Markaziy Osiyo mamlakatlarida konstitutsiyaviy shikoyat instituti modellarining rivojlanish tendensiyalari

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi va Yevropa Kengashining Huquq orqali demokratiya uchun Yevropa komissiyasi (Venetsiya komissiyasi) bilan hamkorlikda 2023 yil 25-26 may kunlari Samarqand shahrida «Markaziy Osiyo mamlakatlarida konstitutsiyaviy shikoyat instituti modellarining rivojlanish tendensiyalari» mavzuida xalqaro konferensiya tashkil etildi va unda xalqaro, xorijiy va milliy ekspertlar ishtirok etdi.

Xalqaro konferensiya tashkil etilishidan maqsad - O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli demokratik islohotlar, shu jumladan konstitutsiyaviy islohotlar haqida xalqaro hamjamiyatga to‘liq va xolis ma’lumot yetkazish, Konstitutsiyada ilk bor belgilangan konstitutsiyaviy shikoyat institutini rivojlantirishda xalqaro tajribani o‘rganish, xorijiy mamlakatlar konstitutsiyaviy sudlarining amaliyoti bilan tanishish hamda Venetsiya komissiyasi va unga a’zo mamlakatlar konstitutsiyaviy nazorat organlari bilan hamkorlikni mustahkamlashdan iborat.

Xalqaro konferensiyani O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining raisi Mirzo-Ulug‘bek Abdusalomov, Yevropa Kengashining Huquq orqali demokratiya uchun Yevropa komissiyasi (Venetsiya komissiyasi) Prezidenti Kler Bazi-Malori, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik Akmal Saidov, Yevropa Ittifoqining O‘zbekiston Respublikasidagi elchisining hamkorlik bo‘yicha boshqarmasi boshlig‘i Vim Riyepma kirish so‘zlari bilan ochib berishdi.

Asosiy qismda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, yuridik fanlar doktori, akademik Akmal Saidov “O‘zbekistonda konstitutsiyaviy islohotlarning muhim yo‘nalishi – inson huquqlari va erkinliklarining konstitutsiyaviy kafolatlarini mustahkamlash” mavzuida ma’ruza qildi.

Shuningdek, jarayonda “Fransiyaning konstitutsiyaviy nazorat modeli” mavzuida Fransiya Konstitutsiyaviy Kengashi a’zosi, Fransiya nomidan Venetsiya komissiyasining a’zosi Fransua Sener hamda “Konstitutsiyaviy huquqlarni himoya qilishning samarali mexanizmi: Gruziya tajribasi” mavzuida Venetsiya komissiyasining eksperti, Gruziya Konstitutsiyaviy sudining sobiq raisi George Papuashvili ma’ruzalari eshitildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti shu’ba mudiri, yuridik fanlar doktori, professor Baxodir Ismailov “Konstitutsiyaviy islohotlar jarayonida konstitutsiyaviy nazorat institutini rivojlantirish masalalari” haqida so‘z yuritdi.

Shundan so‘ng “Markaziy Osiyo davlatlarida konstitutsiyaviy shikoyat instituti: amaliyot va muammolar” mavzuida ma’ruzachilar – Qirg‘iz Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining raisi Emil Oskonbayev, Tojikiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining raisi Abdulxafiz Ashurzoda, Qozog‘iston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining sudyasi Yerkin Ongarbayev, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi raisining o‘rinbosari Asqar G‘afurov o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi.

Toshkent davlat yuridik universiteti kafedra mudiri, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi huzuridagi Ilmiy-maslahat kengashi a’zosi, yuridik fanlar doktori, professor Ixtiyor Bekov “Konstitutsiyaviy shikoyat institutining ilmiy-nazariy masalalari”ni ochib berdi.

Xalqaro konferensiyaning ikkinchi kunida GIZ “Markaziy Osiy mamlakatlarida huquqiy davlatchilikni qo‘llab-quvvatlash” mintaqaviy dasturi rahbari (Tojikiston), professor Aleksandru Tenase «Markaziy Osiyo mamlakatlarida huquqiy davlatchilikni rivojlantirish», O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi Ilmiy-maslahat kengashi a’zosi, yuridik fanlari doktori, professor Foziljon Otaxonov «Inson huquqlarini ta’minlashning huquqiy asoslari: parlament va Konstitutsiyaviy sudning o‘zaro hamkorligi», O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Feruza Eshmatova «Fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinlarini himoya qilishda Ombudsman institutining Konstitutsiyaviy sud bilan o‘zaro hamkorligi», Ispaniya Qirolligi Konstitutsiyaviy sudi sudyasi Enrike Arnaldo «Qonunchilikni konstitutsiyaviy nazorat qilishning Ispaniya modeli», Bosniya va Gersegovina Konstitutsiyaviy sudining vitse-prezidenti, Venetsiya komissiyasining kengaytirilgan byurosi a’zosi, Konstitutsiyaviy odil sudlov bo‘yicha kichik komissiya raisi Zlatko Knezevich “Fuqarolarning Bosniya va Gersegovina Konstitutsiyaviy sudiga shikoyat kiritish tartibi” mavzusida maruza qildilar.

Muhokamalar qismi savol-javob va munozaralarga boy bo‘ldi.

Xalqaro konferensiya yakunida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi bilan Tojikiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘risidagi Memorandum imzolandi.

Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi

Powered by GSpeech