Yangi O‘zbekiston – xorijliklar nigohida

O‘zbekiston Prezidenti tomonidan ilgari surilgan tashabbuslarning amaliy jihatdan hayotga tadbiq etilishi hozirgi murakkab geosiyosiy davrda aniq-ravshan natijalarga olib keladi

 O‘zbekiston Prezidentining BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasidagi nutqi yuzasidan Xitoy Xalq Respublikasidagi yetakchi tahlil tuzilmalarining ekspertlari “Dunyo” axborot agentligiga o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi:

 

Xitoy Xalq Respublikasi TIV vazirligi huzuridagi Xitoy Xalqaro muammolar akademiyasining Yevroosiyo instituti direktori Li Szigo:

- Shavkat Mirziyoyev 2016 yil oxirida davlat rahbari etib saylanganidan so‘ng O‘zbekistonda tub o‘zgarishlar ro‘y berdi.

 O‘zbekiston rahbari BMT Bosh Assambleyasining Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan 78-sessiyasidagi maʼruzasida mamlakatning kelgusi yillarga mo‘ljallangan siyosatiga oid strategik qarashlarini ham bayon etdi. Xususan, Prezident Shavkat Mirziyoyev ichki islohotlarni ilgari surish va milliy boshqaruv tizimini takomillashtirish, iqtisodiyotni global mehnat taqsimotiga integratsiya qilish va JSTga muddatidan oldin aʼzo bo‘lish, yaxshi qo‘shnichilik, hamkorlikni yana-da mustahkamlash masalalariga to‘xtalar ekan, Markaziy Osiyodagi sheriklik, shuningdek, mintaqada ekologik xavfsizlik sohasida xalqaro hamkorlikka alohida urg‘u berdi.

O‘zbekiston rahbari tomonidan ilgari surilgan juda muhim tashabbuslarni alohida qayd etish lozim. Bular Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi tomonidan ilgari surilgan “Ish o‘rinlarini yaratish va ijtimoiy himoya global akseleratori” borasidagi tashabbusi doirasida tajriba almashish uchun 2024 yili BMT shafeligida “Ijtimoiy himoya: barqaror taraqqiyot sari yo‘l” butunjahon konferensiyasini o‘tkazish, BMT huzurida Markaziy Osiyo yoshlarini rivojlantirishga ko‘maklashish bo‘yicha ishchi guruh tashkil etish, ayollarning bunyodkorlik salohiyatini ro‘yobga chiqarish masalalarini muhokama qilish va tajriba almashish uchun kelgusi yili O‘zbekistonda Osiyo xotin-qizlari forumini o‘tkazish, O‘zbekistonda YUNESKO shafeligida Dinlararo muloqot va bag‘rikenglik xalqaro markazini tashkil etish va boshqa takliflardir.

O‘zbekiston rahbari o‘z nutqida ishonch inqirozi tufayli dunyodagi mavjud vaziyatdan xavotirda ekanini ham taʼkidladi. Prezident Shavkat Mirziyoyev hamjihatlik ruhini saqlab qolish va mamlakatlarni umumiy manfaatlar asosida birlashtirishga umid bildirgan holda iqlim o‘zgarishi, qashshoqlikka barham berish va ochlik kabi butun insoniyatga daxldor global masalalarda birdamlik va hamkorlikka chaqirdi.

Xitoy Xalqaro muammolar akademiyasining Yevroosiyo instituti direktori o‘rinbosari Chen Yuszun:

- Prezident Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida nutq so‘zlab, global muammolarga o‘z munosabatini bildirdi, shuningdek, ijtimoiy himoya, xavfsizlik, ekologiya, taʼlim sohalariga doir qator  tashabbuslarni ilgari surdi.

Davlat rahbari bugungi kunda mamlakat aholisining yarmidan ko‘pini tashkil etuvchi yoshlar masalalariga alohida eʼtibor qaratdi. Bu tasodifiy hol emas. So‘nggi yillarda O‘zbekistonda bu borada keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bundan tashqari, bugungi kunda O‘zbekiston yosh avlodni turli ekstremistik va terroristik guruhlar taʼsiriga tushib qolishining oldini olish, shuningdek, yoshlarning ulkan salohiyatini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha mintaqaviy loyihalarni faol ravishda ilgari surmoqda.

Masalan, yaqinda Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining beshinchi maslahat uchrashuvida O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan yoshlar siyosatining umumiy yo‘nalishlari to‘g‘risidagi bitim imzolandi.

Shu munosabat bilan, nafaqat O‘zbekistonda, balki butun Markaziy Osiyoda yoshlarning rivojlanishiga ko‘maklashish mintaqa xalqlarining barqarorligi va farovonligining kaliti hisoblanishini taʼkidlashni istar edim. Bu inson kapitaliga asoslanadi, uning rivojlanish darajasi esa Markaziy Osiyodagi barcha mamlakatlarning kelajagini belgilaydi.

SHHT tadqiqotlari institutining direktori Den Xao:

- So‘nggi yillarda O‘zbekiston tizimli o‘zgarishlar davrini boshidan kechirmoqda, keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirishda katta muvaffaqiyatlarni qo‘lga kiritmoqda.

Dunyoda qashshoqlik darajasini pasaytirish, aholining ijtimoiy-iqtisodiy hayotini yaxshilash, taʼlim tizimini modernizatsiya qilish va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi muvaffaqiyatlar qadrlanadi.

O‘zbekiston rahbarining butun insoniyat uchun xavf-xatar va tahdidlarning misli ko‘rilmagan darajada ko‘payishi bilan bog‘liq zamonaviy global jarayonlarga bergan baholari alohida ahamiyatga ega. Prezident Shavkat Mirziyoyevning geosiyosiy qarama-qarshiliklar butun insoniyat taqdiriga daxldor masalalarda ham muloqotga putur yetkazayotgani haqidagi bayonotiga qo‘shilmaslik aslo mumkin emas.

Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston rahbarining jahon hamjamiyatiga qanday sayyorani kelajak avlodlarga qoldirishimiz haqida o‘ylashga chaqirig‘i muhim ahamiyat kasb etadi. Prezident Shavkat Mirziyoyev taʼkidlaganidek, bugungi kunda o‘zaro ishonch, hamjihatlik va hamkorlik har qachongidan ham zarur.

“Janubiy Xitoydagi Amerika Savdo palatasi” prezidenti, doktor Xarli Seydin:

- Bugungi sharoitda Markaziy Osiyo jadal rivojlanayotgan mintaqalardan biriga aylanmoqda. O‘zbekiston bugungi kunda milliy manfaatlarni faol ilgari surayotgani, mintaqaviy va xalqaro xavfsizlik muammolariga katta eʼtibor qaratgani holda ularning hal etilishi yuzasidan astoydil jonkuyarlik qilayotgani bilan ajralib turadi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida Markaziy Osiyoni tinch va farovon mintaqaga aylantirish bundan buyon ham O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor maqsadi bo‘lib qoladi, degan so‘zlari bu fikrni yaqqol tasdiqlaydi.

Ishonchim komilki, O‘zbekiston Prezidenti tomonidan ilgari surilgan tashabbuslarning amalda hayotga tadbiq etilishi jahon iqtisodiyotining barqaror o‘sishi sekinlashgan hozirgi murakkab geosiyosiy davrda aniq-ravshan ijobiy natijalarga olib keladi.

“Dunyo” AA 

Powered by GSpeech