“Markaziy Osiyo mamlakatlarida konstitusiyaviy shikoyat instituti modellarining rivojlanish tendensiyalari”

O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyaviy sudi va Yevropa Kengashining Huquq orqali demokratiya uchun Yevropa komissiyasi (Venesiya komissiyasi) bilan hamkorlikda Samarqandda ana shu mavzuda xalqaro konferensiya tashkil etildi.

Mazkur anjumanni o‘tkazishdan maqsad - O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli demokratik islohotlar, shu jumladan konstitusiyaviy islohotlar haqida xalqaro hamjamiyatga to‘liq va xolis ma’lumot yetkazish, Konstitusiyada ilk bor belgilangan konstitusiyaviy shikoyat institutini rivojlantirishda xalqaro tajribani o‘rganish, xorijiy mamlakatlar konstitusiyaviy sudlarining amaliyoti bilan tanishish hamda Venesiya komissiyasi va unga a’zo mamlakatlar konstitusiyaviy nazorat organlari bilan hamkorlikni mustahkamlashdan iborat.

Xalqaro konferensiyani O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyaviy sudi raisi Mirzo-Ulug‘bek Abdusalomov, Yevropa Kengashining Huquq orqali demokratiya uchun Yevropa komissiyasi (Venesiya komissiyasi) prezidenti Kler Bazi-Malori, O‘zbekiston Respublikasi Qonunchilik palatasi Spikeri birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy markazi direktori Akmal Saidov, Yevropa Ittifoqining O‘zbekiston Respublikasidagi elchisining hamkorlik bo‘yicha boshqarma boshlig‘i Vim Riyepma kirish so‘zi bilan ochdilar.

Tadbir O‘zbekistonda konstitusiyaviy islohotlarning muhim yo‘nalishlari, konstitusiyaviy odil sudlov, Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlarida konstitusiyaviy shikoyat institutining amal qilishi, fuqarolarning konstitusiyaviy huquq va erkinlarini himoya qilishda parlament hamda inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarning Konstitusiyaviy sud bilan o‘zaro hamkorligiga oid mavzularga bag‘ishlangan.

Ikki kun davom etadigan xalqaro konferensiyada 14 ta ma’ruzalarda muhokamalar bo‘lib o‘tadi. Jumladan, 8 tasi xalqaro ekspertlarning ma’ruzalaridir. Xususan, Venesiya komissiyasi prezidenti va ekspertlari, shuningdek Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston Konstitusiyaviy sudi raislari, Xalqaro hamkorlik bo‘yicha Germaniya jamiyati (GIZ) “Markaziy Osiyoda huquqiy davlatchilikni qo‘llab-quvvatlash” hududiy dasturi eksperti hamda milliy ekspertlar – Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markazi direktori, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman), advokatlar vakillari, Konstitusiyaviy sud huzuridagi Ilmiy-maslahat kengashi a’zolari, Oliy yuridik o‘quv yurtlarining professor o‘qituvchilari hamda jamoat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari vakillarining ma’ruzalarini tinglash, fikr va tajriba almashish rejalashtirilgan. 

Abdulaziz Yo‘ldoshev, “Xalq so‘zi”.

Powered by GSpeech