Yangi O‘zbekistonda fuqarolik jamiyati va inson huquqlari mavzusidagi dissertatsiya muhokamasi bo‘ldi

8 fevral kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi huzuridagi Ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengashning majlisi o‘tkazildi. U mustaqil tadqiqotchi Adham Shadmanovning “Yangi O‘zbekistonda fuqarolik jamiyati institutlarining inson qadri va huquqlarini himoya qilish bo‘yicha faoliyati” mavzusidagi dissertatsiyaci himoyasiga bag‘ishlandi.

Majlis Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining majlislar zalida oflayn, shuningdek, ZOOM platformasi orqali onlayn tarzda tashkil etildi. Muhokamalarda mamlakat miqyosidagi mashhur olimlar va yetakchi ilmiy xodimlar, taniqli huquqshunoslar hamda fuqarolik jamiyati faollari ishtirok etdi.

Dissertatsiyaning asosiy mazmuni Yangi O‘zbekiston sharoitida fuqarolik jamiyatining rivojlanishi va inson huquqlarining muhofazasi bilan bog‘liq masalalarni o‘zida qamragan. Ilmiy ish natijalari yurtimizda va xalqaro maydonda fuqarolik jamiyatining taraqqiyoti va inson huquqlari muhofazasi sohasida muhim ahamiyatga ega bo‘lishi kutilmoqda.

Majlisda fuqarolik jamiyatining rivojlanishi, inson huquqlarining ta’minlanishi va himoyasi, shuningdek, davlat va jamiyat o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik mexanizmlarini takomillashtirish istiqbollari haqida ham so‘z bordi. Muhokamalar yakunida A.Shadmanovning dissertatsiyasi himoya qilindi va ilmiy izlanishlari ijobiy baholandi.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi O‘zbekistonda inson huquqlari sohasidagi ilmiy tadqiqot ishlarini faollashtirish va bu sohada izlanish olib borayotgan tadqiqotchilarga doimiy ko‘mak ko‘rsatishga tayyorligi qayd etildi. Ushbu ilmiy muhokama yuqori saviyada tashkil etilishida ko‘rsatgan yordami va faol ishtiroki uchun barcha mutaxassislarga minnatdorchilik bildirildi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech