mikelanjelo, Rembrandt va boshqalar.

Yuqoridagilar shunchaki rejalar emas, chunki nodir asarlar jamlanmasining birinchi jildi — “Qadimgi Sharq sivilizatsiyalaridan yodgorliklar” kitobi Respublika iste'dodli yoshlarni qo'llab-quvvatlash Ulug'bek jamg'armasi huzurida faoliyat ko'rsatayotgan “Ta'lim” nashriyotida nashrdan chiqdi.

Insoniyat tarixining bizgacha yetib kelgan buyuk kashfiyotlarini o'rganish, ularni to'plash, o'zbek tiliga tarjima qilish va nashrga tayyorlashda akademik O.Salimov boshchiligidagi M.Mahmudov, H.Boltaboev, SH.Ergashev kabi taniqli olimlar, A.Fayzullo, M.Safarov, T.Qahhor singari ijodkor va tarjimonlar fidoyilik namunasini ko'rsatdilar.

Jamlanmaning birinchi jildiga inson sivilizatsiyasining 5-6 ming yillik tarixga ega bo'lgan buyuk kashfiyotlari, insoniyat taraqqiyotiga xizmat qilgan ilk tafakkur mahsulotlarining yuksak namunalari kiritildi. Mazkur jilddan qadimgi Yaqin Sharq, Shumer, Misr, Xitoy, Hind tamaddunining bebaho kashfiyotlari hamda xalq og'zaki, yozma ijodiy merosining sara asarlari o'rin olgan. Olamshumul shuhratga ega bo'lgan Shumer xalq eposi — “Gilgamish haqida doston” ilk bor o'zbek tilida kitobxonlarga taqdim etildi.

“Qadimgi Sharq insoniyat sivilizatsiyasining beshigi”, deb  bejiz e'tirof etilmaydi. Chunki insoniyatga ma'lum bo'lgan ilk sivilizatsiya Qadimgi Sharqda — Qadimgi Mesopatamiya, Misr, Eron, O'rta Osiyo, Hindiston va Xitoy, ya'ni O'rtaer va Egey dengizlari qirg'oqlaridan Tinch okeanigacha bo'lgan yerlarda sodir bo'lgan.

Qadimgi Sharqning eng dastlabki va sirli sivilizatsiyasi Yaqin Sharqda bo'lib, bu yerda qanday paydo bo'lgani va qanday yo'qolib ketgani haqida hozirgacha ma'lumot topilmagan shumerlar yashagan. Jahon ilm-fani, dinlari, madaniyati, adabiyoti tarixida shumerlarning o'rni juda katta.

Bu sivilizatsiya o'z davri uchun boshqa xalqlardan shu darajada o'zib ketganki, Yaqin Sharq, O'rtaer dengizi havzasi, G'arbiy Yevropa hududidagi xalqlar taraqqiyoti shumer madaniyati ta'siri ostida shakllangan. Shumerlar o'z davri uchun eng aniq hisoblangan matematika va astronomiyaga asos solganlar. Insoniyat hozir ham foydalanib kelayotgan yilni fasllarga, o'n ikki oyga, o'n ikki burjga bo'lish, burchakni, daqiqa va sekundni oltmishga bo'lib o'lchash ham shumerlar kashfiyotidir.

Dunyo olimlari ko'plab yulduzlarni va boshqa osmon jismlarini yunon va arab tillariga tarjima qilinib, shu tillar orqali bizgacha yetib kelgan shumercha nomlar bilan ataydilar. Astronomiya bilan birga paydo bo'lgan va ming yillar davomida inson tafakkurida o'z ta'sirini yo'qotmagan astrologiyani ham shumerlar kashf qilganlar. Eng qadimgi politeizm — ko'p xudolikka asoslangan dinni ham shumerlar yaratgan.

Insonni komillik sari eltuvchi tizimli harakat, fan va san'atni o'qitish bilan shug'ullangan dastlabki maktablar ham miloddan avvalgi III ming yillik boshlarida Shumerning Ur shahrida paydo bo'lgan. Insoniyat tarixidagi birinchi poema — “Oltin davr”ni ham shumerlar yaratgan.

Dastlabki torli musiqa asboblari — lira va arfani, dori tayyorlash, ruhiy ta'sir (gipnoz) orqali davolash bilan ham dastlab shumerlar shug'ullangan va bu ilmni yuqori darajada rivojlantirganlar. Tibbiyotga oid eng qadimgi kitob — dorilar retseptini ham shumerlar yozgan. Shuningdek, odil sudlov va qonuniylik printsipini ham shumerlar hayotga joriy qilgan.

Insoniyat tarixida kulollik charxi, g'ildirak, plug, yelkanli kema, qurilishda ravoq va gumbaz usullari, mis va bronza quyish, igna bilan tikish, mixparchin bilan ulash, kavsharlash, tosh haykal yasash kabi ixtirolarning paydo bo'lishi shumerlar bilan bog'liq. Ular tomonidan kashf qilingan mis va undan foydalanish insoniyatning bronza davriga o'tishini boshlab bergan. Ammo insoniyat sivilizatsiyasiga shumerlar qo'shgan eng katta hissa yozuvning kashf etilganidir. Umuman olganda, shumerlar qirqqa yaqin olamshumul kashfiyot qilganki, ular bugun ham insoniyat xizmatida.

Shumer adabiyotining badiiy qiymati nihoyatda yuksakdir. U ossuriyaliklar va bobilliklar tomonidan to'liq o'zlashtirib olinishi orqali bizgacha yetib kelgan. Xettlar, xurritlar va kan'onlar bu adabiyot namunalarini o'z tillariga tarjima qilganlar. Yahudiy adabiyotining shakli va mazmunida, hatto yunon adabiyotida ham shumer matnlarining kuchli ta'siri sezilib turadi. Olimlar tomonidan shumer adabiyotining sopol va tosh taxtachalarga yozilgan masallari, 9 ta dostoni aniqlangan. Ularning eng mukammali Gilgamish haqidagi dostondir. Ushbu doston mashhur tarjimon, marhum Amir Fayzullo tomonidan o'zbek tiliga o'girildi va jamlanmaning birinchi jildiga kiritildi.

Shuningdek, birinchi jilddan Qadimgi Misr, Xet adabiyoti, Qadimgi Xitoy, Qadimgi Hindiston adabiyoti namunalari joy oldi. Bu adabiyotlar o'z mazmun-mohiyatiga ko'ra, juda qimmatlidir. Siz ularga kiritilgan she'riy va nasriy asarlarni o'qir ekansiz, bugun insoniyatni tashvishga solgan va qalb tug'yonlariga sabab bo'layotgan voqeliklar, muhabbat, sadoqat, odamiylik, qahramonlik, vatanni sevish va uni himoya qilish, odam fe'lining noqisligi, adolatsizlik va unga qarshi norozilik tuyg'ulari bundan 5-6 ming yil avval ham hech qanday o'zgarishlarsiz mavjud bo'lganiga guvoh
bo'lasiz.

Hech shubha yo'qki, “Insoniyat tafakkuri javohirlari” nodir asarlar jamlanmasi olimlarimizning mashaqqatli va sharafli mehnatlari, moliya idoralarimiz, jumladan, Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat
notijorat tashkilotlar va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo'llab-quvvatlash jamg'armasi moliyaviy ko'magida xalqimizga to'liq tortiq etiladi.

Shu kunlarda jamlanmaning ikkinchi jildi — “Avesto” qayta ishlangan, to'ldirilgan holda olimlarimiz tomonidan nashrga tayyorlanmoqda. Buyuk ajdodlarimizdan qolgan bu nodir yodgorlik jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotiga o'ziga xos ta'sir ko'rsatgan bebaho asardir.

Xuddi shuningdek, bir guruh olimlarimiz jamlanmaning uchinchi jildini shakllantirish ustida ish olib boryaptilar. Ushbu jildga miloddan oldingi birinchi ming yillikda ilm-fan sohasida jahonda yaratilgan eng sara asarlar, kashfiyotlar kiritilyapti. Jumladan, Sharq va Yevropa, Hind, Xitoy va boshqa mintaqalarda ushbu davrda yaratilgan yuksak tafakkur mahsuli namunalari jamlanib, saralanib, nashr qilinadi.

Nodir asarlar to'plami mamlakatimizdagi har bir xonadonning kitob javonidan joy olsa, nur ustiga nur bo'lar edi. Insoniyat ilm xazinasining eng sara, buyuk asarlari farzandlarimiz qo'l uzatsa yetadigan javonlarda bo'lishi Uchinchi Renessans poydevorini yaratishda katta imkoniyatlar eshigini ochadi.

Akmal SAIDOV,
akademik

("Yangi O'zbekiston" gazetasi, 2021 yil 16 fevral)

Powered by GSpeech