Korrupsiyaning oldini olish klasteri joriy etildi
Prezidentimizning 2025 yil 30 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmoni korrupsiyaga qarshi kurashishda sifat jihatdan yangi institutsional yondashuv – Korrupsiyaning oldini olish klasterini joriy etdi.
Mazkur klaster mohiyati va ahamiyati haqida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi raisi, yuridik fanlar doktori, professor Foziljon Otaxonov gapirib berdi:
– Mazkur klaster korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari, ilmiy muassasalar, korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalari hamda fuqarolik jamiyati institutlarining doimiy va tizimli hamkorligiga asoslanadi.
Ilmiy nuqtai nazardan, bunday yondashuv korrupsiyani alohida huquqbuzarlik sifatida emas, balki boshqaruv tizimidagi nuqsonlar, institutsional xavflar va jamoatchilik ishonchiga tahdid soluvchi omillar majmuasi sifatida baholashga xizmat qiladi.
Shu bois, klaster modeli jazolovchi choralar ustuvorligiga asoslangan yondashuvdan voz kechib, korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan profilaktik, tizimli va jamoatchilikka tayangan siyosatni shakllantiradi.
Korrupsiyaning oldini olish klasteri o‘zining huquqiy mohiyatiga ko‘ra, Konstitutsiyada mustahkamlangan davlat hokimiyatining xalq manfaatlariga xizmat qilishi, ochiqlik va shaffoflik hamda fuqarolarning davlat ishlarini boshqarishda ishtirok etish huquqi kabi fundamental tamoyillarga tayanadi. Bu holat korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida davlat organlarining yakka va yopiq sub’ekt sifatida emas, balki jamiyat bilan hamkorlik qiluvchi, hisobdor va ochiq institut sifatida faoliyat yuritishini anglatadi.
Amaliy jihatdan esa, klaster idoralararo hamkorlikni kuchaytirish, korrupsiya xavflarini barvaqt aniqlash va ilmiy tahlilga asoslangan qarorlar qabul qilish imkonini beradi.
Farmonda fuqarolik jamiyati institutlariga korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida jamoatchilik nazoratini amalga oshirish vakolatining belgilanishi mazkur tizimning muhim tarkibiy qismi hisoblanadi.
Jamoatchilik eshituvlari, monitoring va jamoatchilik fikrini o‘rganish kabi mexanizmlar orqali jamoatchilik nazorati deklarativ tamoyil darajasidan chiqib, davlat organlari faoliyatini ochiq, shaffof va hisobdor qilishga xizmat qiladigan amaliy huquqiy instrumentga aylanadi.
Ilmiy adabiyotlarda jamoatchilik nazorati davlat faoliyatini cheklash emas, balki uni samarali va jamiyat manfaatlariga mos ravishda tashkil etishga qaratilgan institut sifatida baholanadi. Mazkur farmon ushbu yondashuvni milliy huquqiy tizimda institutsional jihatdan mustahkamladi.
Korrupsiyaning oldini olish klasterining yana bir muhim jihati unda ilmiy muassasalar va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat, ya’ni komplayens bo‘linmalarining ishtirok etishidir.
Ilmiy muassasalarning jalb etilishi korrupsiyaga qarshi siyosatni dalillarga asoslangan, ilmiy tahlilga tayangan boshqaruv modeliga aylantiradi.
Ichki nazorat bo‘linmalari esa, davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaviy xavflarni boshqarish, xizmat intizomini mustahkamlash hamda institutsional mas’uliyat madaniyatini shakllantirishga xizmat qiladi. Bu holat korrupsiyaga qarshi kurashishni faqat tashqi nazorat va javobgarlik choralariga bog‘lab qo‘ymasdan, ichki mas’uliyat va o‘zini o‘zi nazorat qilish mexanizmlari bilan boyitadi.
Farmonda nazarda tutilgan normalar BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasida belgilangan korrupsiyaning oldini olish siyosati, fuqarolik jamiyati ishtirokini ta’minlash va davlat hamda jamiyat o‘rtasidagi hamkorlik tamoyillariga to‘liq muvofiq keladi. Bu esa, O‘zbekistonning xalqaro korrupsiyaga qarshi majburiyatlarini milliy huquqiy mexanizmlar orqali amaliy jihatdan ta’minlashga xizmat qiladi.
Xulosa qilib aytganda, Prezident farmonida nazarda tutilgan Korrupsiyaning oldini olish klasteri korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida yangi institutsional paradigmani shakllantirdi.
Ushbu model davlat va fuqarolik jamiyati o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, jamoatchilik nazoratini real huquqiy mexanizmga aylantirish hamda korrupsiyaga qarshi siyosatni profilaktika, ochiqlik va hisobdorlikka asoslashga qaratilgan.
Natijada korrupsiyaga qarshi kurashish jazoga asoslangan markazli yondashuvdan voz kechib, konstitutsiyaviy qadriyatlar va jamoatchilik ishtirokiga tayangan barqaror huquqiy tizim sifatida namoyon bo‘ladi.
Norgul Abduraimova,
O‘zA
Ўзбекча
English
Русский