She’r – bu hikmatdir

21 mart – Butunjahon she’riyat kuni

 

Bundan 24 yil muqaddam, ya’ni 1999 yil 15 noyabrda bo‘lib o‘tgan YuNESKO Bosh konferensiyasining 30-sessiyasida 21 martni “Butunjahon she’riyat kuni” sifatida nishonlash to‘g‘risida qaror qabul qilingan. YuNESKO qarorida ta’kidlanganidek, she’riyat insonning eng muhim, dolzarb ma’naviy savollariga javob beruvchi vositadir.

Butunjahon she’riyat kunini bayram qilishdan ko‘zlangan asosiy maqsad – she’riyatga keng jamoatchilikning diqqat-e’tiborini imkon qadar ko‘proq jalb etishdan iborat. Ushbu xalqaro sana tantanalari ilk bor YuNESKO qarorgohi joylashgan poytaxt shahar – Parijda 2000 yilda tashkil etilgan.

Hozirgi vaqtda xalqaro she’r bayrami YuNESKOga a’zo barcha davlatlarda, shu jumladan, O‘zbekistonda ham keng nishonlanmoqda. Zero, xalqimiz adabiyotni muqaddas va ulug‘ dargoh, deb biladi. Bu yuksak munosabat badiiyat namoyandalariga, shoiru adiblarimizning ta’sirchan so‘zi, sermazmun asarlariga ishonch, hurmat-ehtirom azaldan yuksak darajaga ko‘tarilganini o‘zida ifoda etadi. 

Mamlakatimizda Alisher Navoiy hazratlari tavalludining 582 yilligi keng nishonlangani buning yorqin tasdig‘idir. Shu munosabat bilan 9 fevralda yurtimizdagi har bir tashkilot, korxona, madaniyat koshonasi, ta’lim muasasasi, mahalla va xonadonlarda Hazratning she’rlari yangradi.

Prezident Shavkat Mirziyoev ta’kidlaganidek, “She’riyatga oshno bo‘lgan inson aslo kam bo‘lmaydi”. Binobarin, Navoiyning ibratli hayoti va serqirra ijodi barcha zamonlar va makonlar uchun birday hikmat va ma’rifat manbaidir.

Ulug‘ bobomiz jahon adabiyoti va madaniyati rivojiga ulkan hissa qo‘shgan bo‘lib, u zotning nomi Homer va Dante, Shekspir va Gyote, Balzak va Pushkin, Nizomiy va Jomiy kabi buyuk mutafakkirlarning nomlari bilan bir qatorda turadi. Shu bois ko‘plab xorijiy mamlakatlarda shoir asarlari turli tillarda nashr etilmoqda, Alisher Navoiyning badiiy va ilmiy merosini o‘rganishga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyalar o‘tkazilmoqda.

Dunyoning Tokio, Shanxay, Vashington, Seul, Moskva, Minsk, Boku, Mozori-Sharif, O‘sh, Dushanbe kabi shaharlarida Navoiy bobomiz sharafiga muazzam haykallar qad rostlab turibdi. Merkuriy sayyorasidagi kraterlardan biri ham buyuk mutafakkir ajdodimiz nomi bilan ataladi.

Bularning barchasi ulkan so‘z san’atkorining asarlari nafaqat o‘zbek xalqi, balki butun insoniyatning ma’naviy merosi ekanidan dalolat beradi. Badiiy tafakkur qonuniyatlaridan boxabar odam borki, Navoiy nazmu nasrining inson tasavvuri va tafakkuridagi noyob badiiy-estetik hodisa ekanini tan oladi. Alisher Navoiy ijodi insoniyatni hamisha kamolotga undaydigan, zamonlar osha ham badiiy, ham tarbiyaviy qiymatini yo‘qotmaydigan bebaho merosdir.

Ayni chog‘da, O‘zbekiston Prezidenti 2023 yil 25 yanvarda “Buyuk shoir va olim, mashhur davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 540 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarorini imzoladi. Qarorda qayd etilganidek, jahon tarixida o‘chmas iz qoldirgan betakror siymolardan biri Bobur buyuk shoir, qomusiy olim, davlat arbobi va mohir sarkarda sifatida butun dunyoda ma’lum va mashhurdir.

Zahiriddin Muhammad Bobur ning beqiyos ilmiy-ijodiy merosi nafaqat milliy madaniyatimiz va xalqimiz adabiy-estetik tafakkurining shakllanishida, balki jahon adabiyoti, ilm-fani va davlatchiligi tarixida alohida o‘ringa ega. Jonajon Vatanimiz milliy rivojlanishning yangi bosqichiga – Uchinchi Renessans davriga qadam qo‘yayotgan, hayotimizning barcha jabhalarida tub o‘zgarishlar yuz berayotgan bugungi kunda Bobur Mirzoning bebaho merosini chuqur o‘rganish va ommalashtirish yanada muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Shuning uchun buyuk ajdodimiz asarlarining milliy va umuminsoniy mohiyatini, uning yosh avlodimiz intellektual va ma’naviy salohiyatini oshirish, farzandlarimizni shu asosda Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari etib tarbiyalash borasidagi ulkan o‘rni va ta’sirini inobatga olib, Bobur Mirzoning ilmiy va ijodiy merosini mamlakatimiz va xalqaro miqyosda yanada keng targ‘ib etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

 Haqiqatan ham, Zahiriddin Muhammad Bobur o‘z asarlari bilan butun Sharq xalqlari badiiy tafakkurini, madaniyatini yangi bosqichga ko‘targan. Bobur asarlarini o‘rganish insonlarni, ayniqsa, yosh avlodni yaxshilikka, Vatanni sevishga undaydi. Shoir asarlarida Vatanning beqiyos boyligi va buyukligini anglash tuyg‘usi, komil insonni tarbiyalash masalalari mohirona tasvirlangan.

Boburning adabiyot, tarix, tilshunoslik, huquqshunoslik, musiqa va geografiyaga oid nodir asarlari qadimiy tariximiz haqida qimmatli ma’lumotlar beradi, milliy o‘zligimizni, madaniyatimizni anglashda muhim manba vazifasini o‘taydi. Birgina «Boburnoma»ning o‘ttizdan ortiq tilga tarjima qilinib, chop etilgani ham buyuk allomaning asarlari butun dunyo xalqlari tomonidan sevib o‘qilishini yaqqol tasdiqlab turibdi. Bobur va uning avlodlari davriga oid bebaho manbalar hozirgi vaqtda jahonning yetmishdan ortiq muzeyida saqlanmoqda.

Bahorning ilk kunida mamlakatimiz bo‘ylab O‘zbekiston xalq shoiri Zulfiya tavalludi keng nishonlandi. Zulfiyaxonim satrlarida vatanparvarlik, insonparvarlik, mehr va muhabbat, sadoqat hamda go‘zallik kabi chin fazilatlar tarannum etilgan. Birinchi Prezidentimizning 1999 yil 10 iyunda qabul qilingan “Zulfiya nomidagi Davlat mukofotini ta’sis etish bo‘yicha takliflarni qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, adabiyot, san’at, madaniyat, fan, ta’lim sohalarida faol izlanayotgan, intiluvchan va tashabbuskor qizlar ushbu yuksak mukofotga sazovor bo‘lmoqda.

Bu mukofot yurtimizning turli hududlarida istiqomat qilayotgan qizlarning orzu-intilishlarini yuzaga chiqarish, ularga qanot bag‘ishlashda muhim ahamiyatga ega. Ushbu mukofotga munosib topilayotgan qizlar safi yildan-yilga kengayib borayotgani, o‘z navbatida, yurtimizda iste’dodli yoshlar ko‘p ekanligi, eng muhimi, ular qalbida Vatan ravnaqiga munosib hissa qo‘shish istagi jo‘sh urayotganini anglatadi.

O‘zbekiston xalq shoiri, O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasining muallifi Abdulla Oripov xotirasi xalqimiz qalbida mangu yashaydi. Qarshi shahrida Abdulla Oripov maktabi va muzeyi tashkil etilgani hamda sevimli shoirimiz haykali qad rostlagani yoshlar uchun faxr va g‘urur timsoli, ma’naviy tarbiya manbai bo‘lib xizmat qilmoqda.

Bularning barchasi bejiz emas. Nega deganda, ustoz Abdulla Oripov o‘zbek adabiyotini yangi bosqichga ko‘targan nodir iste’dod sohibi edi. Atoqli shoirning yuksak badiiy, teran falsafiy she’rlari xalqimiz ko‘nglidan chuqur joy olgan. Dramatik va publitsistik asarlari, doston va tarjimalari adabiyotimiz rivojiga ulkan hissa bo‘lib qo‘shilgan.

O‘z navbatida, davlatimiz rahbarining 2016 yil 7 dekabrda qabul qilingan “O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidov tavalludining 80 yilligini nishonlash to‘g‘risida”gi qarorida davlat va jamoat arbobi, O‘zbekiston Qahramoni Erkin Vohidov ijodiy merosining yosh avlodni Vatanga sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalashdagi ahamiyati alohida qayd etilgan.

Qarorga muvofiq, O‘zbek Milliy akademik drama teatrida O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidov tavalludining 80 yilligiga bag‘ishlangan adabiy-badiiy kecha o‘tkazilgani yurtimiz ma’naviy hayotida ulkan voqea bo‘lgandi. O‘shanda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar, umumiy o‘rta ta’lim muassasalari, harbiy qismlar, mehnat jamoalari, mahallalarda ham adib va olimlar, san’atkorlar ishtirokida uchrashuvlar, adabiy kechalar tashkil etilgan.

Atoqli shoirimiz 1966-2016 yillarda yashab, ijod qilgan xonadon – poytaxtimizning Shayxontohur tumanidagi Al-Xorazmiy 1-tor ko‘chasi 7-uy peshtoqiga yodgorlik lavhasi o‘rnatildi. Ustoz Erkin Vohidovning “Saylanma” asarlari, ingliz va qoraqalpoq tillariga tarjima qilingan she’rlaridan iborat turkum kitoblar nashrdan chiqarildi.

Bunday ezgu ishlar keyingi davrda ham izchil davom ettirilmoqda. Albatta, bularning barchasi davlatimiz va jamiyatimizning adabiyotga, ijod ahliga bo‘lgan beqiyos e’tiboru ehtiromini namoyon etadi.

Yana bir muhim voqelik: Prezidentimiz tashabbusi bilan Namanganda – Is’hoqxon Ibrat, Jizzaxda – Hamid Olimjon va Zulfiyaxonim, Qarshida – Abdulla Oripov, Marg‘ilonda – Erkin Vohidov, Nukusda – Ibroyim Yusupov, Gulistonda – Halima Xudoyberdieva, Andijonda – Muhammad Yusuf nomidagi maxsus ijod maktablariga asos solindi. Xalqimiz sevib-ardoqlaydigan shoirlarimiz nomini abadiylashtirish va ijodiy merosini o‘rganish borasidagi bu ibratli tashabbus keyingi yillarda an’anaga aylandi.

Xulosa qilib aytganda, istiqlol barcha sohalar qatori milliy adabiyotimiz, muazzam she’riyatimiz rivojida yangicha yuksalishlarga asos soldi. Mamlakatimizda she’riyatga, ijod ahliga munosabat borasidagi ezgu yondashuv, avvalambor, xalqimizga xos yuksak badiiy did va she’rsevarlik fazilatining yorqin in’ikosidir. Buni nafaqat ijod ahli, balki adabiyot muxlislari ham yurak-yurakdan his etib yashamoqda.

Shu ma’noda, YuNESKO tashabbusi bilan dunyo miqyosida she’riyat bayrami uchun alohida sana ta’sis etilgani, haqiqatan ham, g‘oyat xayrli ishdir. Zotan, har bitta she’r nihoyatda noyob va o‘ta xususiy hodisa bo‘lgani holda, u butun bashariyatga birdek taalluqli bo‘lgan necha ming yillik hayotiy tajribani, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni, inson zotigagina xos bo‘lgan ijodkorlik va yaratuvchanlik, demakki, ozodlik va obodlik ruhini o‘zida mujassam etadi.

 

G‘ulom Mirzo

Powered by GSpeech