KONSTITUTSIYAVIY SHIKOYAT INSTITUTI: ZAMONAVIY YONDASHUVLAR VA AMALIY HARAKATLAR SAMARASI

Samarqandda Markaziy Osiyo mamlakatlarida konstitutsiyaviy shikoyat instituti modellarining rivojlanish tendensiyalariga bag‘ishlangan xalqaro anjuman bo‘lib o‘tmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi va Yevropa kengashining huquq orqali demokratiya uchun Yevropa komissiyasi (Venesiya komissiyasi) hamkorlikda uyushtirgan tadbirda mamlakatimiz olimlari va ekspertlari, sud-huquq idoralari xodimlari qatorida Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston, Moldova va Fransiyadan kelgan ekspertlar, xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi raisi M.Abdusalomov, Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari A.Saidov va boshqalar O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli demokratik islohotlar, yangi tahrirdagi Konstitutsiyada ilk bor belgilangan konstitutsiyaviy shikoyat instituti mohiyati va ahamiyati, bu yo‘nalishda xalqaro tajribani o‘rganish hamda Venesiya komissiyasi va unga a’zo mamlakatlar konstitutsiyaviy nazorat organlari bilan hamkorlikni mustahkamlash borasidagi dolzarb vazifalar xususida so‘zladi.

Ta’kidlanganidek, Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida belgilangan vazifalarga muvofiq, sud-huquq tizimini isloh qilish, fuqarolar konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini kafolatlash, ishonchli himoya qilish, uning huquqiy asoslarini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilyapti. 2021 yilda “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy qonun qabul qilinishi inson huquqlarini himoya qilish tizimida Konstitutsiyaviy sudning rolini yanada oshirishga xizmat qilmoqda. Mazkur qonunga muvofiq, mamlakatimizda konstitutsiyaviy shikoyat instituti joriy etildi. Inson huquq va manfaatlarini himoyalashda muhim o‘rin tutuvchi bu zamonaviy tizim yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda ham o‘z aksini topdi.

Konstitutsiyaviy shikoyat instituti joriy etilishi Konstitutsiyaviy sudda ish hajmi keskin oshishiga olib kelishi tabiiy. Shuning uchun, xorijiy mamlakatlar tajribasidan kelib chiqqan holda, Konstitutsiyaviy sud sudyalari soni 9 nafar etib belgilandi. Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish huquqiga ega bo‘lgan sub’ektlar doirasi kengaytirildi.

Avvalgi qonunda Konstitutsiyaviy sudga masala kiritish huquqiga 12 sub’ekt ega bo‘lsa, yangi qonun bilan 15 sub’ektga shunday huquq berildi. Chunonchi, Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish huquqiga ega sub’ektlar qatoriga Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) o‘rinbosari — Bola huquqlari bo‘yicha vakil, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Prezident huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil kiritildi.

Tadbirda O‘zbekistonda konstitutsiyaviy islohotlarning muhim yo‘nalishlari, konstitutsiyaviy odil sudlov, Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlarida konstitutsiyaviy shikoyat instituti amal qilishi, fuqarolar konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini himoya qilishda parlament hamda inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarning Konstitutsiyaviy sud bilan o‘zaro hamkorligiga oid ma’ruzalar tinglandi.

Xalqaro anjuman 26 may kuni ham o‘z ishini davom ettiradi.

Bahor XIDIROVA, “Yangi O‘zbekiston” muxbiri

 

Powered by GSpeech