Milliy markazda yaponiyalik professor va talabalar bilan uchrashuv bo‘ldi

16 mart kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida yaponiyalik professor va talabalar bilan uchrashuv bo‘ldi. Tadbir Nagoya universitetining Osiyo huquqiy hamkorlik markazi (CALE) va Nagoya universiteti yuridik fakulteti delegatsiyasining tashrifi doirasida tashkil etildi.

Muloqot asnosida mamlakatimizda so‘ngi yillarda inson huquqlari sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida so‘z bordi. Mehmonlarga, jumladan, “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bo‘yicha o‘tkaziladigan referendum haqida ma’lumot berildi. 

Xalqimiz xohish-irodasi asosida qabul qilinishi rejalashtirilayotgan yangi Konstitutsiyada inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlash – davlatning oliy majburiyati etib belgilangani, insonning shaxsiy huquqlari va erkinliklari kafolati eng ilg‘or xalqaro standartlarga muvofiq kuchaytirilayotganiga oid masalalar atroflicha muhokama qilindi.

Bu o‘rinda Asosiy qonunimizga “Xabeas korpus” instituti, “Miranda qoidalari”, shuningdek, ayblanuvchi va sudlanuvchilarning o‘ziga qarshi ko‘rsatma bermasligi, ya’ni “sukut saqlash” huquqi belgilanayotgani haqida so‘z bormoqda. Yosh avlodning barkamol rivojlanishiga salbiy ta’sir qiladigan har qanday bolalar mehnatining taqiqlanishi ham Konstitutsiyamizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yozib qo‘yilayotgani ta’kidlandi.

Uchrashuvda inson huquqlari sohasidagi davlat siyosatining samarali amalga oshirilishi, inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro va mintaqaviy tuzilmalarning tavsiyalarini bajarish, milliy harakat rejalarini ishlab chiqish, xalqaro shartnomalar qoidalarini milliy qonunchilikka va huquqni qo‘llash amaliyotiga implementatsiya qilishni ta’minlash mavzularida ham fikr yuritildi.

Bundan tashqari, keyingi yillarda mamlakatimizda inson huquqlari sohasida xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar hamda tuzilmalar, xorijiy mamlakatlar milliy institutlari bilan hamkorlikda amalga oshirilgan ishlar haqida axborot taqdim etildi.

Do‘stona va samimiy ruhda o‘tgan uchrashuv yakunida mehmonlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldi. Yaponiyalik professor va talabalar har bir bo‘limga tegishli xizmat xonalarida bo‘lib, Milliy markazning faoliyati bilan atroflicha tanishdilar.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech