Zo‘ravonliknig eng keng tarqalgan va murakkab ko‘rinishi – bu bolalarga nisbatan zo‘ravonlikdir. Bunday zo‘ravonlik har joyda: maktabda, oilada, tengdoshlar orasida sodir bo‘lishi mumkin.
BMT Bosh kotibining maxsus vakili Najat Maala bolalarga nisbatan zo‘ravonlik butun dunyoda oila va jamiyat farovonligini ta’minlashdagi asosiy g‘ovlardan biri bo‘lib kelayotganligini aytdi. U bilan bo‘lib o‘tgan qisqa suhbatni e’tiboringizga havola qilamiz.
— Hurmatli Najat Maala, jamiyatda fikrlar juda tez tarqaladigan, ijtimoiy tarmoqlar faol ishlayotgan davrda odamlarning ongini qanday isloh qilish mumkin?
— Buning uchun avvalo oilalar va jamoalarni bilim bilan qurollantirish kerak. Odamlarni passiv qabul qiluvchi emas, faol hamkor sifatida ko‘rish kerak. Bolalar bilan kattalar o‘rtasidagi muloqot — ya’ni avlodlaro muloqotni rivojlantirish juda muhim. Shu bilan birga, ijtimoiy tarmoqlarni ham ijobiy formatda foydalanishimiz, turli formatda xabardorlik kampaniyalari olib borishimiz kerak. Bundan tashqari, diniy va an’anaviy yetakchilarni jalb qilish orqali ularning bolalarni himoya qilishga doir ijobiy bilim va qadriyatlarini ishga solishimiz mumkin. Bu yo‘l ko‘p davlatlarda samara bergan.
— O‘zbekistonda bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik holatlari jamiyat tomonidan mutlaqo qabul qilinmaydi. Ayrim hollarda ijtimoiy tarmoqlarda jinoyatchilarga nisbatan o‘lim jazosini talab qiluvchi chiqishlar ham uchraydi. Bu masalada sizning munosabatingiz qanday?
— Men shaxsan o‘lim jazosiga qarshi bo‘lgan insonman. Albatta, bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik jinoyatdir. Va bu jinoyat uchun jazo bo‘lishi shart. Ammo bu jazo inson huquqlariga zid bo‘lmasligi, adolatli va qonuniy yo‘l bilan amalga oshirilishi kerak. Bundan tashqari, sud jarayonlari tez, samarali va bolalar manfaatiga mos tarzda tashkil etilishi zarur. Shuningdek, jamiyatda bolalar zo‘ravonlikka qarshi chiqishga haqli ekanini tushunish kerak – diniy yoki madaniy qadriyatlar bilan bunday zo‘ravonlikni oqlash mumkin emas.
— Maktablarda jinsiy tarbiyani joriy etish masalasi jamiyatda muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Buni muhim deb hisoblaysizmi? Agar shunday bo‘lsa, uni qanday amalga oshirish kerak?
— Albatta muhim. Jinsiy tarbiya va reproduktiv sog‘liq haqida bilim berish bolalarni himoya qilishning muhim qismi hisoblanadi. Ayniqsa, hozirda bolalar ijtimoiy tarmoqlar orqali noto‘g‘ri, yoshga mos bo‘lmagan ma’lumotlarni qabul qilmoqda. Bu ularni zo‘ravonlik, kiberbulling, jinsiy tahdidlar kabi xavf-xatarlarga duchor qiladi. Maktablarda yoshga mos, ilmiy asosdagi ma’lumotlarni berish – bolani himoya qilish, uni to‘g‘ri xulosalar chiqarishga o‘rgatish, muammolarning oldini olish uchun zarur.
— O‘zbekiston aholisining 35 foizini bolalar tashkil etadi. Shunday ekan, avlodlar o‘rtasida muloqot nihoyatda dolzarb. O‘zbekistonda bu borada olib borilayotgan ishlarni qanday baholaysiz va nimani tavsiya qilgan bo‘lardingiz?
— Men yoshlar parlamenti, nogironligi bo‘lgan bolalarning maslahat kengashi, NNT va inson huquqlari milliy muassasalari bilan uchrashdim. Bu yaxshi boshlanish, lekin yetarli emas. Bola huquqlarini himoya qilish 15 yoshdan emas, bolalikdan boshlanishi kerak. Ko‘p kattalar bolalar fikrini eshitishdan qo‘rqadi, go‘yoki ular erkinlashib, boshqarib bo‘lmasga aylanadi deb o‘ylashadi. Lekin muloqot – ishonchni yaratadi. Ishonch bo‘lmasa, bola yomonlik haqida hech qachon aytmaydi. Shuning uchun kattalarni bolalar bilan muloqot qilishga o‘rgatish, bolalarga tanqidiy fikrlashni shakllantirish juda muhim.
— Ehtimol men so‘ramagan, lekin sizningcha muhim bo‘lgan tavsiyalaringiz bo‘lsa, ular bilan o‘rtoqlashsangiz.
— O‘zbekiston to‘g‘ri yo‘ldan ketyapti. Bu yo‘lda eng muhimi – amaliy natijaga yo‘nalish. Masalan, hozirda bolalar adolati tizimi ham yangilanmoqda. Barcha sohalar ta’lim, sog‘liqni saqlash, adliya, huquqni muhofaza qilish, ijtimoiy himoya bo‘yicha aniq va quyidagi savollarga javob berishimiz kerak: qaysi xizmat ko‘rsatiladi? Uni kim ko‘rsatadi? Narx qancha? Va doimiy ravishda fuqarolar, xususan foydalanuvchilar bilan muloqot qilish – nima yaxshi ishlayapti, qayerda muammo bor. Sudya, ichki ishlar tashkilotlari, ijtimoiy xodim bir joyda uchrashib, tizimni yaxshilash uchun birga ishlashlari kerak.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti islohotlarga ishonadi, lekin shu bilan birga, pragmatik rahbar sifatida bu islohotlar odamlar hayotida o‘zgarish qilganini ko‘rishni istaydi. Bu eng muhim jihat. Qonunlar va strategiyalar bor — endi eng asosiy vazifa ularni amalga oshirish. Islohotlar aholiga yaqin, ularning ehtiyojlariga mos bo‘lishi zarur. Va eng muhimi — odamlar bu jarayonni o‘ziniki deb his qilishlari kerak. Agar xalq mulkdor bo‘lmasa, islohot samara bermaydi. Shuningdek, doim o‘zini tanqidiy baholay olish kerak. Xato bo‘lishi mumkin — lekin muhim tomoni shundaki, xato tan olinib, to‘g‘rilanishi kerak. Men Prezident tomonidan bolalar vaqtini inobatga olinayotganini juda qadrlayman. Chunki bola vaqti – siyosatchilar vaqti emas. Harakat kerak – hozir va shu yerda.
Men uchun bu uchrashuv va suhbat juda qadrli bo‘ldi. E’tibor va qiziqish uchun samimiy minnatdorlik bildiraman. Katta rahmat!
Muhayyo Toshqorayeva yozib oldi, O‘zA
- Qo'shildi: 02.06.2025
- Ko'rishlar: 458
- Chop etish