Inson huquqlari – oliy qadriyat

17-aprel kuni Toshkent viloyati Ohangaron shahrida joylashgan 9-maxsus harbiy maktabda shu mavzuda huquqiy axborot darsi o‘tkazildi. Unda Inson  huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi xodimlari F.Hayitboyev, D.Rahmatjonova va Milliy markaz tayanch doktoranti X.Abdurasulov ishtirok etdi.

Muloqot asnosida inson huquqlarining universalligi va ajralmasligi haqidagi bilimlarni chuqurlashtirishga alohida urg‘u berildi. Shuningdek, maktab o‘quvchilari o‘rtasida inson huquqlarini himoya qilish imkoniyatlarini kengaytirishga e’tibor qaratildi.

O‘quvchilarga Milliy markazning tashkil etilishi, asosiy faoliyat yo‘nalishlari, milliy ma’ruzalarni tayyorlash mexanizmlari bilan bog‘liq ma’lumotlar yetkazildi. Xorijiy ekspertlarning inson huquqlarini ta’minlashga doir tavsiyalari bilan ishlash, inson huquqlarini himoya qilish borasida tegishli tashkilotlar bilan hamkorlik aloqalari xususida atroflicha axborot ham taqdim etildi.

Shuningdek, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining tarixiy ahamiyati ta’kidlandi. Deklaratsiya matnida ilk bor barcha insonlar ega bo‘lgan huquqlarning global ta’rifi bayon etilganligi, ya’ni ushbu xalqaro hujjat har bir insonning shaxsiy daxlsizligi, mulk, e’tiqod va so‘z erkinligi, fuqarolik, davlat boshqaruvida qatnashish, saylash va saylanish, oila, mehnat va dam olish, ta’lim, tibbiy va ijtimoiy xizmatlardan foydalanish, madaniyat va san’at asarlaridan bahra olish huquqlarini himoya qilishga qaratilganligiga oid ma’lumotlar yoshlarni befarq qoldirmadi.

Tadbir yakunida Inson  huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan maxsus harbiy maktab kutubxonasiga 30 dan ortiq huquqiy va badiiy adabiyotlar beg‘araz taqdim etildi.

Ushbu huquqiy axborot darsida 50 nafar o‘quvchi ishtirok etdi.

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech