Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi asosida qabul qilingan “O‘zbekiston–2030” strategiyasi BMTning “2030 - yilgi kun tartibi”ga to‘la mos keladi. Ayni chog‘da ushbu istiqbolli strategiyamiz Barqaror rivojlanish bo‘yicha O‘zbekiston milliy maqsad va vazifalarining barchasini to‘liq qamrab oladi.
Ushbu Strategiyadagi 100 ta ustuvor maqsad zamirida xalqimizning:
- Yangi O‘zbekistonni barpo etish;
- har bir fuqaroning o‘z salohiyatini rivojlantirishi uchun imkoniyatlar yaratish;
- sog‘lom, bilimli va ma’naviy yetuk avlodni voyaga yetkazish;
- jahon ishlab chiqarishining muhim bo‘g‘ini bo‘lgan, adolat va qonun ustuvorligini, xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlayotgan qudratli iqtisodiyotni shakllantirish;
- har bir fuqaroning o‘z salohiyatini yuksaltirishga bo‘lgan intilishlari mujassamdir.
O‘z navbatida, keng jamoatchilik muhokamasiga chiqarilgan “O‘zbekiston–2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni loyihasi ana shu ko‘lamdor islohotlarni 2024 - yilda samarali amalga oshirishga qaratilgan.
Loyihada xalqimizning kundalik hayotida ijobiy o‘zgarishlarga erishish bo‘yicha tizimli harakatlarni izchil davom ettirish, “yashil iqtisodiyot” tamoyillariga asoslangan yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlarini ta’minlash masalasi o‘z aksini topgan. Shuningdek, unda ekologik holatni yaxshilash, suv va boshqa tabiiy resurslardan unumli foydalanish standartlarini keng joriy qilish hamda xalq manfaatlariga yo‘naltirilgan boshqaruvni yanada takomillashtirish istiqbollariga oid dolzarb vazifalar ko‘zda tutilmoqda.
Joriy yil 1 - fevral kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida “O‘zbekiston–2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni loyihasi yuzasidan jamoatchilik muhokamasi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda ayni loyiha mamlakatimiz keng jamoatchiligi ishtirokida qizg‘in muhokama qilinayotgani ta’kidlandi.
Farmon loyihasi yuzasidan bir qator amaliy taklif va mulohazalar bildirildi. Milliy markaz xodimlari va ilmiy tadqiqotchilari takliflarini umumlashtirish tavsiya etildi.
Ayni chog‘da Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portali (regulation.gov.uz) va “Taraqqiyot strategiyasi” markazining maxsus onlayn portalida bu boradagi fikr-mulohazalarni faol bildirib borish muhimligiga e’tibor qaratildi. Binobarin bu demokratik jarayon inson qadriyati, uning qadr-qimmati, huquq va erkinliklari g‘oyalariga asoslangan hamda "inson – jamiyat – davlat" degan yangi rivojlanish paradigmasiga tayanadi.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, 2024 - yilga mo‘ljallangan Davlat dasturi loyihasining atroflicha muhokamasi Milliy markaz tomonidan nafaqat mamlakatimiz ko‘lamida, balki xalqaro darajada ham izchil olib borildi.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining Qatarga amaliy tashrifi doirasida ushbu mamlakatda yashayotgan vatandoshlarimiz bilan 6 - fevral kuni bo‘lib o‘tgan uchrashuvi bunga yaqqol misoldir. Mazkur muloqot asnosida Yangi O‘zbekistonda inson qadrini joyiga qo‘yish borasida amalga oshirilayotgan ijtimoiy-siyosiy, huquqiy-ma’rifiy va madaniy-gumanitar islohotlarning mazmun-mohiyati hamda ahamiyati haqida fikr yuritildi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 23-moddasiga ko‘ra, “O‘zbekiston Respublikasi o‘z hududida ham, uning tashqarisida ham o‘z fuqarolarini himoya qilish va ularga homiylik ko‘rsatishni kafolatlaydi. O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi O‘zbekistondan tashqariga majburiy chiqarib yuborilishi yoki boshqa davlatga berib yuborilishi mumkin emas. Davlat xorijda yashayotgan vatandoshlar bilan aloqalarni saqlab qolish hamda rivojlantirish to‘g‘risida xalqaro huquq normalariga muvofiq g‘amxo‘rlik qiladi”.
Ushbu konstitutsiyaviy normalar Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Hech kim hech qachon unutmasligi kerak: qanchalik qiyin bo‘lmasin, qancha mablag‘ va imkoniyat talab etilmasin, O‘zbekistonning bironta fuqarosi o‘z holiga tashlab qo‘yilmaydi”, degan haqqoniy fikrlari bilan uyg‘un va hamohangdir. Binobarin, keyingi sakkiz yil davomida ayni haqiqat tom ma’noda amalda o‘z tasdig‘ini topmoqda.
Bu haqda so‘z borganda, xususan, Prezidentimizning 2023 - yil 11 - sentyabrdagi Farmoni bilan tasdiqlangan «O‘zbekiston–2030» strategiyasini alohida ta’kidlash lozim. Ushbu dasturilamal hujjatning 94-maqsadi aynan “Xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ular bilan doimiy muloqot tizimini joriy etish” deb nomlangan bo‘lib, unda bir qator ustuvor vazifalar belgilab berilgan.
«O‘zbekiston–2030» strategiyasini 2024 - yil – «Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili»da amalga oshirishga oid Davlat dasturi loyihasida xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarni rag‘batlantirish bilan bog‘liq muayyan dolzarb vazifalar ham ko‘zda tutilgan. Bu o‘rinda, jumladan:
- “O‘zbekistonlik vatandoshlar butunjahon qurultoyi”ni tashkil etish va uni yuqori saviyada o‘tkazish;
- “Vatandoshlar” jamoat fondi huzurida xorijda murakkab hayotiy vaziyatga tushib qolgan vatandoshlarga masofadan turib kun-tun xizmat ko‘rsatuvchi onlayn elektron portalni ishga tushirish;
- xorijdagi vatandoshlar orasida “Birlashamiz” umumiy chorlovi ostidagi madaniy-ma’rifiy tadbirlarni tashkil etish kabi ezgu maqsadlar haqida so‘z bormoqda.
Tadbirda so‘zga chiqqan vatandoshlar davlatimiz rahbariyati xorijdagi o‘zbekistonliklarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlayotganini e’tirof etdilar. O‘zlariga ko‘rsatilayotgan bunday g‘amxo‘rlik uchun minnatdorlik izhor qildilar.
Muloqot asnosida «O‘zbekiston–2030» strategiyasini 2024 - yilda amalga oshirishga oid Davlat dasturi loyihasi qo‘llab-quvvatlandi. Qatar davlatida yashayotgan vatandoshlarimiz loyiha yuzasidan o‘z taklif va mulohazalarini bildirdilar.
Muxtasar aytganda, 2024 - yilga mo‘ljallangan Davlat dasturi loyihasining milliy va xorijiy va xalqaro ko‘lamlardagi atroflicha muhokamalari asnosida bildirilgan barcha takliflar tegishli tartibda taqdim etilayotgani va hisobga olinayotgani juda muhim. Binobarin, bu hayotiy taklif, tavsiya va fikr-mulohazalar kelgusida Barqaror rivojlanish maqsadlari va milliy taraqqiyot yo‘lidagi ulug‘vor orzu-niyatlarimiz ijobatiga xizmat qiladi.
G‘ulom MIRZO
- Qo'shildi: 16.02.2024
- Ko'rishlar: 3686
- Chop etish