Insonga nisbatan qiynoq va shafqatsiz muomala butun dunyoda xalqaro shartnomalar bilan ham, milliy qonunchilik bilan ham birdek taqiqlangan. Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlari Konstitutsiyalari har qanday sharoitda va istisnolarsiz qiynoq va shafqatsiz muomalani taqiqlaydi.
Qiynoqlar va shafqatsiz muomala vaqti-vaqti bilan huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan qo‘llansa-da, hukumat ushbu holatlarga barham berish uchun muntazam ravishda choralar ko‘rib keladi. Bunday holatlarga nisbatan eng yuqori darajadagi murosasizlikni ta’minlash, shuningdek, samarali normativ-huquqiy bazani ishlab chiqish qiynoq holatlarining oldini olishda yordam beradi.
Joriy yil 20 aprel kuni Olmaota shahrida “Qiynoqlar va shafqatsiz muomalaning oldini olish: xalqaro va yevropacha standartlar hamda ilg‘or tajriba” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbir Yevropa Kengashi tomonidan “Markaziy Osiyoda qonun ustuvorligi: 2020-2023” dasturi doirasida tashkil etildi.
Xalqaro konferensiyada qiynoqlar va shafqatsiz muomala holatlarini tekshirish bilan bog‘liq asosiy masalalar, shuningdek, ushbu muammoni hal qilishda turli davlat organlarining roli sarhisob qilindi. Bunda prokurorlar, tergov organlari, sudyalar va inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha milliy institutlar, Milliy preventiv mexanizmlar samaradorligiga jiddiy e’tibor qaratildi.
Ushbu konferensiyada 10 dan ortiq davlatdan 100 ga yaqin prokuror va sud organlari, milliy huquqni muhofaza qiluvchi organlar va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, advokatlar, xalqaro tashkilotlar namoyandalari, xalqaro ekspertlar ishtirok etdi.
Tadbir ochilishida Qozog‘iston Respublikasi bosh prokurori Berik Asilov, Qozog‘iston Respublikasi Inson huquqlari bo‘yicha vakili Artur Lastaev, Qozog‘iston Respublikasi Oliy sudi raisi Aslambek Mergaliev, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi raisining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov, Yevropa Kengashining hamkorlik dasturlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha direktori Klaus Noykirx, Yevropa Ittifoqining Qozog‘istondagi elchisi Kestutis Yankauskas so‘zga chiqdilar.
Berik Asilov Qozog‘istonda qiynoqlar bo‘yicha jinoiy ishlarni faqat prokurorlarga tergov qilish vazifasi yuklatilganini, Istanbul protokoli tamoyillariga muvofiq qiynoqlarni tergov qilish bo‘yicha ko‘rsatma va metodologiya ishlab chiqilganini, tergov organlari va axloq tuzatish muassasalari binolarini kuzatish kameralari bilan jihozlash ishlari olib borilayotganini ta’kidladi. Prokuratura organlari tergov harakatlarini onlayn rejimida, uzluksiz kuzatib borish imkoniyatiga ega ekaniga e’tibor qaratdi.
Artur Lastaev Qozog‘istonda qiynoqlarning oldini oldini olish bo‘yicha katta ishlar amalga oshirilayotganini, ayniqsa, Ombudsman ofisi tomonidan murojaatlarni ko‘rib chiqish, preventiv tashriflarni amalga oshirish orqali qiynoq holatlari ancha kamayganini ta’kidladi. Shu bilan birga, milliy preventiv mexanizm to‘g‘risida maxsus qonun ishlab chiqish zarurligini bildirdi.
Qozog‘istonlik ishtirokchilar joriy yil 17 martda imzolangan “Jinoyat protsessida, jazoni ijro etish, shuningdek, qiynoq va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala turlarining oldini olish sohasida inson huquqlari masalalari bo‘yicha Qozog‘iston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunga alohida to‘xtaldilar. Ayni qonun qiynoqlarning oldini olish va mahkumlar huquqlari kafolatlarini mustahkamlashda katta ahamiyat kasb etmoqda.
Mazkur qonunga ko‘ra, Qozog‘istonda shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala uchun javobgarlik joriy etildi, binobarin bunga qadar Qozog‘iston Jinoyat kodeksining 146-moddasi faqat “qiynoq” uchun javobgarlikni nazarda tutgan, xolos. Endilikda qiynoqlar uchun jazo choralari kuchaytirildi, tergov jarayonida noqonuniy xatti-harakatlarning oldini olish uchun tergov harakatlarini audio va video yozib olish imkoniyatlari, mahkumlar huquqlari ham kengaytirildi.
Shu o‘rinda O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 235-moddasida qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash uchun javobgarlik nazarda tutilganini ta’kidlash lozim. Bu, o‘z navbatida, BMTning Qiynoqlarga qarshi konvensiyasi talablariga to‘la muvofiqdir.
O‘zbekistonlik ishtirokchilar mamlakatimizda yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasidan odil sudlovni ta’minlash, qiynoqlarning oldini olish va inson huquqlarini ta’minlashda katta ahamiyat kasb etadigan normalar joy olganini ta’kidladilar. Ayniqsa, Inson huquqlari sohasidagi milliy ta’lim dasturi doirasida tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergovni amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalari xodimlari uchun qiynoqqa solishga qarshi kurashish bo‘yicha qisqa muddatli o‘quv kurslari tashkil etilgani xalqaro ekspertlar diqqatini tortdi.
Muloqot asnosida mamlakatamizda qiynoqqa solishdan jabrlanganlarga yetkazilgan zararni qoplash tartibi to‘g‘risidagi normalarga taalluqli bir qator savollar berildi. Ushbu savollarga o‘zbekistonlik ishtirokchilar tomonidan to‘liq javob qaytarildi. Binobarin, xalqaro anjuman ishtirokchilari O‘zbekistonda ayni yo‘nalishda erishilgan yutuqlarni namuna olishga munosib ijobiy milliy tajriba sifatida yuqori baholadilar.
Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudining sudyasi Latif Guseynov qiynoq tushunchasiga bo‘lgan yondashuv o‘zgarib borayotgani, bundan bir necha yil oldin qiynoq sifatida baholanmagan harakatlar bugun ayni shunday baholanishi sabablarini tushuntirib berdi. Bundan kelib chiqadigan xulosa shuki, barcha mamlakatlar milliy qonunchiligida qiynoqlarning ta’rifini xalqaro standartlar bilan muvofiqlashtirishi lozim.
Ishtirokchilar tomonidan qiynoqlarni oldini olish bo‘yicha Qirg‘iziston tajribasi ham ijobiy baholandi. Qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha Qirg‘iziston Respublikasi Milliy markazi direktori Bakit Risbekov o‘z mamlakatida qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha milliy preventiv mexanizm alohida davlat organi sifatida tashkil etilgani, uning xodimlari immunitet huquqidan foydalanishi, Milliy markaz tavsiyalari majburiy tusga egaligi kabi muhim omillarga to‘xtaldi. Qirg‘izistonda qiynoq bilan bog‘liq jinoyatlar prokuratura tergovidan Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasiga o‘tkazilishi bunday jinoyatlarning sudga chiqarish foizini kamaytirib yuborganiga e’tibor qaratildi.
Shu jihatdan, Moldava Respublikasi sobiq Ombudsmani va sobiq Adliya vaziri o‘rinbosari, xalqaro ekspert Anatoliy Muntyanu qiynoqqa solish jinoyatlarini tergov qilishni alohida organ tomonidan amalga oshirilishi to‘g‘risida bildirgan fikrlari ahamiyatlidir. Zotan, bunday yondashuv manfaatlar to‘qnashuvining olini olishga yordam beradi.
Xalqaro anjumanda huquqni muhofaza qiluvchi organlar, inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar va sud tizimi uchun yagona qiynoq va shafqatsiz muomalaning oldini olish bo‘yicha inson huquqlari standartlariga rioya etilishini ta’minlash bo‘yicha sa’y-harakatlarni birlashtirish zarurligi alohida ta’kidlandi. Bu boradagi tavsiyalar loyihasi keng muhokama qilindi.
Xalqaro ekspertlar va mahalliy mutaxassislar tomonidan bildirilgan fikr-mulohazalarni umumlashtirib, mamlakatimizda qiynoqlarning oldini olish borasidagi ishlarni yanada takomillashtirishda bir qator muhim omillarga e’tibor qaratish lozim, degan fikrdamiz. Jumladan:
- huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan qo‘llanadigan har qanday kuch ishlatish maqsadga mutanosib bo‘lishi kerak;
- hibsga olinganlarga qiynoqlar qo‘llashga va shafqatsiz muomalada bo‘lishga nisbatan sanksiyalar ko‘zda tutilishi lozim;
- bunday noqonuniy holatlar yuzasidan zudlik bilan tergov o‘tkazilishi va huquqbuzarlar jazosiz qolmasiligi ta’minlanishi maqsadga muvofiq;
- tergov harakatlari zarur vakolatlarga ega va tergovdan to‘liq mustaqil bo‘lgan tergovchilar tomonidan olib borilishi kerak;
- tergov harakatlari qisqa vaqt ichida boshlanishi hamda keyingi amaliy choralarni tushuntirib beruvchi majburiy yo‘riqnoma va boshqa ko‘rsatmalar ishlab chiqilishi kerak;
- huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari muntazam ravishda qiynoqqa solish va shafqatsiz muomala turlari taqiqlanishi to‘g‘risida ogohlantirilishlari hamda boshlang‘ich va uzluksiz kasbiy tayyorgarlik davomida inson huquqlari bo‘yicha xalqaro shartnomalar normalari bo‘yicha o‘qitilishlari lozim.
Xulosa qilib aytganda, qiynoq va boshqa shafqatsiz muomala turlari dunyoning istalgan mamlakatida uchrashi mumkin va bunday achinarli holat odatda ayrim shaxslarning o‘z shaxsiy qarashlari hamda bevosita vaziflarini professional darajada amalga oshirmaganligi oqibatida yuz beradi. Binobarin, qiynoq va boshqa har qanday shafqatsiz muomalaga nisbatan davlat hokimyati har doim toqatsiz munosabatda bo‘lishi va tegishli qat’iy choralar bilan bunday salbiy holatlar yuz berishining oldini olishi hamda aybdorlarni jazolashi shart.
Rustam Atovulloev,
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazi bosh yuriskonsulti
- Qo'shildi: 28.04.2023
- Ko'rishlar: 4581
- Chop etish