BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Orolbo‘yida

BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Folker Tyurk boshchiligidagi delegatsiya mamlakatimizga tashrifi doirasida Orolbo‘yida ham bo‘ldi.

Delegatsiya a’zolarini Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi A.Orinbayev qabul qildi. Mehmonlarni tashrif bilan qutlab, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Orolbo‘yini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholining farovon hayotini ta’minlash, bugungi kunning dolzarb muammosi hisoblangan ekologik holatni barqarorlashtirish barosida qabul qilingan farmon va qarorlar,  ularning ijrosi yuzasidan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarga to‘xtaldi. Albatta, ushbu islohotlardan ko‘zlangan maqsad – “Inson manfaatlari hamma narsadan ustun” tamoyili asosida inson va uning baxtli kelajagini ta’minlash bo‘lib hisoblanadi.  

BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Folker Tyurk samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirdi. Inson huquqlarini ta’minlash borasida muhim masalalarga to‘xtaldi.  

Mehmonlar shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashida ham bo‘ldi. Vazirlar Kengashi raisi o‘rinbosari, senator A.Daniyarov bilan bo‘lgan muloqotda yoshlarni har tomonloma qo‘llab-quvvashlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan fikr almashildi.  

Kunning ikkinchi yarmida  BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Folker Tyurk Nukus shahridagi "Amudaryo" mahalla fuqarolar yig‘ini faollari bilan uchrashdi. Uchrashuvda hududni obodonlashtirish, aholi murojaatlarining bajarilishi, ularning turmush sharoitini yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan so‘z yuritildi. Mehmonlar mahalla fuqarolar yig‘ini binosi, hududdagi 21-umumta’lim maktabida bo‘ldi.  

I.Savitskiy nomidagi Qoraqalpoq davlat san’at muzeyida joriy yil 10 dekabrda nishonlanadigan Inson huquqlari Umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 75 yilligi hamda Inson huquqlari sohasidagi Vena deklaratsiyasi va Harakatlar dasturi qabul qilinganining 30 yilligiga bag‘ishlangan talaba yoshlar bilan uchrashuv bo‘ldi.  

Shuning bilan BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Folker Tyurk boshchiligidagi delegatsiya a’zolarining Orolbo‘yiga safari yakunlandi.  

 

Dovud ABIBULLAEV,  

O‘zA muxbiri

Powered by GSpeech