NNTlar Konstitutsiyani qo‘llab-quvvatlamoqda

Termiz shahrida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy markazi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti, Barqaror rivojlanish markazi, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi hamkorligida "Yangi tahrirdagi konstitutsiya va fuqarolik jamiyati" mavzuiga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi.

Surxondaryo viloyatidagi nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari, oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, ommaviy-axborot vositalari xodimlari ishtirok etgan tadbirda xalqimiz xohish-irodasi bilan Bosh Qomusimizga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar mamlakatimiz taraqqiyoti va aholi farovonligini ta’minlashga, Yangi O‘zbekistonni yangi bosqichda yuksaltirishga xizmat qilishi ta’kidlandi. Yangilanayotgan Konstitutsiyaning mazmun-mohiyati to‘g‘risida so‘z yuritildi.  

Qayd etildiki, mamlakatimizda so‘nggi yillarda fuqarolik jamiyati institutlari roli va ahamiyatini tubdan oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. 200 dan ortiq akt, xususan, O‘zbekiston Respublikasining 2021–2025 yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi amalga oshirilmoqda.  

O‘zbekistonda keyingi besh yilda fuqarolik jamiyati institutlari 22 foizga oshib, 200 ga yaqin yirik nodavlat notijorat tashkiloti faoliyat boshladi. Ayni paytda ular jamiyatimizda yuz berayotgan o‘zgarish va yangilanishlarga daxldorlik hissi bilan inson qadr-qimmati, huquq va erkinliklarini ta’minlash, ularning qonuniy manfaatlarini himoya qilish, aholining huquqiy madaniyatini oshirish, jamiyatda bag‘rikenglik va inson huquqlariga doir madaniyatni shakllantirish hamda yurtimizni barqaror rivojlantirishning eng muhim vazifalari ijrosida faol ishtirok etmoqda.  

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatini yanada rivojlantirib, kuchli jamoatchilik nazorati o‘rnatishda ham muhim ahamiyat kasb etadi.  

Davra suhbatida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti direktori, yuridik fanlari doktori, professor Murodjon Turg‘unov, bo‘lim boshlig‘i, yuridik fanlari doktori, professor Mirodil Baratov, bosh ilmiy xodim, yuridik fanlari doktori, professor Nig‘monjon Azizov va boshqalarning "Yangi tahrirdagi Konstitutsiya va fuqarolik jamiyati", "O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga oid referendum: mohiyat va tartib-taomillar" singari mavzulardagi ma’ruzalari bilan ishtirok etdi.  

–Yangilanayotgan Konstitutsiyamizda ilk marta fuqarolik jamiyati institutlariga ta’rif berilib, fuqarolik jamiyati institutlari, shu jumladan jamoat birlashmalari va boshqa nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, ommaviy axborot vositalari fuqarolik jamiyatining asosini tashkil etadi, degan norma kiritilmoqda, – dedi O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari Milliy assotsiatsiyasi Surxondaryo viloyati bo‘linmasi boshlig‘i Gulnora Xodjaniyazova. – Shuningdek, yangi tahrirdagi asosiy qonunimizga kiritilayotgan o‘nga yaqin o‘zgartish va qo‘shimchalar ham nodavlat notijorat tashkilotlarining yanada samarali faoliyat yuritishini ta’minlashga xizmat qiladi. Masalan, yangilanayotgan Bosh Qomusimizning 15-moddasida davlat va uning organlari, boshqa tashkilotlar, mansabdor shaxslar, fuqarolik jamiyati institutlari hamda fuqarolar Konstitutsiya va qonunlarga muvofiq ish yuritadilar yoki 56-moddasida Inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilishning mavjud shakllari hamda vositalarini to‘ldiradi, fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga va inson huquqlari madaniyatini yuksaltirishga ko‘maklashadi.  

Davlat inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar faoliyatini tashkil etish uchun shart-sharoitlar yaratadi, degan norma belgilanayotir.  

XIII-bobning nomi “Jamoat birlashmalari”dan “Fuqarolik jamiyati institutlari” ga o‘zgartirilmoqda. Bu Konstitutsiyaning mazkur bobidagi sub’ektlar doirasi kengaytirilayotganini anglatadi. Konstitutsiya davlat OAVlar faoliyatining erkinligi, ularning axborotni izlash, olish, undan foydalanish va uni tarqatishga bo‘lgan huquqlari amalga oshirilishini kafolatlashini nazarda tutuvchi yangi norma (81-modda) bilan to‘ldirilmoqda.  

Davra suhbatida fuqarolik jamiyati institutlariga oid konstitutsiyaviy tuzatishlar mamlakatda so‘z erkinligi, davlat organlari faoliyatining ochiqligi va oshkoraligini ta’minlash, OAV vakillarining ular ko‘rsatayotgan axborot xizmatlari uchun mas’uliyatini oshirishga xizmat qilishi, barcha sohalarda kuchli jamoatchilik nazorati o‘rnatib, jamiyat va davlat o‘rtasidagi muloqotni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqishi, uning qabul qilinishi “Inson qadri uchun” tamoyili asosida xalq farovonligini yanada yuksaltirib, davlat va fuqarolik jamiyatini izchil rivojlantirish uchun mustahkam asos yaratishi xususida atroflicha fikr almashildi. Ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga javob berildi.  

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA

Powered by GSpeech