Ayollarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik: OAV va media qanday ko‘zgu bo‘lmoqda (ijobiymi yoki salbiy)?

2024-yilning ikkinchi yarmida internet tarmog‘ining milliy segmentida ayollar huquqlari buzilishining 247 ta holati bo‘yicha 5122 ta material tarqatilgan. Ushbu materiallarning umumiy ko‘rishlar soni 76,6 millionni tashkil etgan.

 

Materiallarning aksariyati Telegram (2531) va ijtimoiy tarmoqlarda (2042) e’lon qilingan bo‘lib, jinsiy zo‘ravonlik, oiladagi zo‘ravonlik, huquqlarni cheklash, jabrlanuvchilarni ayblash va hatto o‘z joniga qasd qilish holatlari bilan bog‘liq.

AOKA matbuot kotibi Nigora Karimova Internet tarmoqlarida xotin-qizlarga nisbatan kamsitish, tahqirlash va zo‘ravonlik aks etgan turli kontentlarning "keng aylantirilishi", ushbu muammoning oldini olishga emas, aksincha targ‘ibotiga ko‘proq xizmat qilishini ta’kidlagan

 

Internet ommaviy axborot vositalarida zo‘ravonlikni romantiklashtirish va shov-shuvga aylantirish uning salbiy oqibatlarini jamoatchilik ongidan yashirish imkonini beradi. Ba’zi hollarda jabrlanuvchi emas, balki jinoyatchi oqlanadi, shuningdek jabrlanuvchining o‘zi ham ayblanadi. Bu jabrlanuvchilarni sukut saqlashga, haqorat qilganlarni esa javobgarlikdan qochishga undaydi.

 

Onlayn muhitdagi salbiy kontent real hayotga ham ta’sir qiladi. Qizlar "zaif" va "himoyaga muhtoj" sifatida qabul qilinadi, shu sababli ayollar o‘zlarini qadrsiz his qiladilar, bu esa ularning ijtimoiy faolligiga to‘sqinlik qiladi.

 

Jahon tajribasi shuni ko‘rsatadiki, Germaniya, Hindiston, Fransiya kabi davlatlarda internet OAV orqali zo‘ravonlikni targ‘ib qilishga qarshi qonuniy choralar ko‘rilgan. Bunday kompleks yondashuv O‘zbekistonda ham zarur, deyiladi maqolada.

Nigora Karimova bunday kontentlar ko‘paymasligi hamda vaziyat tobora chigallashmasligi uchun ommaviy axborot vositalari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish va takomillashtirish zaruratini qayd etgan. –Xususan, internet platformalarida tarqatilayotgan zo‘ravonlikni targ‘ib qiluvchi, xotin-qizlarni kamsituvchi va haqorat qiluvchi kontentga nisbatan aniq huquqiy cheklovlar joriy etish zarur, deydi muallif.

 

Ta’kidlanishicha, ommaviy axborot vositalari, blogerlar va kontent yaratuvchilari o‘z mahsulotlari uchun javobgar ekanliklarini tushunishlari kerak. Shuningdek, internet muhitida muntazam monitoring olib borish va zarur hollarda javobgarlik choralarini qo‘llash tizimini yaratish lozim.

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi rasmiy kanali

Powered by GSpeech