Jamoatchilik kengashi: xodimlarni “halollikka tekshirish” institutini joriy etish zarur

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi a’zolari korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha qabul qilingan hujjatlar ijrosiga e’tibor qaratdi.

Qayd etilishicha, 2023-2024 yillarga mo‘ljallangan davlat dasturida belgilangan 9 yo‘nalishda 30 banddan iborat vazifa va topshiriqlarning ijrosi ta’minlandi. Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasini takomillashtirishga qaratilgan 12 normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqildi.

Davlat organlarining ochiqligini ta’minlash, davlat boshqaruvi organlari faoliyatini raqamlashtirish bo‘yicha yangi axborot tizimlari ishga tushirildi.

NNTlar uchun korrupsiyaga qarshi kurashish mavzularida Oliy Majlis fondi va uning hududlardagi bo‘linmalari tomonidan 1 milliard 784 million 400 ming so‘mlik grant tanlovlari e’lon qilindi. 41 seminar tashkil etilib, unda 680 nafar NTT va OAV vakillarining malakasi oshirildi.

– Davlat dasturi ijrosi yuzasidan ishlab chiqilgan, lekin hozirda yuqori instansiyalarda ko‘rib chiqilayotgan loyihalar qabul qilinguniga qadar ularni nazorat qilib borish lozim, – deydi Jamoatchilik kengashi raisi Fozil Otaxonov. – Davlat dasturidagi vazifalarning sifatli ijro etilganini o‘rganib, qo‘shimcha ravishda mas’ullarga topshiriq berish orqali amaliyotga samarali joriy etilishi ta’minlanadi. Farmon bilan 2025 yil yanvar holatiga Ochiq ma’lumotlar sifatida joylashtirilishi kerak bo‘lgan ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlar soni 42 taga yetkazildi. Ushbu ro‘yxatni yanada kengaytirishni ta’minlash bo‘yicha ishlarni izchil davom ettirish zarur.

Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2025-2026 yillarga mo‘ljallangan davlat dasturi loyihasida davlat organlari faoliyatida korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, institutsional asoslarni takomillashtirish, javobgarlikning muqarrarligini ta’minlash, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga qaratilgan yettita ustuvor yo‘nalishda vazifalar belgilangan.

Dasturdagi lobbi faoliyatini normativ-huquqiy tartibga solish, davlat xizmatchilarining xorijda hisob raqamlar ochish, ko‘chmas va boshqa mol-mulkka ega bo‘lishiga oid cheklov o‘rnatishning aniq tartibini belgilash, xodimlarni “halollikka tekshirish” institutini joriy etish, korrupsiyaviy jinoyatlar statistikasini yuritishga mo‘ljallangan yagona dasturiy ta’minotni yaratish kabi vazifalarga Jamoatchilik kengashi a’zolari alohida e’tibor qaratmoqda.

Jamoatchilik kengashi raisi o‘rinbosari Yu.Olimova dastur doirasidagi bandlarning bajarilganlik darajasini faqatgina davlat organlari tomonidan berilgan ma’lumotlar bilan baholamasdan, so‘rovnoma orqali aholi fikrini inobatga olgan holda baholash lozimligini ta’kidladi.

Kengash a’zosi A.Tashanov dasturda OAV vakillari uchun surishtiruv jurnalistikasi, tahliliy tadqiqotlar o‘tkazish borasidagi ko‘nikmalarni oshirishga qaratilgan o‘quv kurslarini tashkil etish hamda jurnalistika yo‘nalishi mavjud oliy ta’lim muassasalarida sud jurnalistikasi fanini majburiy fan sifatida o‘qitilishini yo‘lga qo‘yish tashabbuslarini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Bundan tashqari, davlat dasturi loyihasiga tadqiqotlar o‘tkazib, o‘zbek xalq maqollaridagi korrupsiyani oqlaydigan (masalan, “Yegan og‘iz uyalar”), yoshlar ongida korrupsiyaga ijobiy holat ekanligini ko‘rsatadigan maqollarni adabiyotlardan chiqarish bo‘yicha chora-tadbirlarni kiritish taklif etildi.

Huquqni muhofaza qilish akademiyasi o‘qituvchisi I.Mahmudov loyihaga oliy ta’lim talabalarining baho olishga bo‘lgan munosabatini o‘rganish, oliy ta’lim muassasalarining korrupsiyalashganlik indeksini ishlab chiqish taklifini bildirdi.

Norgul Abduraimova, O‘zA

Powered by GSpeech