XALQCHIL DAVLAT, BARQAROR TARAQQIYOT ASOSI

Mamlakatimizning barcha hududlarida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuniga bag‘ishlangan bayram tadbirlari qizg‘in ruhda o‘tkazilmoqda. Bayramni munosib kutib olish bo‘yicha tashkiliy-amaliy hamda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni samarali tashkil etishda davlatimiz rahbarining 2023-yil 16-noyabrdagi «O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida»gi farmoyishi dasturilamal bo‘lmoqda.

Mazkur farmoyish bilan tasdiqlangan dasturda tuman va Shahar markazlarida, jumladan, Toshkent shahrining Sayilgoh ko‘chasida «Konstitutsiya ko‘chasi»ni tashkil etish belgilangani alohida diqqatga sazovor. Chunki bunday zamonaviy tadbirlar, bir tomondan, yangi tahrirdagi Asosiy Qonunimizning targ‘ibotida xalqchillikni ta’minlashga xizmat qilsa, ikkinchi tomondan, mamlakatimiz ayni sohada ham dunyoning ilg‘or davlatlari bilan hamqadamligidan dalolat beradi.

Sayyoramizdagi turli mamlakatlar shaharlari me’moriy qiyofasida Konstitutsiya mavzusi alohida o‘rin egallaganini kuzatish mumkin. Akademik Akmal Saidovning «O‘zbekiston Konstitutsiyasi tarixi» kitobida qayd etilganidek, Gretsiya va Chilida, Varshava, Mexiko, Montivideo, Luksemburg, Malaga, shuningdek, Peruning Vankuver shaharlarida Konstitutsiya maydoni bor. Ispaniya, Rossiya, Ukraina, Ruminiya, Polsha mamlakatlarida hamda Buenos-Ayres va Ottava shaharlarida esa Konstitutsiya xiyoboni mavjud.

Qolaversa, Belgiya, Buyuk Britaniya, Chexiya, Fransiya, Ispaniyada, Litva poytaxti – Vilnyus va Qozog‘iston poytaxti – Ostonada ko‘chalar Konstitutsiya nomi bilan atalgan. Bir qancha mamlakatlarda Konstitutsiyaga bag‘ishlab muhtasham me’moriy obidalar, ulug‘vor monumentlar tiklangan.

Shu ma’noda, bayram munosabati bilan yurtimizning turli tuman va shahar markazlarida tashkil etiladigan «Konstitutsiya ko‘chasi»da aholiga turli sayyor xizmatlar ko‘rsatish, bepul huquqiy yordam va maslahat berish, ko‘ngilochar va sovrinli tadbirlar tashkil qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bosh Qomusimiz aholining barcha qatlamlariga yetib borishini ta’minlash maqsadida yangi tahrirdagi Konstitutsiya kitobi bir necha tillarda, hatto Brayl  alifbosida ham chop etilgani g‘oyat ahamiyatlidir.

Bu haqda so‘z borganda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 7-fevraldagi qarori ijrosi doirasida Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida «Konstitutsiya va inson huquqlariga oid adabiyotlar burchagi» tashkil etilganini alohida ta’kidlash lozim. O‘tgan qisqa davrda xuddi shunday huquqiy ma’rifat maydonchalari Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlar Axborot-kutubxona markazlarida ham ochilib, ularga tegishli ilmiy-huquqiy adabiyotlar beg‘araz taqdim etildi. Ishonchimiz komilki, bayram doirasida joylarda «Konstitutsiya — xalqchil davlat, barqaror taraqqiyot va farovon hayot asosi!» degan bosh g‘oyani o‘zida mujassam etadigan ma’rifiy tadbirlarni o‘tkazishda ana shu kitoblar ham muhim amaliy ahamiyat kasb etadi.

Muxtasar aytganda, 2023-yil 30-aprel kuni bo‘lib o‘tgan umumxalq referendumida yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini xalqimiz o‘zining yuksak siyosiy ongi, huquqiy madaniyati va dunyoqarashini namoyon etgan holda qabul qildi. Shunday ekan, yangilangan Asosiy Qonunimiz davlatchilik, ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va sud-huquq sohalarini bundan keyin ham barqaror rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratganini har qaysi zamondoshimiz bevosita bilmog‘i farz va qarzdir.

 

Otabek FOZILOV,

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazi bo‘lim boshlig‘i.

«Postda-Na postu» gazetasining 2023 yil 7 dekabr kungi 49 (4639)-son

Powered by GSpeech