Nogironligi bo‘lgan shaxslarga «to‘siqsiz muhit» tamoyili asosida xizmat ko‘rsatish zarur

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan, BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy bo‘limi ishtirokida, Transport vazirligi, «Toshshahartransxizmat» aksiyadorlik jamiyati bilan hamkorlikda axborot sessiyasi tashkil qildi.

Unda nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamoat transportidan foydalanishga oid huquqlari va ehtiyojlarini ta’minlash haqida so‘z yuritildi. Haydovchilar hamda chipta sotuvchilarning bu boradagi bilim va ko‘nikmalarini oshirishga e’tibor qaratildi. 

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov, BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy bo‘limi maslahatchisi Pavlo Byalik nogironligi bo‘lgan shaxslarning erkin harakatlanishi va ijtimoiy xizmatlardan to‘liq foydalanishini qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotida to‘laqonli ishtirok etishi uchun amaliy ko‘mak ko‘rsatish zarurligini ta’kidladi. 

O‘zbekiston 2021-yilda BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasini ratifikatsiya qilgan. Mamlakatimizda nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini ta’minlash sohasidagi xalqaro majburiyatlarni bajarish, shu jumladan, «to‘siqsiz muhit» tamoyilini joriy qilish orqali bu sohada amal qilayotgan tizimni takomillashtirish bo‘yicha izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. 

Tadbirda nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamoat transportidan foydalanishini osonlashtirish uchun ularni panduslar, liftlar va boshqa moslashtirilgan texnologiyalar bilan ta’minlash masalalariga e’tibor qaratildi. Nogironlar aravachasidagi insonlarga jamoat transportiga to‘siqsiz, mustaqil kirib-chiqish uchun yanada qulay imkoniyatlar yaratishning zamonaviy innovatsion tizimlari ko‘rib chiqildi. 

Ekspertlar bu borada qulaylik yaratishga oid xalqaro andozalar va ularni milliy sharoitlarga moslashtirish haqida fikr bildirdi. Nogironligi bo‘lgan shaxslar jamoat transporti infratuzilmasi imkoniyatlaridan foydalanishiga oid turli mamlakatlarning ibratli amaliyoti va bir qator ilg‘or tajribalar haqida so‘z yuritildi. 

Muloqot asnosida, shuningdek, transport tarmoqlari va transport vositalarini loyihalash bosqichidan boshlab to‘siqsiz maydonni yaratish lozimligi qayd etildi. Mutaxassislarning fikricha, bundan buyon barcha yangi loyihalarni pandus, keng eshik va maxsus lift kabi qulay yechimlarni ko‘zda tutgan holda tayyorlash juda muhim. 

Bundan tashqari, nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamoat joylarida mustaqil harakatlanishini osonlashtiradigan zamonaviy texnologiyalarni keng qo‘llash zarurligi ta’kidlandi. Bu o‘rinda, jumladan, bugungi jamoat transportida mavjud ovozli ogohlantirish va taktik axborotga ega elektron axborot tizimlaridan foydalanish maqsadga muvofiq. 

Bu sohadagi ishlarni yaxshilashda qonunchilik hujjatlarining o‘rni va ahamiyati katta. Shuning uchun tegishli davlat organlari sohaga oid norma va standartlarni ishlab chiqish hamda ularga amal qilish jarayonlarini qat’iy nazoratga olishi kerak. 

Ishtirokchilar nogironligi bo‘lgan shaxslarga hurmat bilan muomalada bo‘ladigan, ularning ehtiyojlarini hisobga olgan holda yordam beradigan va malakali xizmat ko‘rsatadigan xodimlarni o‘qitishga qaratilgan tashabbuslarni har doim qo‘llab-quvvatlash zarurligini bildirdi. 

Bunday o‘quvlar sirasiga, jumladan, transport vositalariga chiqish-tushish paytida, shuningdek, maxsus ko‘mak talab qilinadigan holatlarda nogironligi bo‘lgan shaxslarni kamsitmaslik va ularga astoydil yordam berishni o‘rgatish bo‘yicha muntazam treninglar ham kiritilishi lozim. 

Muhokamalar yakunida ushbu maqsadlarga erishish uchun barcha manfaatdor tomonlar – davlat idoralari, xususiy sektor va nodavlat notijorat tashkilotlarining o‘zaro hamkorligi zarur, degan yakdil xulosaga kelindi. Zero, to‘siqsiz muhit yaratishda xalqaro va tarmoqlararo hamkorlikning o‘rni beqiyosdir. 

N.Abduraimova, O‘zA

Powered by GSpeech