Koronavirus pandemiyasi butun dunyoni qamrab oldi, davlat, jamiyat va fuqarolar oldiga katta va murakkab sinovlar qo‘ydi, barcha sohalarga o‘zining ta’sirini ko‘rsatdi, eng asosiysi, yangi huquqiy munosabatlarni yuzaga keltirdi. Har bir davlat pandemiyaning keng tarqalishining oldini olish, kasallanganlarni davolash, aholi sog‘lig‘i va hayotini asrash, iqtisodiyotga keltirilayotgan zararlarni yumshatish kabi juda murakkab va mas’uliyatli vazifalarni o‘z oldiga qo‘ygan.
Pandemiya va uning butun jahon hamjamiyati uchun, shu jumladan, BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari doirasidagi noxush ijtimoiy, iqtisodiy va moliyaviy oqibatlari bu borada muvofiqlashtirilgan global javob choralarini ko‘rish, ijtimoiy-iqtisodiy, ilmiy, innovatsion, texnologik va tibbiy salohiyatni safarbar etish zarurligini yana bir bor ko‘rsatmoqda.
Shu maqsadda O‘zbekiston tomonidan ishlab chiqilgan Pandemiyalar davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari to‘g‘risidagi xalqaro kodeks BMT Bosh Assambleyasi 75-sessiyasining rasmiy hujjati sifatida qabul qilindi. Ushbu Kodeksda pandemiyalarga qarshi kurash jarayonidagi xalqaro hamkorlik birdamlik, ochiqlik, o‘zaro yordam va inson huquqlarini ta’minlash tamoyillariga asoslanishining muhimligi ta’kidlangan.
Butunjahon pandemiyasi inson huquqlarini ta’minlash va himoya qilish masalalariga ham o‘z salbiy ta’sirini ko‘rsatmoqda. Ayniqsa, bolalar, ayollar, keksalar, imkoniyati cheklangan shaxslar kabi aholining himoyaga muhtoj guruhlari turli muammolarga duch kelmoqda. Dunyo mamlakatlarida aholining ayrim guruhlarini majburiy emlashni talab qiladigan “emlash siyosati” munozarali bo‘lib qolmoqda. Bundan tashqari, ko‘plab mamlakatlar aholi uchun COVID-19 ga qarshi emlash va test natijalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan “sog‘liqni saqlash pasportlari”ni joriy qilmoqda.
Pandemiya sharoitida jamiyatni himoya qilishga qaratilgan jamoaviy harakatlar oqibatida shaxsiy huquqlarni himoya qilish muammosiga duch kelinmoqda. Bir tomondan, turli sabablar tufayli emlanmaganlarning huquqlarini himoya qilish, ikkinchi tomondan, sog‘liq va xavfsizlikka oid shaxsiy va jamoaviy huquqlarni ta’minlashimiz kerak.
O‘zbekistonda COVID-19 pandemiyasi vaqtida inson salomatligi, uning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, aholini samarali ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ustuvor chora-tadbirlar qabul qilindi. Mazkur vazifalarni amalga oshirishda 50 dan ortiq O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, Prezident va Hukumatning normativ-huquqiy hujjatlari qabul qilindi. Butun mamlakat miqyosida karantin tizimi joriy etildi. Bu boradagi masalalarda aholining mas’uliyatini oshirish maqsadida qonunchilikka tegishli o‘zgartirishlar kiritildi, shuningdek noto‘g‘ri axborot tarqatganlik uchun javobgarlik belgilandi.
Koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash bo‘yicha harakatlar milliy dasturi qabul qilinib, Bosh vazir rahbarligida ikkita – O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasi hamda Inqirozga qarshi kurashish respublika komissiyasi tuzildi. Bu esa, Hukumat va fuqarolik jamiyatining sa’y-harakatlarini birlashtirish, resurslarni safarbar etish, eng asosiysi – odamlar hayotini saqlab qolish imkonini oshirdi.
O‘zbekistonda voqealar fojiali yo‘nalishda rivojlanishiga yo‘l qo‘yilmadi. COVID-19 bo‘yicha o‘lim ko‘rsatkichlari jahon miqyosida eng past darajalardan birini tashkil etishiga erishildi.
Pandemiyaning ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarini yengillashtirish maqsadida aholi va biznesga yordam tariqasida keng ko‘lamli chora-tadbirlar majmuasi qabul qilindi, aholini ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida qator yengilliklar hamda imtiyozlar joriy etildi. Jumladan, bola parvarishi bo‘yicha nafaqa va moddiy yordamlar, mulk va yer soliqlarini to‘lash muddati uzaytirildi. Kreditlar bo‘yicha qaytarilishi lozim bo‘lgan mablag‘larni qaytarish muddati kechiktirildi, shuningdek tibbiyot xodimlarini ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida ularga maxsus qo‘shimcha rag‘batlantirish to‘lovi joriy etildi.
Xorijda bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolarini qaytarish choralari ko‘rildi. Jumladan, 600 mingdan ortiq fuqaro mamlakatga qaytarildi, xorijda qiyin hayotiy ahvolda qolgan 100 mingga yaqin fuqaroga moddiy yordam ko‘rsatildi. Shuningdek, hujjatlarni almashtirish muddatlarini, chet el fuqarolarining mamlakatimizda bo‘lish muddatlarini buzganlik uchun jarima solmasdan turib, ushbu muddatlarni uzaytirish tartibi kiritildi.
Pandemiya davrida insonning asosiy huquqlaridan biri – ta’lim olish huquqini ta’minlashga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi. YuNESKO ma’lumotlariga ko‘ra, 110 dan ortiq davlatda maktablarning yopilishi oqibatida “o‘quv jarayonining uzilishi” ro‘y berib, bu butun jahonda o‘quvchilarning yarmidan ko‘piga ta’sir qilgan bo‘lsa, O‘zbekistonda bunday uzilishning oldini olishga muvaffaq bo‘lindi. Masofaviy ta’lim tizimini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash, uni ta’lim muassasalarida (maktablar, kollej va litseylar, oliy o‘quv yurtlari, maktabdan tashqari ta’lim muassasalari va boshqalarda) joriy etish choralari ko‘rildi.
Ta’lim olish shakli o‘zgarishi, ta’limning masofaviy shaklga o‘tkazilishi maktab o‘quvchilari va talabalarning to‘laqonli hamda sifatli ta’lim olish huquqlariga rioya etilishi borasida bir qator muammolarni keltirib chiqardi.
Xususan:
Ta’lim olish tizimidagi tub o‘zgarishlar, masofaviy o‘qishga o‘tish natijasida quyidagi muammolarni yuzaga chiqardi:
- akademik hamjamiyatning ish kuni davomiyligi oshishi, mehnat sharoitlarining o‘zgarishi;
- o‘qituvchilarning katta qismida masofaviy o‘qitishni tashkil etish uchun zarur bo‘lgan sharoitlar, to‘laqonli masofaviy ishlash uchun texnik jihozlar va axborot texnologiyalari yordamida ishlash bo‘yicha professional ko‘nikmalarning mavjud emasligi;
- tibbiyot, muhandislik va ijodiy (musiqachilar, dizaynerlar va boshqalar) mutaxassisligi bo‘yicha talabalar uchun amaliy mashg‘ulotlar, o‘quv-laboratoriya ishlarini tashkil etish imkoniyatining yo‘qligi.
Pandemiya davlat organlari, sud organlari faoliyatiga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. Dunyoning 90 dan ortiq davlatida favqulodda holatlar e’lon qilinib, inson huquqlariga oid qonunlar va sud orqali himoya qilish huquqini ta’minlash bo‘yicha cheklovlar o‘rnatildi. BMTning Sudyalar va advokatlar mustaqilligi masalalari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi koronavirusga qarshi kurashish holatida ham odil sudlovga oid huquqlarni ta’minlash muhimligini e’tirof etdi.
Sudlarning uzluksiz ishlashini ta’minlash bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi va Rayosatining bir qator qarorlari qabul qilindi. Karantin davrida sudlarda fuqarolarning shaxsiy qabuli to‘xtatilgan bo‘lishiga qaramay, protsessual hujjatlar sudlarga pochta orqali va elektron shaklda taqdim etildi.
Shu bilan birga
Karantin davrida avdokatlarning transportdan foydalanishining cheklanishi yuzasidan advokatlik hamjamiyati tomonidan fuqarolarning himoyaga oid huquqlarini ta’minlashda muammolar keltirib chiqarishi to‘g‘risida murojaatlar ham bildirildi.
O‘zbekistonda pandemiya sharoitida davlat organlari faoliyatida axborot texnologiyalaridan keng foydalanish yo‘lga qo‘yildi. Parlament, Hukumat faoliyatida ham raqamlashtirish jarayoni boshlandi. Shuningdek, davlat xizmatlarining ko‘rsatilishida onlayn tizimni ta’minlash bo‘yicha ishlar amalga oshirildi. Bugungi kunda aholiga 150 turdan ortiq qariyb 25 mln. davlat xizmatlari ko‘rsatilgan.
Davlat xizmatlari agentligi tez va sifatli xizmat ko‘rsatishda kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan davlat idoralariga tegishli javobgarlik choralarini qo‘llashiga qaramasdan, ular tomonidan idoralararo o‘zaro elektron hamkorlikni tashkil qilish, ularni «Elektron hukumat» tizimiga integratsiya qilish ishlari yetarlicha yo‘lga qo‘yilmagan.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati tomonidan davlat xizmatlari ko‘rsatilishi holati o‘rganilishi shuni ko‘rsatdiki, davlat organlari tomonidan aholidan va tadbirkorlik sub’ektlaridan ayrim ma’lumotlar ortiqcha talab qilinishiga chek qo‘yilganligi bilan birga, davlat xizmatlarini ko‘rsatishda idoralararo elektron ma’lumotlar almashinuvi (integratsiya) yo‘lga qo‘yilmaganligi, davlat organlari tomonidan axborot tizimlari hamda arxiv ma’lumotlari to‘plamlarini raqamlashtirish masalalari, shuningdek chet davlatlarda faoliyat yuritayotgan fuqarolar uchun ushbu xizmatlardan foydalanish masalalari ochiq qolgan.
Amaldagi qonunchilikda davlat idoralari tomonidan amalga oshiriladigan tartib-taomillar qonunosti hujjatlarda belgilanganligini inobatga olib, fuqarolarning davlat xizmatlaridan foydalanishda huquq va majburiyatlarini, shuningdek davlat organlarining mas’uliyati va javobgarligini oshirish maqsadida “Davlat xizmatlari ko‘rsatishni tashkil etish asoslari to‘g‘risida”gi qonunni ishlab chiqish maqsadga muvofiq. Qonunning qabul qilinishi davlat xizmatlarini ko‘rsatish bilan bog‘liq barcha asosiy qoidalarni yagona huquqiy hujjatga jamlash va davlat xizmatlari ko‘rsatish instituti orqali davlat organlarining faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini takomillashtirishga xizmat qiladi.
2020 yil ijtimoiy himoya sohasida, hech mubolag‘asiz, burilish yili bo‘ldi. Pandemiya sharoitida aholini ijtimoiy himoya qilishga, fuqarolarni oziq-ovqat, dori-darmon va zaruriy tibbiy mahsulotlar hamda boshqa hayotiy zarur tovarlar bilan uzluksiz ta’minlashga alohida e’tibor qaratildi.
Imkoniyati cheklangan shaxslar, kam ta’minlangan va aholining zaif qatlamlariga beg‘araz manzilli yordam ko‘rsatish tizimi shakllantirildi. Jumladan, “Ijtimoiy himoya yagona reestri”, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan har bir fuqaroni kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha “motivatsiya, ko‘nikma va moliyaviy ko‘mak” tamoyili asosida yangi mexanizm joriy etishga alohida e’tibor qaratildi.
2020 yilda ijtimoiy nafaqa oluvchilar soni ikki baravar – 1,2 million kishiga ko‘paydi. Bu maqsadlar uchun 2016 yilga nisbatan 5 barobar ko‘p mablag‘ ajratilganligiga qaramay, ijtimoiy nafaqa, moddiy yordam miqdorini va bandlik darajasini oshirish uchun davlat byudjetidan qo‘shimcha yana 2,6 trln so‘m ajratildi.
Bu jarayonda nodavlat tashkilotlar va fuqarolik jamiyati institutlari, keng jamoatchilik ham faol ishtirok etdi. Xususan, fuqarolar faol ishtirok etgan “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati doirasida 800 mingdan ortiq kam ta’minlangan oilaga 1 trillion so‘mdan ortiq moddiy yordam ko‘rsatildi.
Koronavirusning oldini olish bo‘yicha maxsus komissiya qarori bilan Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz pandemiya sharoitida BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan inson huquqlari masalalari bo‘yicha hamkorlik qilish uchun mas’ul etib belgilandi. Markaz pandemiya sharoitida inson huquqlari masalalari bo‘yicha xalqaro tuzilmalarning (BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi va shartnomaviy qo‘mitalari, JSST, XMT, YuNISEF, YuNESKO, YeXHT) tavsiyalarida ko‘tarilgan masalalarga davlat organlari e’tiborini qaratdi. Xususan, migrantlar, mahkumlar huquqlarini himoya qilish, mehnat normalariga rioya etish, odil sudlovga oid huquqlarni ta’minlash kabi masalalarga hamkorlikda yechim izlandi.
Rossiya Federatsiyasining Inson huquqlari bo‘yicha vakili hamda Rossiya Prezidenti huzuridagi Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish va inson huquqlari kengashi bilan hamkorlikda pandemiya davrida mingdan ortiq vatandoshimiz yurtimizga qaytib kelishiga, Rossiya fuqarolarining o‘z vataniga, jumladan, maxsus aviaqatnov orqali qaytishiga ko‘maklashildi.
2020 yil iyun oyida BMT va YeXHTning O‘zbekistondagi rasmiy vakillari bilan birgalikda Toshkent viloyati Yuqorichirchiq tumanidagi “O‘rtasaroy karantin markazi”ga tashrif uyushtirildi. Tashrif doirasida karantin hududlarida inson huquqlariga amal qilinishi o‘rganilib, uning natijalari “Pandemiya va inson huquqlari: O‘zbekiston tajribasi” mavzusidagi milliy muloqot doirasida muhokama qilindi. Unda O‘zbekistonning COVID-19 pandemiyasiga qarshi kurashish jarayonida inson huquqlarini ta’minlashga oid milliy choralarni amalga oshirish borasidagi tajribasi muhokama qilinib, taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.
Milliy muloqot tadbirida BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi, BMTning Qiynoqqa qarshi kichik qo‘mitasi, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, YeXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi hamda boshqa xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi. Muloqot yakunlari bo‘yicha karantin markazlaridagi holatni, xalqaro tibbiy-sanitar normalar va inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlar nuqtai nazaridan yaxshilash bo‘yicha choralar ko‘rishga qaratilgan “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi. Shuningdek, koronavirus bilan kurashish paytida inson huquqlariga rioya qilish borasida bir qator uslubiy qo‘llanmalar, videoroliklar ishlab chiqildi.
Tahlillar COVID-19 pandemiyasi sharoitida favqulodda chora-tadbirlar ko‘rish sohasida ayrim qonunlarda aniq mexanizmlarning aks etmaganligi, havolaki normalarning mavjudligi sababli sohaning asosan qonunosti hujjatlari bilan tartibga solinib kelinganligi, shuningdek qonunlarni bugungi kun talablari asosida qayta ko‘rib chiqish hamda takomillashtirish lozimligini ko‘rsatdi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 93-moddasida O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti favqulodda vaziyatlar (real tashqi xavf, ommaviy tartibsizliklar, yirik halokat, tabiiy ofat, epidemiyalar) yuz bergan taqdirda fuqarolarning xavfsizligini ta’minlashni ko‘zlab, O‘zbekiston Respublikasining butun hududida yoki uning ayrim joylarida favqulodda holat joriy etadi va qabul qilgan qarorini uch kun ichida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari tasdig‘iga kiritishi belgilangan. Bunda favqulodda holat joriy etish shartlari va tartibi qonun bilan belgilanadi.
Bu, o‘z navbatida, “Favqulodda holat to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonunni qabul qilish zaruratini yuzaga keltirmoqda. Shu sababli, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq va xorijiy tajribadan kelib chiqib, favqulodda holatni joriy etish holatlari va tartibi, favqulodda holatda qo‘llaniladigan choralar va cheklashlar, favqulodda holat amal qiladigan davr uchun joriy etiladigan maxsus davlat boshqaruv organlari, favqulodda vaziyat sharoitida jismoniy va yuridik shaxslarning, mansabdor shaxslarning huquqlari kafolatlari, favqulodda holat sharoitlarida sudlarning, Ombudsman, Bolalar ombudsmani, Biznes ombudsman va Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markazning faoliyatini tartibga soluvchi va boshqa maxsus qoidalar mustahkamlanishi zarur.
- Qo'shildi: 25.11.2021
- Ko'rishlar: 3842
- Chop etish