MA’NAVIY VA MA’RIFIY SOVG‘A

Mutafakkir shoir Abdurahmon Jomiy bundan olti asr muqaddam ta’kidlaganidek, “Kitobdan yaxshiroq do‘st yo‘q jahonda”. Haqiqatdan ham, kitob – insonning eng ishonchli, sadoqatli va oqil do‘sti, tafakkur maxzanini boyituvchi ganj, daholar bilan suhbatlashish imkonini beruvchi ma’naviy ko‘prik.

Kishilarni mutolaaga undash, ularga kitob sovg‘a qilish – ham xayrli, ham savobli amal. Tashkil etilganiga salkam 27 yil to‘lgan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi jamiyatning huquqiy madaniyati va ma’naviy saviyasini yuksaltirish maqsadida ilmiy-ommabop, ma’rifiy hamda huquqiy kitoblar nashr etib, beg‘araz tarqatish bilan muntazam shug‘ullanib keladi.

Ilmiy, huquqiy va badiiy kitoblar, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz muassisligidagi “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali yangi sonlarining to‘plamidan iborat navbatdagi ma’naviy-ma’rifiy sovg‘a poytaxtimizdagi “Chinobod” sanatoriysi kutubxonasiga taqdim etildi.

Sovg‘a qilingan kitoblar mavzu jihatidan rang-barang. Ular orasida akademik Akmal Saidov qalamiga mansub asarlar salmoqli o‘rin egallaydi. “Hazrat Zangi ota”, “Immanuil Kantning falsafiy-huquqiy merosi va zamonaviy yurisprudensiya”, “Dante – yurist”, “Odam savdosi va unga qarshi kurashish: mehnat migratsiyasidagi shaxslar uchun qisqacha amaliy qo‘llanma”, “Mejdunarodnoe sotsial-demokraticheskoe dvijenie: istoriya i sovremennost” kabi kitoblar shular jumlasidandir.

Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining o‘zbek, rus va qoraqalpoq tilidagi nashrlari, Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya va boshqa huquqiy hujjatlar tahlil hamda talqin etilgan kitoblar sovg‘a qilingani ham muhim ahamiyatga ega.

Kutubxonamizga tuhfa etilgan ushbu kitoblardan aksariyatini kitob do‘konlaridan topa olmaymiz, – deydi “Chinobod” sanatoriysi Ma’naviyat va ma’rifat kengashining mas’ul kotibi Abduvahob Tojiyev. – Chunki bu kitoblar, ayniqsa, inson huquqlariga oid nashrlar faqatgina Inson huquqlari bo‘yicha milliy markazda nashrga tayyorlanadi va beg‘araz tarqatiladi. Shuningdek, akademik Akmal Saidovga o‘z kitoblaridan sovg‘a qilganlari uchun alohida minnatdorlik bildiraman. Ushbu kitoblardan hamda “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnalining yangi sonlaridan sanatoriyda o‘tkaziladigan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda, davra suhbatlarida keng foydalanamiz. Sihatgoh xodimlari va mehmonlariga ularni mutolaa qilishni tavsiya etamiz.

Shu kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 31 yilligi hamda Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 75 yilligi munosabati bilan bu kabi muhim huquqiy-siyosiy va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar mamlakatimiz bo‘ylab izchil davom etmoqda.

 

Azizbek RAMAZONOV,

“Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali bosh muharririning o‘rinbosari

Powered by GSpeech