Ijtimoiy fikr: fuqarolar Konstitutsiyada kafolatlangan huquq va erkinliklaridan yaxshi xabardor

Mamlakatimiz Konstitutsiyasi qabul qilinganining 31 yilligi bayrami arafasida “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi tomonidan “Inson huquq va erkinliklari: baholar, fikrlar va munosabatlar” mavzusida sotsiologik tadqiqot o‘tkazildi.

Unda sud-huquq islohotlarining asosiy maqsad va yo‘nalishlari, inson huquqlari to‘g‘risida fuqarolarning xabardorlik darajasi aniqlandi, shuningdek, aholining huquqiy muhofaza darajasi haqidagi fikr va tasavvurlari hamda mamlakatimiz Asosiy qonuniga munosabati o‘rganildi.  

Tadqiqot davomida fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida mustahkamlab qo‘yilgan huquq va erkinliklardan xabardorligi aniqlandi.  

Jamoatchilik fikrida mamlakatimizning har bir fuqarosi bilim olish huquqiga ega ekanligi, davlat tomonidan bepul umumiy o‘rta va boshlang‘ich kasb-hunar ta’limi kafolatlanishi haqidagi tushunchadan xabardorlik ustun turadi. Aytish joizki, erkaklar ham, ayollar ham bepul umumiy o‘rta va boshlang‘ich kasb-hunar ta’limi olish huquqiga ega ekanliklarini birdek yaxshi biladi.  

Fuqarolarning aksariyati Konstitutsiyaga ko‘ra, istalgan dinga e’tiqod qilish yoki e’tiqod qilmaslik huquqiga ega ekanligini, shuningdek, mamlakatimizda diniy qarashlarni majburan singdirishga yo‘l qo‘yilmasligini yuqori darajada anglashi bilan ajralib turadi.  

Asosiy qonunga ko‘ra, har bir inson sog‘lig‘ini saqlash va malakali tibbiy yordam olish huquqiga, fuqarolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda davlat hisobidan bepul tibbiy yordam olish huquqiga ega ekanligi shaharlarda ham, qishloqlarda ham aholining ko‘pchiligiga to‘liq va yaxshi ma’lum.  

So‘rov natijalari shuni ko‘rsatdiki, erkaklar ham, ayollar ham ushbu huquqdan bir xil darajada yaxshi xabardor.  

Fuqarolar o‘zlarining fikrlash, so‘z va e’tiqod erkinligi, shaxsiy ma’lumotlarini himoya qilish, respublika hududida erkin harakatlanish, O‘zbekiston Respublikasi hududiga kirish va undan chiqish huquqiga, mulk huquqi, shuningdek, munosib mehnat qilish, ishni erkin tanlash, adolatli mehnat sharoitlari va ishsizlikdan himoyalanish huquqiga ega ekanligini ham yaxshi biladi.  

Fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklardan xabardorligi tahlili shuni ko‘rsatdiki, o‘zbekistonlik fuqarolarning ular haqidagi bilimi yuqori darajada. So‘rov ishtirokchilari O‘zbekiston Konstitutsiyasida kafolatlangan iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarini yaxshi biladi.    

Turli yoshdagi guruhlarning turli huquqlardan yaxshi xabardorligi mantiqiy natija hisoblanadi. Chunonchi, yoshlar uchun ta’lim olish huquqi muhimroq va ularning ta’lim sohasidagi huquqlardan xabardorligi yuqori. Eng keksa yoshdagi odamlar uchun bepul tibbiy yordam juda muhim. Shuning uchun ularning ushbu huquqiy sohadagi xabardorlik darajasi boshqa yosh toifalari vakillarinikidan yuqori.  

O‘rta va katta yoshdagi fuqarolar uchun xususiy mulk huquqining ahamiyati oshmoqda va bu holat ushbu sohadagi xabardorlik darajasining yuqoriligida namoyon bo‘ladi.  

Katta yoshdagilar uy-joy daxlsizligi bilan bog‘liq huquqlardan xabardorligi bilan ajralib turadi, yoshlar esa bundan yetarli darajada xabardor emas.  

Yashash huquqi, erkinlik va shaxsiy daxlsizlik, sha’n va qadr-qimmatga tajovuzdan, shaxsiy hayotga aralashishdan himoyalanish kabi huquqlardan barcha yosh toifasi vakillari birdek xabardor ekani, ayniqsa, e’tiborga molik.  

Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish qonun ustuvorligini ta’minlash va qonun ustuvorligini mustahkamlashning muhim shartlaridan biri hisoblanadi.  

Tadqiqot davomida “Sizning nazaringizda, keyingi bir necha yil ichida huquqiy savodxonligingiz va huquqiy madaniyatingiz darajasi oshdimi, yomonlashdimi yoki o‘zgarmadimi?” degan savolga berilgan javoblarda fuqarolarning aksariyati – 79,3 foizi yaxshilanishni qayd etgan.  

Bu esa, jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish, inson huquq va erkinliklariga hurmat munosabatini shakllantirish, aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirish, fuqarolarning jamiyatdagi huquqiy savodxonligi darajasini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ma’rifiy tadbirlar samaradorligini ko‘rsatadi.  

Respondentlarning yarmidan ko‘pi o‘zlarini huquq sohasidagi yangi bilimlarga muhtoj, deb hisoblaydi hamda fuqarolik va boshqa huquqlar haqida xabardorlikni oshirishga intiladi.  

O‘tkazilgan tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, bugungi kunda aholining siyosiy-huquqiy ongi rivojlangan, huquqiy madaniyati yuqori bo‘lgan fuqarolar ustuvor bo‘lgan jamiyatning rivojlanish va shakllanish jarayoni fuqarolik jamiyati va huquqiy, demokratik davlatni rivojlantirish bilan parallel ravishda amalga oshirilmoqda.  

Demak, aholi huquqiy madaniyati darajasining ortib borishi fuqarolik jamiyati institutlarining rivojlanishiga, siyosiy faollikning o‘sishiga va demokratiyaning mustahkamlanishiga xizmat qilmoqda, deb aytish mumkin.  

So‘rov ishtirokchilari aholi bilan ishlash, fuqarolarda qonunga hurmat va fuqarolik mas’uliyatini rivojlantirish zarurligini ta’kidlagan. Respondentlarning fikricha, odil sudlov tizimi fuqarolar ishonchidan foydalanishi muhim, buning uchun u ochiq va shaffof bo‘lishi kerak.  

Fuqarolarning fuqarolik jamiyati faoliyatidagi ishtiroki jamiyat huquqiy madaniyatining bir qismi hisoblanadi. Respondentlarning fikricha, fuqarolar va nodavlat notijorat tashkilotlarini qonun ijodkorligi faoliyatiga, shuningdek, odil sudlov sohasida jamoatchilik nazoratini amalga oshirishga jalb etish zarur.  

So‘rov ishtirokchilari, shuningdek, mamlakatimiz iqtisodiyotini modernizatsiya qilish, tadbirkorlikni yanada rivojlantirish, aholini ijtimoiy himoya qilishni yaxshilash, shubhasiz, mamlakatda qonun ustuvorligini mustahkamlashga xizmat qiladi, deb hisoblaydi.  

Respondentlarning fikricha, ommaviy axborot vositalarida yangi qonunlarning qabul qilinishi va mazmun-mohiyati hamda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning ahamiyati haqidagi tezkor axborot-tahliliy materiallar, ijtimoiy reklamalar tayyorlashni ko‘paytirish zarur.  

Umuman olganda, jamoatchilik fikri so‘rovi natijalari shuni ko‘rsatdiki, amalga oshirilayotgan islohotlar sud-huquq sohasini demokratlashtirish, fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda sud hokimiyatining roli va ahamiyatini oshirishga xizmat qilayotganini ko‘rsatdi.  

O‘zbekiston fuqarolarining aksariyati sud-huquq tizimini isloh qilishning mazmun-mohiyatidan xabardor. Fuqarolarning fikricha, sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar asosi ijtimoiy adolat, inson huquqlarini himoya qilish va mustahkamlash hisoblangan huquqiy demokratik davlat, kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etishga qaratilgan.  

N.Abduraimova, O‘zA

Powered by GSpeech