Yangi O‘zbekiston – xorijliklar nigohida

O‘zbekiston – Amerika biznes-forumi: ikki davlat o‘rtasidagi ishbilarmonlik aloqalari faollashmoqda

Bugun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasi tadbirlarida ishtirok etish uchun Nyu-York shahriga keldi.

Davlatimiz rahbarining ushbu tashrifi arafasida Vashingtonda O‘zbekiston – Amerika biznes-forumi bo‘lib o‘tdi. Unda ishtirok etgan AQSHning “Silver Leaf” kompaniyasi prezidenti Den Paterson mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy sohadagi hamkorlik xususida fikrlarini bayon etdi.

– O‘zbekiston bilan 2018 yildan buyon iqtisodiy hamkorlikda faoliyat yurityapmiz. Mamlakatingizga qishloq xo‘jaligi yo‘nalishi uchun investitsiya kiritganmiz.

Biznes-forum juda ajoyib, samarali bo‘ldi. Unda ishbilarmonlar, hukumat a’zolari va xususiy sektor vakillari, yirik ishlab chiqaruvchi korxonalar rahbarlari bir nuqtaga yig‘ildi.  

Mazkur tadbir Prezident Shavkat Mirziyoyevning AQSHga tashrifi arafasida o‘tkazilayotgani ahamiyatli.

Forumda o‘zaro investitsion hamkorlik muhitini yaxshilash, ikki davlat tadbirkorlari faoliyatini muvofiqlashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, forum doirasida muhokama etilayotgan masalalar qatoriga logistika sohasidagi bir qator yo‘nalishlarni kengaytirishga urg‘u berildi. Undan tashqari, Energetika vazirligi bilan yangi loyiha ustida ish olib borilyapti. Mazkur sohada ulkan salohiyat mavjudligini inobatga olib, energiyani tejash va muqobil energiya resurslarini qo‘llashga oid faoliyatlarni rivojlantirishga harakat qilinmoqda.

AQSH O‘zbekistonning imkoniyatlarini yuqori baholaydi va hamkorlikni rivojlantirish harakatini qo‘llab-quvvatlaydi. Shu bois, biz yangi loyihalarni ishlab chiqishda davom etamiz, o‘z o‘rnida, ishbilarmon doira vakillari o‘rtasida g‘oyalar almashinuvi bo‘yicha yangicha qarashlarimizni namoyon etishga intilamiz.

O‘zA

Powered by GSpeech