Qibrayda qiynoqqa qarshi kurash bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlari yakunlandi

30-aprel – 1-may kunlari O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Toshkent viloyati Qibray tumanida joylashgan 2-son Toshkent akademik litseyida “Qiynoqqa solishga qarshi kurashish: xalqaro amaliyot va milliy tajriba” mavzusida o‘quv kursi o‘tkazildi. Mashg‘ulotlar Birlashgan Millatlar Tashkiloti Qiynoqlarga qarshi konvensiyasi qabul qilinganining 40-yilligiga bag‘ishlandi.

O‘quv kursi Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan Bosh prokuratura va Ichki ishlar vazirligi hamkorligida tashkil etildi. Unda Toshkent viloyati prokuraturasidan 10 nafar va ichki ishlar tizimidagi tezkor-qidiruv, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov faoliyatini amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalaridan 50 nafar xodim tinglovchi sifatida ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov va O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev o‘quv kursi ochilishi munosabati bilan ishtirokchilarni qutladi.

O‘quv mashg‘ulotlari Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2023-yil 7-fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturiga asosan o‘tkazilayotgani alohida ta’kidlandi. Bunda, shuningdek, BMTning ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalari tavsiyalariga tayanilmoqda.

Mashg‘ulotlar avvalida BMTga teng huquqli a’zo hisoblanuvchi O‘zbekiston qiynoqlarni muayyan odamlar tomonidan boshqalarga nisbatan qo‘llanadigan eng g‘ayriinsoniy qilmish sifatida har doim qoralab kelishi qayd etildi. Xalqaro huquqqa ko‘ra, qiynoqlar – insoniyatga qarshi jinoyatdir. Bu borada qabul qilingan barcha hujjatlarda qiynoqlar qat’iyan taqiqlanadi hamda qiynoqqa solish holatini oqlashga hech qachon va hech qanday asosda yo‘l qo‘yilmaydi.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda fuqarolar huquqlari va erkinliklari kafolatini yanada kuchaytirishga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Xususan, qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash holatlariga mutlaqo yo‘l qo‘ymaslik maqsadida izchil va keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani buni yaqqol tasdiqlaydi.

Bu o‘rinda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 26-iyunda qabul qilingan “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorini alohida ta’kidlash lozim. Xuddi shu qaror tufayli 26-iyun – Qiynoq qurbonlarini qo‘llab-quvvatlash xalqaro kuni yurtimizda milliy va xalqaro darajadagi tarixiy ahamiyatga molik sana sifatida nishonlanishi yaxshi an’anaga aylandi.

Aslida, tezkor-qidiruv, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov faoliyatini amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalari xodimlari uchun qiynoqqa solishga qarshi kurashish bo‘yicha o‘quv kurslarini tashkil etish borasidagi tashabbus ham dastavval ayni shu qarorda o‘z aksini topgan.

O‘z navbatida, Prezidentimizning 2023-yil 7-fevraldagi qaroriga muvofiq, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergovni amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalari xodimlari uchun qiynoqqa solishga qarshi kurashish bo‘yicha qisqa muddatli o‘quv kurslari doimiy ravishda tashkil etilmoqda. Jumladan, 2023-yili 10 ta viloyatda o‘tkazilgan o‘quv kurslari natijasida ichki ishlar va prokuratura tizimida faoliyat yurituvchi 590 nafar xodim bilim va tajribasini boyitdi.

Bu galgi mashg‘ulotlar qiynoqqa solishning oldini olish bo‘yicha milliy preventiv mexanizmlarni takomillashtirish sohasida tezkor-qidiruv, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov faoliyatini amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalari xodimlarining xalqaro amaliyot va milliy tajriba asosidagi amaliy ko‘nikmalarini oshirishga qaratildi. Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz bo‘lim boshlig‘i Farhod Hayitboyev bu haqda batafsil ma’lumot berdi.

Asosiy mashg‘ulotlar Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi Xorijiy kadrlar bilan ishlash fakulteti boshlig‘i, yuridik fanlar doktori, professor Alimjon Matchanov, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi “Jazoni ijro etish faoliyati” kafedrasi dotsenti Quvonch Qodirov, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi “Xalqaro huquq va inson huquqlarini himoya qilish” kafedrasi o‘qituvchisi Nasiba Norova, Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish institutining “Yuridik fanlari” kafedrasi katta o‘qituvchisi Olimjon Subanov, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz doktoranti Xolmuhammad Abdurasulov tomonidan olib borildi.

Shuningdek, mazkur o‘quv kursining ikkinchi kunidagi mashg‘ulotlarda xalqaro ekspert Azamat Shambilov onlayn ishtirok etdi. U tinglovchilar e’tiboriga “Yangilangan Nelson Mandela qoidalari” mavzusidagi taqdimotini namoyish qildi.

Ikki kunlik qisqa o‘quv kursi davomida 60 nafar tinglovchining nazariy bilimlari amaliy mashg‘ulotlar bilan mustahkamlandi.

Mashg‘ulotlar yakunida test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan tinglovchilarga sertifikatlar tantanali ravishda topshirildi.

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech