Akmal SAIDOV,

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari bo‘yicha kengashi 46-sessiyasining Yuqori darajadagi segmentida so‘zlagan nutqida BMTning “Inson huquqlari yo‘lida harakatga da’vat” tashabbusini hamda 2030 yilgacha mo‘ljallangan Barqaror rivojlanish maqsadlari mamlakatimizda har bir insonning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlashni ko‘zda tutadigan “Hech kimni e’tibordan chetda qoldirmaslik” tamoyili asosida amalga oshirilishini qo‘llab-quvvatlagani bejiz emas. Chunki ushbu umumbashariy tashabbuslar mamlakatimizda inson huquqlari sohasida amalga oshirilayotgan izchil, tizimli va keng ko‘lamli islohotlar bilan uyg‘un hamda hamohangdir.

Shu yil 27 fevral kuni Jeneva shahrida BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 52-sessiyasi ochildi. Sessiyaning Yuqori darajadagi segmenti ishida ishtirok etar ekanman, davlatimiz rahbarining ushbu xalqaro tuzilma minbaridan ilk marta so‘zlagan nutqida ilgari surilgan g‘oya va tashabbuslar naqadar hayotiy ekanligi haqidagi fikrlar yana xayolimni band etdi.

 

Inson huquqlari – insoniyatning umumiy tili

 

BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining joriy yil 4 apreliga qadar davom etadigan sessiyasida dunyoning qariyb 150 ta davlatidan yuqori darajali vakillar qatnashmoqda. Ochilish marosimida BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi raisi V.Balek, BMT Bosh Assambleyasi 77-sessiyasining raisi Ch.Kyoryoshi, BMT Bosh kotibi A.Guterrish, BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari F.Tyurk ishtirok etdi va so‘zga chiqdi.

V.Balek ushbu sessiyaga “Inson huquqlari bo‘yicha kengashning asosiy majlisi” deya ta’rif berdi. Shu nuqtai nazardan, u “Kengashning samarali faoliyat olib borishi uchun ishchanlik muhiti va o‘zaro hamkorlik ruhi”ni qo‘llab-quvvatlash juda muhimligini qayd etdi.

Ch.Kyoryoshi bu yil Vena deklaratsiyasi va Harakatlar dasturining 30 yilligi nishonlanishini ta’kidladi. Ammo, shunday qutlug‘ sanani bayram qilish masalasi, uning taassuf bilan aytishicha, “turli tartibsizliklar, misli ko‘rilmagan ko‘lamlarda, ketma-ket va o‘zaro bog‘liqlikda davom etayotgan bo‘hronlar domida qolgan bugungi dunyomiz uchun ikkinchi darajali yumushga aylandi”, ya’ni zarur ahamiyatini yo‘qotdi.

Chunki koronavirus pandemiyasidan so‘ng dunyo hali ham o‘zini o‘nglay olmayapti: 70 dan ziyod mamlakat qashshoqlik holatida qolmoqda. Insoniyat 2030 yilgacha erishishi mo‘ljallangan Barqaror taraqqiyot maqsadlari yo‘lidan chalg‘ib ketdi.

Qurolli nizolar ko‘paygandan-ko‘paymoqda. Iqlim o‘zgarishlari bilan bog‘liq fojealar inson huquqlari, oziq-ovqat xavfsizligi, aholi sog‘ligi, turarjoy bilan ta’minlash imkoniyati va ba’zan hatto xalqlarning o‘z taqdirini o‘zi belgilashiga taalluqli muhim huquqlarga nisbatan tajovuzlar bilan birlashib, bugungi avlod kelajagiga tahdid solmoqda.

A.Guterrish XX asr davomida va XXI asr boshida insoniyat taraqqiyoti yo‘lida erishilgan natijalar endi ortga ketayotganini afsus bilan qayd etib, ilk bor o‘n yilliklar davomida o‘ta qashshoqlik va ochlik holatlari to‘xtovsiz ortayotganidan tashvish bildirdi. Bugungi kunda iqlim nuqtai nazaridan “qaynoq nuqtalar” hisoblanadigan hududlarda 3,5 milliard aholi yashamoqda. A.Guterrishning qayd etishicha, ana shu ulkan ko‘lamdagi xavotirli hududlar tez orada inson huquqlari uchun o‘ta serkulfat joylarga aylanadi.

Ayni vaqtda yer yuzida zo‘ravonlik, nizolar va inson huquqlarining buzilishi kabi ofatlardan qochishga majbur bo‘lgan insonlar soni misli ko‘rilmagan darajada oshib, 100 million kishiga yetdi. BMT ma’lumotlariga qaraganda, 2023 yilda butun dunyoda insonparvarlik yordamiga muhtojlar soni 339 million nafarga yetgan. Bu raqam 2022 yildagi ko‘rsatkichdan 25 foizga ko‘pdir.

Bosh kotib ayni vaqtda yer yuzida zo‘ravonlik, nizolar va inson huquqlarining buzilishi kabi ofatlardan qochishga majbur bo‘lgan insonlar soni misli ko‘rilmagan darajada oshib, 100 million kishiga yetganini ma’lum qildi. Shu munosabat bilan u qochqinlar va migrantlarning huquqlarini hech bir “kamsitishlarsiz” ta’minlashga chaqirdi. Binobarin, “bizga qochqinlar va migrantlarga yordam berish uchun xavfsiz, tartibli va qonuniy choralar nihoyatda zarur”, dedi A.Guterrish.

 F.Tyurk inson huquqlariga – insoniyatning umumiy tili, deya ta’rif berdi. Uning fikricha, keyingi 75 yil davomida inson huquqlarini qo‘llab-quvvatlash va himoya qilish borasida bir qator ahamiyatli natijalarga erishildi. Ammo qashshoqlik, iqlim o‘zgarishi va tengsizlik kabi yirik muammolar asorati tufayli ayni vaqtda ana shu yutuqlar yo‘li to‘silib qolmoqda va ba’zan ortga qaytish holatlari ham kuzatilmoqda.

Shu munosabat bilan BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari bundan 75 yil ilgari Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasini qabul qilishga olib kelgan ijobiy muhitni qayta tiklashga chaqirdi. Binobarin, mazkur deklaratsiya, bir tomondan,  turli xil madaniyatlarning azaliy donishmandligini o‘zida mujassam etgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, o‘tgan davr mobaynida sayyoramizda tinch hayotni ta’minlab kelmoqda.

 

Yuqori darajadagi segment majlisi tafsilotlari

 

         Bu mavzuda so‘z yuritishdan oldin, albatta, bir tabiiy savolga javob berish taqozo etiladi. Ya’ni, “Yuqori darajadagi segment majlisi” degan ibora nimani anglatadi o‘zi?

Bu savolga muxtasar javob shunday:

birinchidan, BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi sessiyasining Yuqori darajadagi segmentida davlat va hukumat boshliqlari hamda xalqaro tashkilotlar rahbarlari so‘zga chiqadi;

ikkinchidan, har qaysi davlat rahbari nutqida ikkita asosiy masalaga – o‘z mamlakatining inson huquqlari sohasidagi tajribasiga va inson huquqlari bo‘yicha xalqaro tashabbus bilan chiqishga e’tibor qaratiladi.

O‘zbekiston Prezidenti ta’biri bilan aytganda, “Hech kimning unutishga haqqi yo‘q – qonun talablari va inson huquqlari – biz uchun oliy qadriyat”. BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi 52-sessiyasining ochilish marosimidan keyin bo‘lib o‘tgan Yuqori darajadagi segment majlisida ham ayni tartib-taomilga amal qilindi.

Unda Kongo, Chernogoriya, Kolumbiya, prezidentlari, Chexiya va Yaman bosh vazirlari, Qozog‘iston, Serbiya, Tailand, Vetnam, Niderlandiya bosh vazirlarining o‘rinbosarlari, Xitoy, Irlandiya, Paragvay, Chili, Gruziya, Finlyandiya, Malayziya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Indoneziya, Norvegiya tashqi ishlar vazirlari, boshqa bir qator davlatlarning inson huquqlari, barqaror taraqqiyot, atrof-muhit himoyasi masalalariga mas’ul vazirliklari rahbarlari ishtirok etdi.

Majlisda to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki videokonferensaloqa tarzida so‘zga chiqqanlar xalqaro huquqqa va BMT Nizomiga sodiqlik, BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi bilan ko‘p tomonlama va faol hamkorlik, inson huquqlarini himoya qilish istiqbollari haqida to‘xtaldilar. Shuningdek, taraqqiyot, ta’lim, sog‘liqni saqlash sohasidagi huquqlarning muhimligi ta’kidlandi.

Shu o‘rinda O‘zbekiston BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashida faollik va tashabbuskorlik asosida ish olib borayotganini qayd etish lozim. Binobarin, Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi asosida mamlakatimiz Inson huquqlari bo‘yicha kengashga a’zoligi davrida inson huquqlari sohasida eng yuksak standartlarga sodiqligini namoyon qilishga astoydil intilmoqda.

 

BMT Yoshlar strategiyasi – 2030 yilgacha mo‘ljallangan global dastur

 

BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi 52-sessiyasi Yuqori darajadagi segmenti doirasida inson huquqlarining barcha sohalarini qamragan “Yuqori darajadagi Yillik yalpi munozara” ham bo‘lib o‘tdi. Unda mamlakatimiz delegatsiyasi rahbari, shuningdek,  Slovakiya, Hindiston, Boliviya, Koreya Respublikasi, Gonduras davlatlarining tashqi ishlar vazirlari, Tojikiston tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari, Efiopiya, Chad, Namibiya kabi mamlakatlar adliya vazirlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki videokonferensaloqa orqali so‘zga chiqdilar.

Munozaralarda 2030 yilgacha mo‘ljallangan BMT Yoshlar strategiyasini amalga oshirish masalasi ko‘rib chiqildi. Inson huquqlari bo‘yicha kengash oliy minbarida O‘zbekiston delegatsiyasi nomidan BMT Bosh Assambleyasining “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni jadallashtirishda parlamentlarning rolini kuchaytirish to‘g‘risida”gi  hamda BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining “Yoshlar va inson huquqlari” rezolyusiyalarining qabul qilinishi borasidagi mamlakatimiz tashabbusini qo‘llab-quvvatlaganlari uchun BMTga a’zo davlatlarga chuqur minnatdorchilik izhori yangradi.

Tadbir davomida O‘zbekiston delegatsiyasi, bir tomondan, Turkiy davlatlar tashkilotiga raislik qiluvchi mamlakat, ikkinchi tomondan, BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining yoshlar mavzusini dadil ilgari surayotgan faol a’zolari sifatida Turkiy davlatlar tashkiloti mamlakatlari nomidan bayonot bilan chiqdi.

Xususan, yoshlar siyosatining samaradorligi ta’kidlandi. Ayniqsa, ta’lim, bandlik, sog‘liqni saqlash sohalaridagi islohotlar barchamiz uchun muhim bo‘lgan tinchlik, xavfsizlik, adolat va barqaror taraqqiyotga erishishga xizmat qiladi.

Forum ishtirokchilarining e’tibori BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 2021 va 2022 yillarda O‘zbekiston taklifiga ko‘ra qabul qilingan yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi rezolyusiyalariga qaratildi. Shu haqda muxtasar so‘z yuritamiz.

Avvalo, 2021 yil 8 oktyabrda BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 48-sessiyasi doirasida O‘zbekiston tashabbusi asosida Yoshlarning inson huquqlariga COVID-19 pandemiyasi ta’sirining oqibatlari to‘g‘risidagi rezolyusiya qabul qilinganini qayd etish o‘rinlidir. Rezolyusiyani ishlab chiqish va qabul qilish tashabbusi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 46-sessiyasida ilgari surilgan.

Davlatimiz rahbari o‘sha nutqida yoshlar huquqlarini himoya qilishning xalqaro mexanizmlarini mustahkamlash zarurligini alohida ta’kidladi. Binobarin, O‘zbekiston kiritgan Rezolyusiya matni BMT Kengashiga a’zo barcha, ya’ni 47 ta davlat tomonidan bir ovozdan qo‘llab-quvvatlandi.

O‘zbekiston ilgari surgan ushbu xalqaro hujjat loyihasiga dunyoning 37 mamlakati hammualliflik qildi. Bunday hamjihatlik, bir tomondan, davlatimiz rahbari xalqaro hamjamiyat e’tiborini qaratgan mazkur umuminsoniy muammo nechog‘lik dolzarbligini yana bir bor yaqqol namoyon etgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, bu – O‘zbekiston Prezidentining xalqaro tashabbuslari va mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar dasturini jahon jamoatchiligi keng qo‘llab-quvvatlayotganining yorqin dalolati ham bo‘lgandi.

Rezolyusiyaning maqsadi – pandemiya sharoitlarida butun dunyoda yoshlarning ehtiyojlarini ta’minlash, ular duch kelayotgan muammo  va to‘siqlarni bartaraf etishdan iborat. Bu borada, shubhasiz, navqiron avlodning jamiki ezgu manfaatlari, huquq va erkinliklari kafolatlarini, shuningdek, yoshlar salohiyatini mustahkamlashga qaratilgan xalqaro, mintaqaviy va milliy ko‘lamlardagi sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlash hamda rag‘batlantirish masalalari to‘liq ko‘zda tutilgan.

Modomiki, dunyo tobora globallashib, jadal sur’atlarda o‘zgarib va murakkablashib borayotgan XXI asrda yashayotgan ekanmiz, hozirgi zamonning g‘oyat muhim bir voqeligiga e’tibor qaratmasligimiz mumkin emas. Ya’ni, salmoqli inson kapitaliga ega bo‘lgan va bu sarmoya tarkibida yoshlar juda katta o‘rin tutadigan mamlakatlar izchil rivojlanish, innovatsiya salohiyatini muvaffaqiyatli jamg‘arish va o‘z yutuqlarini samarali tasarruf etish borasida ustuvor imkoniyatlarga egadir.

Qolaversa, 2021 yilning avgustida Toshkentda “Global harakatlarga yoshlarni jalb qilish” mavzusida Yoshlar huquqlari bo‘yicha butunjahon konferensiyasi tashkil etildi. BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 2022 yil fevralida bo‘lib o‘tgan 49-sessiyasida so‘zga chiqqan O‘zbekiston vakili ushbu forumni o‘tkazishda ko‘rsatgan yordami uchun BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissariga minnatdorchilik izhor qildi.

O‘z navbatida, yoshlar huquqlari bo‘yicha O‘zbekistonning xalqaro-huquqiy tashabbuslarini amalga oshirish maqsadida qator xalqaro, mintaqaviy va milliy tadbirlar, maslahatlashuvlar tashkil qilindi. Xususan, 2022 yil 4 oktyabrda BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi 51-sessiyasida “Yoshlar va inson huquqlari” rezolyusiyasi qabul qilindi.

Bu Rezolyusiya ham 41 ta davlat, jumladan, O‘zbekiston tashabbusining mahsulidir. Unda yoshlarning o‘z mamlakatlari rivojlanishidagi ishtirokini kengaytirish, navqiron avlod uchun teng imkoniyatlar yaratish, yoshlarni raqamli tahdidlardan himoya qilish, yoshlar uchun inson huquqlari sohasidagi ta’lim bo‘yicha tashabbuslarni ilgari surish, yoshlarning o‘z hayot tarziga ta’sir o‘tkazadigan qarorlarni qabul qilishda qatnashishi kabi masalalar o‘z ifodasini topdi.

Bugungi voqelikka qaytsak, BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi joriy sessiyasi Yuqori darajadagi segmenti ishtirokchilari e’tiboriga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan 2022 yil – “Turkiy dunyoda yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash yili” deb e’lon qilingani haqida ham batafsil axborot taqdim etdik.

Bundan tashqari, 2023 yilda O‘zbekistonda Turkiy dunyo yoshlarining ilm-fan va innovatsiyalar xalqaro kongressi o‘tkazilishiga oid ma’lumot xalqaro forum ishtirokchilari tomonidan e’tirof etildi.

Shunday qilib, O‘zbekiston va Turkiy davlatlar tashkilotining yoshlar huquqlarini rag‘batlantirishga asoslangan yondashuvni ilgari surish borasidagi xalqaro siyosatga sodiqligi jahon hamjamiyati e’tiboriga yetkazildi. Bu yo‘lda istiqbolda qo‘yilajak qadamlar turkiy tilli mamlakatlar yoshlarining faol ishtirokida aniqlashtirilayotgani diqqatga molik ekani BMT Kengashi sessiyasi delegatlari tomonidan alohida ta’kidlandi.

Xalqaro hamjamiyat e’tiboriga Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi doirasida mamlakatimizdagi demokratik o‘zgarishlarni istiqbolda yanada chuqurlashtirishga qaratilgan ustuvor yo‘nalishlar haqida zarur ma’lumotlar taqdim etildi. Yuqori darajadagi segment majlisi ishtirokchilariga yurtimizda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotning mazmun-mohiyati va ahamiyati yuzasidan batafsil axborot berildi.

O‘zbekiston BMT va uning ixtisoslashgan institutlari bilan o‘zaro manfaatli hamorlik aloqalarini yanada kengaytirish istagida ekani e’tirof etildi. Shu ma’noda, BMTning Qiynoqlar bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi E.Edvardsning joriy yilda yurtimizga tashrifini tashkil etish, shuningdek, kelgusida Osiyo qit’asida inson huquqlari bo‘yicha mintaqaviy mexanizm yaratishga ko‘maklashishga oid rejalarni ro‘yobga chiqarish uchun izchil sa’y-harakatlar davom ettirilishi ma’lum qilindi.

Bundan tashqari, mamlakatimiz delegatsiyasi BMTning Yoshlar huquqlari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi lavozimini ta’sis etish yuzasidan ilgari surilgan Toshkent tashabbusi BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi tomonidan qo‘llab-quvvatlanishiga ishonch bildirdi. 

 

“Markaziy Osiyo – o‘lim jazosidan xoli mintaqa”

 

Inson huquqlari bo‘yicha kengashning 52-sessiyasi doirasida  O‘zbekiston delegatsiyasi o‘lim jazosini bekor qilish masalasiga oid yuqori darajadagi tadbirda ham ishtirok etdi. Unda Markaziy Osiyo davlatlari va Mongoliya delegatsiyalari rahbarlari, “O‘lim jazosiga qarshi xalqaro komissiya” nohukumat tashkiloti vakillari bilan muloqotlar bo‘lib o‘tdi.

 Uchrashuv tomonlaridan biri, ya’ni “O‘lim jazosiga qarshi xalqaro komissiya” Ispaniya tashabbusi bilan 2010 yilning oktyabrida Madridda tashkil etilgan. U o‘lim jazosi qo‘llanayotgan mamlakatlarda ushbu shafqatsiz jazo turining taqiqlanishi yo‘lida ish olib borayotgan mustaqil tashkilotdir.

Tadbirda “O‘lim jazosiga qarshi xalqaro komissiya” prezidenti, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha sobiq oliy komissari N.Pilley, Komissiya vitse-prezidenti, Shveysariyaning sobiq Prezidenti va Tashqi ishlar vaziri R.Dreyfus, Mongoliya sobiq Prezidenti, mazkur Komissiyaning komissari S.Elbegdorj va boshqalar so‘zga chiqdi.

O‘zaro muloqotlar asnosida Markaziy Osiyo mamlakatlari va Mongoliyani o‘lim jazosidan holi mintaqaga aylantirish masalasi yuzasidan o‘zaro fikr almashildi. Uchrashuvda O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari mamlakatimizda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarning ahamiyati haqida to‘xtaldi.

Bu bejiz emas. Chunki Asosiy Qonunimizda o‘lim jazosini taqiqlashga oid norma belgilanishi ko‘zda tutilmoqda va bunday oqilona qadam, shubhasiz, insonning yashash huquqini kafolatlashga xizmat qiladi. Prezident Shavkat Mirziyoev ta’biri bilan aytganda, “Yashash huquqi – har bir insonning tabiiy huquqi bo‘lib, unga bu huquqni davlat emas, Yaratganning o‘zi ato etgan”.

Eng muhimi, O‘zbekiston butun dunyo mamlakatlarining qonunchiligidan o‘lim jazosiga hukm etishga oid normalarni bosqichma-bosqich chiqarib tashlash tashabbusini hamisha qo‘llab-quvvatlaydi.

O‘zbekiston delegatsiyasining Jenevaga tashrifi doirasida, shuningdek, AQSh Davlat kotibining Demokratiya, inson huquqlari va mehnat huquqi masalalari bo‘yicha yordamchisi vazifasini bajaruvchi E.Barklay hamda Islandiya Tashqi ishlar vaziri T.Gilfadottir bilan ikki tomonlama uchrashuvlar tashkil etildi.

Yuqori darajadagi segment doirasida Islom mamlakatlari tashkilotiga a’zo davlatlar delegatsiyalari rahbarlari va mazkur xalqaro tashkilot Bosh kotibi X.Taxa bilan ham uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvlar yakunida tomonlar BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi sessiyasi doirasida muhokama qilinayotgan dolzarb mavzular yuzasidan yagona nuqtai nazarga ega bo‘lish muhimligini ta’kidladilar.

Xulosa qilib aytanda, BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining a’zosi sifatida O‘zbekiston inson huquqlari bo‘yicha xalqaro huquqning umum e’tirof etilgan prinsiplari va normalarini qat’iy himoya qilmoqda. Chunki inson huquqlari universal qadriyat bo‘lib, Prezidentimiz ta’kidlaganidek, “Bu ustuvor tamoyilsiz yer yuzida tinchlik, xavfsizlik va barqaror taraqqiyotga erishib bo‘lmaydi”.

 

Manba: “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali, 2023 yil, №1(97)

Powered by GSpeech