O'zbekiston Konstitutsiyasi va BRM Xitoy OAV diqqat markazida

PEKIN, 8-dekabr. /"Dunyo" AA/. "Xitoy" jurnali sahifalarida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining birinchi o'rinbosari Akmal Saidovning "O'zbekiston Konstitutsiyasi va Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM)" sarlavhali maqolasi e'lon qilindi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Nashrda mamlakatimizda Oliy Majlis tashabbusi bilan Barqaror rivojlanish maqsadlari oyligi o'tkazilayotgani, uning doirasida 20 dan ortiq tadbir – xalqaro konferensiyalar, davra suhbatlari, jamoatchilik muhokamalari tashkil etilgani alohida ta'kidlangan.

Xabar qilinishicha, Toshkentda "BRMga erishishda fuqarolik jamiyati institutlari va imkoniyati cheklangan shaxslar ishtirokini kengaytirish" mavzusida xalqaro konferensiya bo'lib o'tdi. Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi senatorlari va deputatlari, fuqarolik jamiyati institutlarining 250 dan ortiq vakillari hamda xorijiy ekspertlar ishtirok etdi.

Muallif 2030 yilgacha O'zbekistonni Barqaror rivojlantirish bo'yicha o'n oltita Milliy maqsadni amalga oshirishda fuqarolik institutlarining ishtirokini kengaytirish masalalarini ko'rib chiqish, shuningdek, BMT Bosh Assambleyasining "Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda fuqarolar va fuqarolik jamiyati ishtirokini kengaytirish to'g'risida"gi rezolyutsiyasi loyihasini muhokama qilishga asosiy e'tibor qaratilganini ta'kidlaydi.

Nashrda forumda O'zbekiston Konstitutsiyasining yangi tahririda BRMning asosiy qoidalari o'z ifodasini topgani va ularga erishish uchun konstitutsiyaviy-huquqiy asos yaratilgani alohida ta'kidlanadi.

"Forumda ishtirokchilar O'zbekiston Konstitutsiyasining yangi tahriridagi BRM to'liq hayotga tatbiq etilayotganini aniq misollar orqali ko'rsatdilar, - deydi muallif. - Xususan, Konstitutsiyada inson va tabiatning uyg'un ittifoqini ta'minlash, iqlim o'zgarishiga qarshi kurashish va tabiiy muhitni muhofaza qilish sohasidagi normalar mustahkamlangan".

"Xitoy" jurnali 2005-yilda tashkil etilgan bo'lib, u rus tilida nashr etiladi. Jurnalning oylik tiraji 150 ming nusxadan iborat.

Powered by GSpeech